QOʻRQIT OTA VA OʻGʻUZLAR HAQIDA YANGI QAYDLAR
Turkiy xalqlar orasida Dada Qoʻrqut, Qoʻrqit ota, Dede Korkut, Gorkut ata, Bobo Qoʻrqit kabi nomlar bilan atalib, shomon, urugʻ oqsoqoli, qabila sardori, homiy (shamol homiysi), donishmand, roviy, baxshi, o‘zon, bahodir, avliyo, tabib, piru komil, qo‘biz asoschisi, musiqachi sifatlari bilan ulugʻlanadigan shaxs (bizningcha tarixiy) haqida koʻpchilik bilishi tabiiy, albatta.
U haqida shunchalar koʻp ilmiy tadqiqotlar olib borilganki, ushbu izlanishlar ustida yana juda uzoq yillar oʻrganishlar olib borish mumkin.
Turkiylarning ikki kitobiy eposidan biri boʻlgan “Kitabi Dadam Qoʻrqud”da asosiy roviy boʻlgan Dada Qoʻrqit bayot urugʻidan boʻlgani, Rasul alayhissalom zamoniga yaqin yashaganligi zikr qilinadi.
Shuni qayd etish joizki, Dada Qoʻrqit haqida olimlarning fikrini ikki toifaga boʻlish mumkin. Birinchi toifa uni tarixiy shaxs deb bilib, oʻgʻuzlarning avliyosi, urugʻ oqsoqoli boʻlgani, uzoq umr koʻrib, ularga rahnamolik qilganini taʼkidlasa, ikkinchi turdagi olimlar Dada Qoʻrqitni ‒ oʻgʻuz xalqlari tomonidan oʻz ideallari singdirilgan, orzu-istaklari aks etgan epik qahramon xolos, deya hisoblashadi.
Maʼlumot oʻrnida keltirish lozimki, bugungi kunga qadar Dada Qoʻrqit ishtirok etgan “Kitabi Dadam Qoʻrqud”ning 13 boʻyi, 3 qoʻlyozma nusxasi aniqlangan. 2018-yili Eronning Turkmansahrosidan topilgan “Solur Qozonning yetti boshli ajdarhoni oʻldirishi”ni ‒ epos nusxasidan koʻra, boʻyi deb atash maqsadga muvofiqdir. Sababi, epos nusxasida unga oid koʻplab boʻylar aks etishi lozim. Turkmansahrodan topilgan nusxada esa birgina boʻy (hikoyat) mavjud.
Shuningdek, Qozogʻiston, Oʻzbekiston hududidan Qoʻrqit otaga oid koʻplab afsonalar yozib olingan-ki, ularning sanogʻi 20 dan oshadi. Qozoq qardoshlardan qogʻozga tushirilgan Qoʻrqit ota kuylarini ham unutmaslik lozim. 20 ga yaqin kuy 1975-yili M.Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti tomonidan tashkil etilgan musiqa-folklor ekspeditsiyasida M.Boydildayev tomonidan nuroniy qoʻbizchi Nishon ‒ Ismoyil Shemenovdan qoʻbiz ijrosida magnitofon tasmasiga muhrlanadi. Hozirda kuylar institutning musiqa boʻlimida saqlanmoqda. Ulardan 12 tasi notaga solingan.
Eʼtiborli jihatlardan yana biri, Qoʻrqit otaga nisbat beriladigan qabrlar soni ham talaygina. Bizning sanogʻimizga koʻra, ular hozircha 4 tani tashkil qilmoqda. Balki, kelgusida ularning soni yanada oshar. Jumladan, Turkiyaning Bayburt shahrida, Ozarbayjonning Darband shahrida, Qozogʻistonning Qiziloʻrda viloyatida, Eronning Turkmansahrosida.
Ilmiy izlanishlarimiz natijasida, Qoʻrqit otaga oid qabr (ramziy qabr ham boʻlishi mumkin. Yuqorida nomlari keltirilgan shaharlardagi qabrlar ham ramziy boʻlishi ehtimoli yoʻq emas, chunki, ular ilmiy-arxeologik tadqiqotga tortilmagan) Oʻzbekiston hududida ham boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.
Baholi qudrat fikr-mulohazalarimizni ilmiy asoslashga, Qoʻrqit ota qabri ikki daryo oraligʻida boʻlishi mumkinligini isbotlashga harakat qilamiz. Eng avvalo, bir ogʻiz oʻgʻuzlar tarixi soʻz yuritgan maʼqul albatta.
Oʻgʻuzlar tarixiga bir nazar…
O‘rta Osiyoning tog‘li, cho‘l va dasht hududlarda istiqomat qilgan qavmlar orasida o‘g‘uz (g‘uz), qarluq, qipchoq, to‘qqizg‘uz, qimoq va boshqa turkiy urug‘lar katta mavqega ega boʻlishgan.
Tarixiy solnomalarda, xususan, arab manbalarida keltirilishicha, IX–X asrlarda Movarounnahr va Xorazmning shimoliy va shimoli-g‘arbiy hududlarida asosan o‘g‘uz qabilalari yashaganlar. Ularning tillari turkiy bo‘lib, o‘z ittifoqlariga bir qator urug‘ va qabila vakillarini birlashtirgan.
O‘g‘uzlar avvalo, Issiqko‘l bo‘ylarida va Somoniylar O‘rta Osiyoda hukmronlik qilgan davrlarda Xorazmning shimoliy va g‘arbiy chegaralarida, shuningdek, Sirdaryoning quyi havzasida yashagan. IX–X asrlarda esa o‘g‘uz qabilalari Orol dengizidan Kaspiyga qadar “O‘g‘uz cho‘li” deb atalgan hududlarda hayot kechirgan.
Al-Marvaziyning yozishicha, g‘uzlar musulmon mamlakatlar bilan aloqa o‘rnatganlaridan so‘ng, ularning ayrimlari islomni qabul qilganlar va ular turkmonlar deb atalganlar. Keyinchalik ular va islom dinini qabul qilmaganlar o‘rtasida urush boshlangan va oxir-oqibat musulmonlar ustunlikka erisha boshlaganlar, dinsizlarni siqib chiqarganlar. Dinsizlar Xorazmni tark etib, bajanaklar yeriga borib joylashganlar. Turkmonlar esa islom mamlakatlari bo‘ylab tarqab ketganlar va ular o‘zlarining ijobiy xususiyatlarini namoyon etib, bu hududlarning juda kattagina qismida hukmdor va sultonlarga aylanganlar (Mamadaliyev, 2018:1).
O‘g‘uzlarning qiniq, afshor (avshor), solur, boyundur, jabni urug‘larining ta’siri kuchli edi. Ularning hammasi ham ko‘chmanchi bo‘lmagan. Kattagina qismi Sirdaryo quyi va o‘rta oqimlaridagi shahar va qishloqlarda o‘troq hayot kechirishgan. Manbalarda o‘g‘uzlar boshqa turkiy urug‘lar bilan Yangikent, Sig‘noq, Jand, Sabron (Savron), Ribotot, Ashnos, Korachuq, O‘zkend, Yassi, Sutkand, Qarnoq kabi shaharlarda yashaganliklari aytiladi.
Mashhur olim va shoir Avfiy o‘zining “Jome’ ul-hikoyat” asarida yozishicha, o‘g‘uzlarning bir qismini g‘uz, bir qismini ayg‘urlar derlar. Ularning bir qismi Xorazm yerlarida yashaydilar. Ularning o‘lkalarida islom bayrog‘i o‘rnatilgach, musulmon bo‘lganlar. Ular islomni joriy etdilar. Keyin bularga kofir askari hujum qildi. Ularni o‘z yerlaridan siqib chiqardilar, ular islom shaharlariga qarab yurdilar. Bularni islom o‘lkalarida turklar deb atadilar (turkon). Islom o‘lkalarida kuch-quvvat va hokimiyatga erishdilar. Chag‘ri tegin hukmdor bo‘lganda isyon ko‘tardilar. Askarlari hukmdor bo‘lib jahonni zabt etdilar”.
Ulugʻ bobomiz Mahmud Koshg‘ariy o‘g‘uzlar haqida noyob maʼlumotlar keltiradi. Unga koʻra, o‘g‘uz turklarning qabilalaridan biri boʻlib, turkmanlar ham ularga mansub. Ular 22 urug‘ga boʻlinadi. Har bir jamoaning hayvon suratidagi alohida tamg‘asi bor. Ular bir-birlarini shu tamg‘alar orqali tanishgan. Demak, qiniqlar, koyig‘lar, boyondurlar, ipolar, solg‘urlar, afshorlar, begtililar, bekduzlar, boyotlar, yozg‘irlar, aymurlar, qorabuluqlar, olqabuluqlar, ig‘dorlar, yudigerlar, tutirqalar, ulayundulug‘lar, tukarlar, bijanaklar, juvoldorlar, jabnilar, jaruqlug‘lar shular jumlasidan.
O‘g‘uz qabilalarining kattagina qismi XII asrda Xuroson va Yaqin Sharqqa qarab ko‘chgan esalar-da, kichik jamoalar avvalgi makonlarida, aniqrogʻi Xorazm atroflari va hozirgi Janubiy Qozog‘iston hududida qolishgan.
Al-Mas’udiyning qayd etishicha, Man qishlag‘ – o‘g‘uz o‘lkasidagi joy nomlaridan biri.
Eʼtiborga molik jihatlardan yana biri o‘g‘uzlar islomga kirganlaridan keyin ot go‘shti tanovul qilishni to‘xtatganlar, bunga sabab hanafiy mazhabi tomonidan ushbu hayvon go‘shti isteʼmoli taqiqlangani edi. “Kitabi Dadam Qoʻrqud” eposi boʻylarida oʻgʻuz bahodirlarining ot goʻshti yeb, qimiz ichishi bilan bogʻliq lavhalarni uchratish mumkin. Bu esa ushbu noyob doston voqealari oʻgʻuzlar hali Xuroson va Yaqin Sharqqa qarab siljishlaridan avval, Xorazmning shimoliy va g‘arbiy mintaqalari, Sirdaryoning quyi havzasida umrguzaronlik qilgan davrlarda shakllanganiga ishora beradi.
O‘g‘uzlarda islomdan avvalgi din odamlari qom (shomon) deb atalgan va aslida shomon so‘zi tunguscha bo‘lib, turkiylarda deyarli qo‘llanilmagan. Ibn Fazlon o‘g‘uzlar Xudoni Tangri deyishlarini xabar bergan. Shuningdek, o‘g‘uzlarda Xudoga nisbatan Boyot va Ug‘an so‘zlari ham qo‘llanilgan. Qomlar ota unvoni bilan atalganlar. Masalan: Qo‘rqut ota, Zangi ota kabi. U zamonlarda otani qang‘ deganlar. XIII asrga kelib esa ota o‘rniga bobo kalimasi ham qo‘llanila boshlaydi. Turkiy qabilalarning shomonlarning ilohiy kuch sohibi bo‘lib, noyob qobiliyatlarga ega ekanliklariga ishonganlar va ularning oldida katta bir qo‘rquv va hurmat hissini tuyganlar. XI asrga kelib o‘g‘uzlarning Qora dengiz bo‘ylariga ko‘chgan kichik bir qismidan boshqa hammalari musulmon edilar. (Mamadaliyev, 2018:1).
Qiziq tomoni turk-oʻgʻuz dostonida Qo‘rqut ota, Qom Boʻra nomlari uchraydi. Bu eposning baʼzi boʻylari islom turkiylar orasiga kirib kelishidan avval yaratilgan boʻlishi mumkinligini anglatadi.
IX asrda Quyi Sayhun (Sirdaryo) bo‘ylarida o‘g‘uzlarning katta davlatlari bo‘lib, qo‘shni davlatlar ularning kuchidan hayiqqanlar. Taʼbir joiz boʻlsa, hisoblashganlar.
O‘g‘uzlarning shimoliy chegaralarida qipchoqlar yashagan. Bajanoqlar esa qipchoqlarga qo‘shni bo‘lgan. Bundan tashqari, qipchoqlarning sharqiy, o‘g‘uzlarning shimoli-sharqiy tomonida kimok(qimoq)lar istiqomat qilgan. Farg‘ona va Shoshning o‘zida, atrof mintaqalarida ham turkiy elatlar yashaganlar. Jumladan, Farg‘ona hamda Shosh chegaralarida qarluqlar va ularga ittifoqdosh bo‘lgan chigil, yag‘mo, xazlaj, arg‘u, tuxsi va boshqa qabilalar shular jumlasidan.
Qoraxoniy Arslonxonning turkiy g‘uzlardan qo‘shini bo‘lib, bu qo‘shin vaqti-vaqti bilan Xurosonga talonchilik yurishlari qilib turishi tarixiy solnomalarda bor.
Turkiy g‘uzlar ikki toifaga boʻlinib, birinchisi achaqlar bo‘lib, amirlari Tug‘i ibn Dodbek edi. Ikkinchi toifa baroqlar deb atalib, amirlari Qarg‘ut ibn Abd al-Hamid edi .
Ibn al-Asirga koʻra, milodiy 383-yili Shihob ad-davla Xorun ibn Sulaymon Iloq (Bug‘roxon at-Turkiy nomi bilan mashhur bo‘lgan) Buxoro hukmdoriga aylanadi. Koshg‘ar va Bolosog‘un ham Xitoyga qadar uning mulki hisoblangan.
O‘g‘uzlar milodiy IX-XII asrlarda ulkan taʼsir kuchiga ega turkiy elatlardan biri boʻlgan. Keyinchalik o‘g‘uzlar siyosiy ittifoqi tarqab ketgan esa-da, etnografik guruhlar tarzida saqlanib qolgan.
O‘g‘uzlar O‘rta Osiyo, Xuroson hududlarida jamoalar tarzida umrguzaronlik qilib, ushbu hududdagi xalqlarning etnik shakllanishida muhim o‘rin tutishgan. Ularning taʼsirini Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Chimkent, qisman Toshkent viloyati o‘zbeklarining etnogenezida borligini alohida urgʻulash, maqsadga muvofiqdir.
Qoʻrqit ota qabri ‒ Oʻzbekistonda!?
Yuqorida Qoʻrqit otaga nisbat beriladigan qabrlar haqida toʻxtalgan edik. Rasman Turkiya va Ozarbayjon hududidagi Qoʻrqit ota maqbaralari qayd etilib, turkiy qavmlar tomonidan ziyorat qilinishini taʼkidlash joiz. Qozogʻiston hududida Qoʻrqit ota qabri boʻlgan deya ishoniladigan mintaqada ramziy qabr va monument qad rostlagan.
Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida oʻgʻuz-turklarning ajdodi hisoblanmish Qoʻrqit ota qabri Oʻzbekistonda ham boʻlishi mumkin degan xulosaga keldik. Buni albatta ilmiy asoslashga harakat qilamiz.
Unga oid dastlabki qaydlar Hazrat Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida uchraydi: “Turk ulusi arosida shuhrati andog‘ ortug‘roqdurki, shuhratqa ehtiyoji bo‘lg‘ay. Mashhur mundoqdurki, necha yil o‘zidin burunqini, necha yil o‘zidan so‘nggi kelurni debdurlar. Ko‘p mav’izaomuz mag‘izliq so‘zlari aroda bor” (Navoiy, 2001, 421-bet).
Keyingi maʼlumotlarni Xiva xoni boʻlgan Abulgʻoziy Bahodirxon (1603-1664) keltiradi. Unga koʻra, “Qayi qora xo‘janing o‘g‘li Qo‘rqut ota salur Ankash xo‘ja va Avashbanxo‘ja boshliq barcha O‘g‘uz eli yig‘ilib, qayi xalqindin Inalyovini, podshoh ko‘tardilar, vaziri Qo‘rqut ota erdi, Qo‘rqut ota har nimarsa tesa Inalyovi aning so‘zindin chiqmas erdi. Qo‘rqut otaning karomatlari ko‘p (43-bet) erdi ikki yuz to‘xson besh yil umr topdi, uch podshohga vazir bo‘ldi… (Абулғозий, 1995, 26-бет)”.
Qo‘rqut ota nomi 14-marta tilga olingan ushbu asarda anglashilyaptiki, Qoraxo‘ja o‘g‘li Qo‘rqud Inal Yavi xonning vaziri bo‘lib, 295 yil umr kechirgan, uch xon davrida vazirlik qilgan, g‘aroyib ishlarni amalga oshirgan. Butun o‘g‘uz eli unga bo‘ysungan, biror farzand tug‘ilsa, albatta, u kelib ism qo‘ygan.
Inal Yavi haqida ishonchli maʼlumot qidirib, uni Oʻgʻuz davlati hukmdorlari orasidan topdik. Umumiy roʻyxat quyidagicha:
- Inal-Yavi (tax. 600-yil).
- Duyli-Qay, oʻgʻli.
- Irki (Irkin), oʻgʻli.
- Tuman, oʻgʻli.
- Qanli-Yavi, oʻgʻli.
- Mur-Yavi, oʻgʻli.
- Qora-xon (?),oʻgʻli.
- Bugʻro-xon (?),oʻgʻli.
- Qoʻzi-tegin, oʻgʻli.
- Arslon, oʻgʻli.
- Usmon, oʻgʻli.
- Isli, oʻgʻli.
- Shaybon (Shibon), oʻgʻli.
- Buran, oʻgʻli.
- Ali-xon, oʻgʻli. (tax. 980-998).
- Shoh-Malik (998-1042)
1042 yil. — Xorazmning egallanishi.
Abulgʻoziy Bahodirxonning qaydlariga ishonilsa, Qo‘rqut ota Inal Yavidan tashqari, Duyli-Qay hamda Irki (Irkin) xonlik qilgan davrlarda ham vazirlik qilgan boʻlib chiqadi. Yaxshi maʼlumki, qudratli Oʻgʻuzlar mamlakatiga moʻgʻullar istilosi barham bergan.
A.Bahodirxon 1630-1640 yillarda Eronning Isfahon (“Shajarayi tarokima”da Isfihon tarzda berilgan) shahrida tutqunlikda saqlanadi. Bu davrlarda u Sharafiddin Ali Yazdiy, Rashid-id-din Hamadoniyning asarlari bilan yaqindan tanishib, Eron va Turon tarixiga oid 18 ta yozma manbalarni koʻzdan kechirgani aytiladi. Shuningdek, unga xalq ichida saqlanib qolgan rivoyatlar ham asqotgan.
Xiva xoni “Shajarayi tarokima”da Salor Qozon haqida ikki qo‘shiq keltirib, ularni “tortim” deya ataydi. Birinchisi, Salor Qozon ta’rifiga bag‘ishlangan bo‘lsa, ikkinchisi Salor Qozon tilidan aytilgan faxriyadir.
Eʼtiborlisi, ushbu ikki parchani, xususan, It Bachna, It Bachna ellari Oʻgurchiq kabi nomlarni “Kitobi Dadam Qo‘rqud” eposi boʻylarida uchratmaysiz. So‘zimiz isboti oʻlaroq, Qoʻrqut otaning Salur Qozonni maqtab aytgan tortimi matnini to‘laligicha keltiramiz:
Қазғурт тоғдин ўнгур тошни
Салур Қазан ўтри боруб,
Қарбаб юғирлатди, тутди
Ит Бачна кўруб ану эси кетди;
Алплар, беклар кўран барму Қазан каби.
Бир қозонға қирқ бир отнинг этин салди:
Ул қозонни сўл элики бирлан олди,
Соғ элики бирлан элга улаштурди,
Алплар, беклар кўран барму Қазан каби.
Кўк осмондин эниб келди, тинли йилан,
Ҳар одамни ютар эрди кўрган замон.
Салур Қазан бошин кесди бермай омон,
Алплар, беклар кўран барму Қазан каби.
Ўттуз, қирқ минг лашкар бирлан
Қазан Ит Бачна элларини келди қириб,
Бориб бир нечаси қутулдилар кўп ёлбориб,
Алплар, беклар кўран барму Қазан каби.
Турк ва туркман, араб, ажам раъиятлар,
Қазан қилди мусулмонға тарбиятлар,
Кофирларни қирди ўшал кўп фурсатлар,
Алплар, беклар кўран барму Қазан каби.
Андин ҳунар кўтардилар барча ули (улуғ),
Баъзиларға ўрин берди сағли, сўлли,
Бизга бўлди қамуғ элинг ўрни дингли,
Алплар, беклар кўран барму Қазан каби.
Сабоҳ сайёҳ Қўрқут ўлар бўлдинг эмди,
Ул Қазаннинг давлатина дуо қилғил,
Билгил, карвон кетди кўп кеч қолдинг йўлға киргил,
Алплар, беклар кўран барму Қазан каби.
“Kitabi Dadam Qoʻrqud” ustida koʻplab tadqiqotlar olib borgan Safarboy Roʻzimboyev xulosalariga koʻra, Salor Qozon haqidagi qahramonlik qoʻshiqlari bir vaqtlari Xorazmda mashhur boʻlgan. Qoʻshiqlarning Kavkaz, xususan, Ozarbayjonga oʻtishida bu qadimiy oʻlka koʻprik boʻlib xizmat qilgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas [15].
Hassos folklorshunos fikricha, “Kitobi dadam Qo‘rqut”ning kitobiy nusxasi Abulgʻoziy davrida Xorazmdagi qissaxonlar va xalfalar repertuarida mavjud boʻlgan. Uning tarkibidagi ayrim qoʻshiqlar alohida holda kuylangan ham. Keyinchalik vohada “Goʻroʻgʻli” turkumi dostonlarining ogʻzaki variantlari keng darajada tarqalgan. “Goʻroʻgʻli” turkumining ustuvorlik qila boshlashi bilan Qoʻrqud ota toʻgʻrisidagi doston unutilib ketgan.
Abulgʻoziyga koʻra, “…Oʻgʻuz birlan Oʻgurchiqning orasinda toʻrt ming toʻrt yuz yil kechib turur… Oʻgʻuzxon bizning paygʻambardin toʻrt ming yil ilgaru oʻtgan turur, Qozon alp bizning paygʻambardin uch yuz yil soʻng erdi, qarigʻan chaqinda Makka borib, hoji boʻlub keldi. Bas Salur Qazan olti orqada Oʻgʻuzxonga nechuk yetar va taqi Salur Qozon qayi Qoʻrqut ota birlan bir zamonda erdi…”. Bundan Qoʻrqit ota Rasululloh yashagan davrdan taxminan 3 asr keyin yashagani, Salur Qazan bilan zamondosh boʻlgan degan xulosalar kelib chiqishi tabiiy, albatta.
Eʼtiborga molik jihatlardan yana biri, bugungi kunda Qozogʻiston Respublikasining Turkiston viloyati hududida Qozigʻurt tumani mavjud. Bu yerda tarqalgan afsonalardan biri “Qozigʻurt va Nuh paygʻambar haqidagi afsona” deb nomlanadi. Unga koʻra, yer yuzi suv toshqini bilan qoplanganda, Nuh paygʻambarning kemasi turli mamlakatlarning muqaddas togʻlariga, qozoqlar esa Qozigʻurt togʻiga langar tashlagan ekan.
Ushbu afsonani eslashimizning boisi esa, aksariyat “Oʻgʻuznoma”lar Nuh alayhissalom tarixidan boshlanadi. Oʻz navbatida esa Oʻgʻuzxon Nuh avlodi davomchisi. Eʼtiborlisi, Qozigʻurt togʻi toponimi oʻzida Qoʻrqit ota, Oʻgʻuzxon, Nuh, Oʻzbekiston, Qozogʻistonni birlashtiradi. Yaxshi maʼlumki, Qozogʻiston Respublikasining Qozigʻurt tumanida azal-azaldan turkiy xalqlar, jumladan, oʻzbeklar istiqomat qilgan.
Atoqli oʻzbek olimlari Toʻra Mirzayev va Mamatqul Joʻrayevlarning qayd etishicha, “IX–X asrlarda esa oʻgʻuz qabilalari Sirdaryo sohillari va Orol dengizi boʻylarida yashaganlar. Xususan, arab manbalarida “oʻgʻuz yabgʻu (xoqon)larining qarorgohi” sifatida tilga olingan Yangikent, shuningdek, Sigʻnoq, Savron singari “oʻgʻuz shaharlari” ana shu hududda joylashgan. Oʻgʻuzlarning afsonaviy homiysi, aql–zakovat va yuksak hayotiy tajriba timsoli boʻlgan Qoʻrqut ota obrazi va u bilan bogʻliq ilk afsonalar ham aynan shu hududda yuzaga kelgan. Qoʻrqut ota haqidagi afsonalar Sirdaryo sohillarida yashovchi oʻzbek va qozoqlar orasida hatto bizning davrimizgacha saqlanib qolganligi hamda uning qabri shu yerda boʻlganligi ham bu fikrni quvvatlaydi” [6].
Ushbu fikrni atoqli olimlarni quyidagi fikri ham qoʻllab-quvvatlaydi: “Kitobi dadam Qoʻrqut” (“Qoʻrqut ota kitobi”) tarkibiga kirgan boʻylarning (dostonlarning) ayrimlari, olimlarning aniqlashicha, VII–VIII asrlarda ogʻzaki ravishda yaratilgan [4]. Uning muayyan qismi oʻgʻuzlar Sirdaryoning quyi oqimlari va Orol koʻli atroflarida yashagan davrlarda IX–X asrlarda yuzaga kelgan. Oʻgʻuzlarning saljuqiylar rahnamoligida gʻarbga siljishi natijasida bu jarayon Kavkaz va Kichik Osiyoda davom etgan. Shuning uchun ham kitobga kiritilgan dostonlarda tasvirlangan voqealar Kavkaz va Kichik Osiyoning qadimgi hududlarida boʻlib oʻtadi. Bir vaqtlar ogʻzaki yaratilgan, har biri mustaqil xususiyatga ega boʻlgan bu dostonlar XV asrning ikkinchi yarmida xalq oʻzonlari (baxshilari) ogʻzidan bizga nomaʼlum shaxs tomonidan yozib olinib, muayyan bir adabiy ishlov berilgan holda bir turkumga birlashtirilgan [5].
Filologiya fanlari doktori Nasiba Sobirovaning nazarida, Abulg‘oziy Bahodirxon yashagan davrda “Kitobi dadam Qo‘rqut” eposi Xorazmda mashhur bo‘lgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Abulg‘oziy o‘z asarida Qo‘rqut otaning Salor Qozon haqidagi qo‘shiqlaridan namunalar keltiradi [10].
Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasining bir necha tumanlariga uyushtirilgan ekspeditsiya bir qancha yangi farazlarni oʻrtaga tashlashimizga turtki boʻldi.
Hozircha Xorazm viloyati tumanlaridan biz izlagan Qoʻrqit ota (Baʼzi xorazmliklar uni Kechirmish ota deb atagan) ga oid manba, qadamjo topilmadi. Lekin aksariyati “Kechirmish ota” ziyoratgohi borligi, u Xorazmning Shovot, Yangibozor yoxud Urganch tumanlarida boʻlishi mumkinligi, bu yerlarda qarovsiz qolgan qadimiy qabrlar borligini taʼkidlashdi.
Yoshi ulugʻ qariyalar yoshligida ota-onasi yoki bobosi ularni “Qoʻrqut ota”, “Qut-qut ota” (baʼzilar uni “Kechirmish ota” deb atashgan ekan) nomli ziyoratgohga olib borishgani, oʻzlaridagi qoʻrquv, hadikdan xalos boʻlishganini yodga olishdi.
Ming afsuski, Xorazm ahli deyarli Qoʻrqit otani unutgan. Oʻgʻuz eposi boʻylari oʻrnini “Oshiqnoma” hamda “Goʻroʻgʻli” turkumi dostonlari egallagan.
Qoʻrqit ota qabri izidan Qoraqalpogʻistonning Ellikqalʼa hamda Beruniy tumanlarida boʻldik. Ellikqalʼa tumani hududida “Kechirmas ota ziyoratgohi va shifo maskani” MCHJ boʻlib, u yerdan avliyo haqida batafsil maʼlumot olishni imkoni boʻlmadi.
Masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari Oʻrinboy Dosimbetovning taʼkidlashicha, bu yerni obod qilish otasining tushida ayon boʻlgan. Bu yer ulugʻ avliyoning qabri boʻlib, aniq kim ekani nomaʼlum.
“Kechirmas bobo” nomli ziyoratgoh Beruniy tumanida joylashgan boʻlib, hozirgi kunda juda abgor holatda. Afsonaga koʻra, Kechirmas bobo qadim zamonlarda bu yerlar choʻl boʻlgan paytlar yashagan avliyoning ismi ekan. Kechirmas bobo agar biror kishi gunoh qilsa, unga har xil kasalliklar yuborgan. Kasallikdan faqat xatolaridan tavba qilib shifo topib boʻlgan. Agar u inson shifo topgandan soʻng ham yana gunoh qilishda davom etsa, u yana kasal boʻlib qolgan va bundan keyin kechirim yoki shifo olmagan. Shuning uchun avliyo Kechirmas bobo nomini olgan ekan.
Beruniy tumanida joylashgan Kechirmas bobo maqbarasi bir necha jihatlari bilan Qoʻrqit otaga oʻxshash ekani ayon boʻldi. Avvalo, ziyoratgoh imomining taʼkidlashicha (ismi-sharifini oshkor qilishni istamadi), Kechirmas bobo paygʻambarimiz davrlariga yaqin yashagan ekan. Bundan tashqari, uni mahalliy aholi avliyo va tabib deb hisoblagan.
Shuningdek, ushbu avliyodan zurriyod qolmagan ekan. Oq toshlar haqidagi afsona ham Kechirmish boboga nisbat berilarmish. Yuqorida ushbu yerlar juda qadimdan oʻgʻuzlar istiqomat qilib, hozirga qadar umrguzaronlik qilayotgan tuproqlar ekanini qayd etgan edik.
Mana shu sanab oʻtilgan mezonlar bizda bu maqbara aslida oʻgʻuz-turklar ardoqlagan, tarixiy shaxs deya hisoblaydigan Qoʻrqit ota maqbarasi boʻlishi mumkin degan fikr uygʻotdi. Albatta, bular hozircha bizning taxminimiz xolos. Kelgusida amalga oshiriladigan chuqur tahlilga tortilgan tadqiqotlar turkiylarning ulugʻ bobokaloni haqida yangi sinoatlarni ochsa ajab emas.
Moʻynoq tumanidagi Qorajar ovul, xalq nazdida “Oqtosh qabr”, “Sirli tosh”, “Elmurod oxun” deya ataladigan ziyoratgohlarga oid rivoyatu afsonalar ham bizga beixtiyor Qoʻrqit otani eslatib yubordi.
Yana shuni alohida eʼtirof etish lozimki, Amudaryo boʻylaridagi hududlardan Qoʻrqit ota hamda eposga oid bir nechta afsonalar yozib olingan boʻlib, ular kitobiy epos boʻylari bilan hamohanglik kasb etadi. Masalan, 1964-yili uyushtirilgan ekspeditsiyada S.Roʻzimboyev Toʻrtkoʻl tumani (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) Shoʻroxon qishlogʻida yashovchi Yoʻldosh Toʻxtaboyevdan “Jon shirin” afsonasini yozib olgan.
“Jon shirin” “Kitabi Dadam Qoʻrqud”ning “Devxoʻja oʻgʻli Dali Domrul” boʻyiga oʻxshasa, “Yakka koʻz” “Bosotning Tepakoʻzni oʻldirishi” voqealariga juda mos keladi.
Eʼtibor berilsa, Xorazm, Qoraqalpogʻiston hududlaridan yozib olingan afsonalar Qoʻrqit ota nomi bilan bogʻlanadi. Bu esa bejis emas, nazarimizda.
Ahamiyatga molik jihatlardan yana biri, “Kitabi Dadam Qoʻrqud” eposida Boyburt va Darband toponimi dushman qalʼasi (qarorgohi) sifatida urgʻulanadi. Misol uchun, eposning 139-betida:
“…Dəmirqapu Dərvəndindən xəbər varmış, Alca atlu Şöklü Məlik qatı pusmiş. “Yatduğı yerdə bəg Bəkili tutuň”, ‒ demiş. “Qarusından ağ əllərin bağlaň”, demiş” deyilsa, epik yodgorlikning 76-betida “Qalın Oğuz bəyləri atlandılar, Bayburd hasarına çaparaq yetdilər. Kafirlər dəxi bunları qarşuladilar” deb qayd etiladi. Anglashilmoqdaki, eposda Temirdarvozali Darband Shoʻqli Malikning mulki hisoblansa, Bayburd qalʼasi kofirlar yeri sifatida qayd etiladi.
Soʻngsoʻz oʻrnida filologiya fanlari nomzodi, taniqli folklorshunos Muhammadali Qoʻshmoqov fikrini keltirmoqchimiz: “Oʻgʻuzlar qadim-qadimdan Sirdaryo boʻylarida yashaganlar, Oʻgʻuzxon, Qoʻrqut ota toʻgʻrisidagi dostonlarni yaratganlar. Tarix taqozosi ila, oʻgʻuzlarning maʼlum qismi keyingi vatanlariga koʻchganlarida, dostonlarini boshqa el, elatlar, qabilalarga ham ilinganlar. Doimo oʻtroq boʻlib qolgan qismi esa Xudo bergan va koʻz ochib koʻrgan vatanlarida hayotini, mehnatini, ijodini davom ettirdi, ‒ etnik jihatdan, ‒ millat sifatida shakllangan turkiy xalqlar tarkibiga kirdi. Jonli epik jarayon asrlar, eralar osha rivojlandi, chunonchi, Oʻgʻuz haqidagi dostonning maʼnaviy egalari va vorislaridan biri boʻlmish, biz, oʻzbeklar folklorida badiiy umumlashmaning avj nuqtalariga koʻtarilgan durdonalar yuzaga keldi va roʻyobga chiqdi” [17].
Donolardan biri “Ilmning chegarasi yoʻq. Qancha izlansang ham poyoniga yetolmaysan. Imkon qadar izlanmoq, aqli yetgani qadar ilm marralarini egallamoq lozim” degan ekan. Darhaqiqat, ilmu hikmatda chegara yoʻq. Biz ham turk-oʻgʻuzlar tomonidan ardoqlanib, hozirda ham yosh-avlod ongiga faxr tuygʻusi bilan singdirilayotgan, Paygʻambarimiz zamoniga yaqin yashagan tarixiy shaxs deya hisoblayotgan Qoʻrqit ota haqida yangi qaydlarimizni ulashdik. Ajab emas, kun kelib tarixning olis asrlari qatʼiga yashiringan Qoʻrqit ota haqidagi siru sinoatlar, manbalar, yangi qoʻlyozmalar izlanishlar natijasida topilib, tadqiq etilsa. Zero, har qanday sinoatning kaliti ilmda, izlanishdadir.
Davronbek ORIPOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti
2-bosqich tayanch doktoranti