Ustozga hurmat ‒ oliy saodat!
Yurtimizda 1 oktabr ‒ O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlash izchil an’anaga aylangan. Shu munosabat bilan, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 243-maktabda faoliyatini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan ustoz va murabbiylar uchun bayram dasturi va rasmlar koʻrgazmasi tashkil etildi.
Koʻrgazmada shu maktabning 5-7 sinf oʻquvchilari oʻzining ustoz va murabbiylar kuniga atab chizilgan devoriy gazetalari bilan ishtirok etishdi. Maktab qizlari tomonidan esa ustozlar uchun bayram dasturxoni yozildi. Boshlangʻich va yuqori sinf oʻquvchilari esa sevimli murabbiylar va ota-onalar uchun bayram tabrigi sifatida tadbir namoyish etishdi.
Tadbirga mana shu maktabda uzoq yillar faoliyat yuritib, bugungi kunda nafaqada boʻlgan yoshi ulugʻ ustozlar hamda ota-onalar tashrif buyurdi. Tadbirni yosh, isteʼdodli xonandalar oʻzining shoʻx kuy-qoʻshiqlari bilan ochib berdi.
Tadbir davomida shu maktabning maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Gulnoza Sapayeva hamkasblariga oʻzining samimiy tilaklarini yoʻlladi: “Oʻzbekiston kelajagi yoshlar qoʻlida ekan, mana shunday isteʼdodli yoshlarni tarbiyalashda, ularga taʼlim berishda charchamang deyman va ishlaringizda zafarlar tilab qolaman”.
Maktabning iqtidorli boshlangʻich sinf oʻquvchilari chiqishlari orqali tarixiy siymolarni sahnada gavdalantirdi.
Yuqori sinf oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan “Kelinlar qoʻzgʻoloni” spektakli ustozlar va tomoshabinlarda katta tassurot qoldirdi.
Maktab direktori Ziroatxon Komilova tomonidan maktabning faol oʻquvchilari farxiy yorliq va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanib, ularning ota-onalariga tashakkurnomalar taqdim etilgani, tadbirga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi.
Tadbir soʻngida ustoz va murabbiylarimiz uchun shoʻx qoʻshiqlar jarang sochdi.
Gulasal RUSTAMOVA,
Sabrina NURMATOVA,
turkona.uz muxbirlari