Xunnlar (kunlar) va yangi yil, turkiylar va Nurdo‘g‘on
Xitoy tarixchilarining fikriga ko‘ra, mo‘g‘ul va turkiy xalqlarning eng peshqadami bo‘lgan xunlar yangi yilni yaxshi bilishgan. Ko‘chmanchilar bu bayramni keng nishonlab, bir-birlariga, sovg‘alar berishgan. Bu 3000-yil oldin boshlangan edi. Ular avvalo, archa daraxtlarini bezatgan va ularning ostiga bolalar uchun sovg‘alar qo‘yganlar. Bu odat Osiyo xalqlariga ham tarqalgan edi. O‘tovga mo‘ri orqali kelgan Burgut ma’budasining tushishi uchun qulay bo‘lsin deb, o‘rtaga archa daraxti qo‘yilgan. Ma’budani tinchlantirish uchun archa daraxtini oziq-ovqat va kumush bilan bezatganlar. Bolalar uchun daraxt ostiga sovg‘alar qo‘yishgan – o‘g‘il bolalar uchun kamon va o‘q, qizlar uchun ip yigiruchi moslamalar joylashtirilgan
Yangi yil chorva-mollarni qishki mavsumga haydab kelib, yopiq joyga qishlovga joylashtirilgadan so‘ng nishonlanar edi va oktabr-noyabr oylariga to‘g‘ri kelgan. Undan so‘ng 25-dekabrda Nurdo‘g‘on bayramini nishonlaganlar. Umuman olganda qadimda ajdodlarimiz falakiyotdagi o‘zgarishlarni kuzatganlar va oy quyosh harakatlanishi qoidalarini yaxshi bilganlar. Tengkunlikni Navro‘z bayrami, yangi yil bayramini, Nurdo‘g‘on esa quyosh tug‘ilishi bayrami sifatida nishonlashgan.
Nurdo‘g‘on ‒ tatarlar va Volga bo‘yidagi yashovchi turkiy xalqlar orasida qishki kunning qadimiy (turk) bayramidir. Uning nomi ham bu bayramning qadimiyligidan dalolat beradi. “Nar”(nur) mo‘g‘ul tilidan “olov, alanga, quyosh”, “dugan” (“tug‘an”) turkiy tildan “tug‘ilgan” ma’nosini bildirgan bo‘lib, ehtimol quyosh va tabiatning uyg‘onish boshlanishini anglatadi.
Nurdo‘g‘on ‒ 25-dekabrdan 7-yanvargacha nishonlanadi. Turkiyzabon xalqlar bu vaqtda qorong‘u kuchlar o‘z kuchlarini yo‘qotib, Nur kuchlariga yo‘l ochib beradi, deb hisoblashgan.
Umuman olganda Ovroʻpa xalqlari ko‘pgina turkiy urflarni o‘zlashtirib olganlar. Masalan, Ayoz boboning ustki kiyimi chakmon va boshidagi bo‘rk, ovrupoliklarning Santa Klausi yoki Ded Moroziga ko‘chirib olingan. Ovrupoda bu kabi kiyimlar kiyilmagan. Qo‘lidagi hassa esa bu Xizr bobo, avliyo bobolarning asosi kabidir. So‘fiy ajdodlarimiz xuddi shunday liboslarda, qo‘llarida uzun asolari bilan yurganlar. Shuning uchun bu atigi qadimgi turkiy saklar, skiflar, sarmatlarning bayrami bo‘lgan. Aksincha bu bayramlarni, qahramonlarni ruslar, slavyanlar o‘zlashtirib, o‘zlarining diniga moslashtirmoqchi bo‘ldilar. Afsus hali ham Iso Masihning tug‘ilgan kuni deb aniq vaqtni ayta olmaydilar. Bir qismi 13-yanvar, bir qismi 7-yanvar yana bir qismi 25-dekabr deydilar. Xullas Nurdoʻg‘on deb atalmish qadimgi turkiy bayram sun’iy ravishda ildizi yo‘q xalqlar uchun ramziy bayramga aylantirilgan.
Hozir esa asrlar aks sadosi, qadim bayramlar unutilib, transfarmatsiya bo‘lib ketgan. Yangi yil biz uchun bir yillik sarhisob, yangi rejalar, go‘yo yangi quyosh tug‘ilishidir. Nurdo‘g‘on tariximizga aloqador urfdir, ammo e’tiqodimizga hech qanday aloqasi yo‘q.
Latofat ABDRIMOVA