Afsonaning sahnadagi in’ikosi
Respublika yosh tomoshabinlar teatrida Qoraqaplog‘iston davlat yosh tomoshabinlar teatri jamosi tuhfasi bo‘lgan “Qo‘rqit Ota” spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qayrat Imanaliyev pyesasi asosida sahnalashtirilgan ushbu asar turkiy xalqlarga birdek taalluqli bo‘lgan Qo‘rqit Ota afsonasini o‘zida jamlagani bilan e’tiborlidir.
Afsonaga ko‘ra, Qo‘rqit ona qornidan 3 yil, 3 oy, 3 hafta, 3 kunda dunyoaga keladi. Qavmdoshlari ungacha homilador ayolga qarata “bu bola nega tug‘ilmayapti ekan, xosiyatsizlik belgisi bu” deya turli xil tuhmatlar yog‘dirishadi.
Chaqaloq dunyoga kelayotganida qattiq chaqmoq chaqib, yer larzaga keladi. Qavmdoshlaridan biri ayolga: “Sen o‘g‘lingning ismini Qo‘rqit deb qo‘ygin” deb aytadi.
Qo‘rqit o‘sib-unib, 40 yoshga kirganida, ajal ta’qib qila boshlaydi. Shaytonlar va jinlar doimo u bilan birga yurishadi. O‘z joniga qasd qilishini kutishadi.
Qanchalik urinmasin, o‘ylamasin, har doim ajalga ro‘baro‘ kelaveradi. Marhum qavmdoshlarining ruhi tinchligini buzadi. Oxir-oqibatda, Qo‘rqit suyukli Yelmoyasini so‘yib, terisidan qo‘biz yasaydi va shu orqali bardavomlik yo‘lini anglaydi.
Spektaklda ko‘pgina jihatlar tomoshabinlar e’tiborini tortishi, tabiiy. Qarg‘alar, qabr motivi, tuyaning so‘yilishi, onasining tirilib qaytib kelishi kabilar voqealar rivojida muhim rol o‘ynaydi hamda tomoshabinga kuchli ta’sir qiladi. Sahna asariga mos tanlangan qo‘shiqlar, asar saviyasini yana bir karra oshiradi. Xoh asosiy qahramonlar bo‘ladimi yo personajlarmi, har biri o‘ziga yuklatilgan rolni ichki tug‘yon va tuyg‘ular qurshovida mahorat bilan ijro eta olgan.
Qo‘rqitning ajalni yengishi, qo‘biz vositasida umrboqiylik kasb etishida ramziy ma’no ham bor. Inson umri davomida qilgan ezgu ishlari, ezgu amallari albatta keyingi avlodlarga yetib borishi, ular avlodlarda davom etishi yorqin chizgilarda aks etgan.
Turkiy xalqlar ta’biri bilan aytganda, Qo‘rqit Ota aslo o‘lmaydi. U turkiylar qalbida umrbod yashayveradi.
Qoraqaplog‘iston davlat yosh tomoshabinlar teatri jamosi mehnat mahsuli bo‘lgan “Qo‘rqit Ota” spektakli postanovkachi-rejissori Sultonbek Qallibekovdir. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, turkiylar, xususan, Qo‘rqit Ota afsonasiga xos muhit yarata olgani tahsinga sazovor.
Ushbu spektakl vaqti kelib, nafaqat respublikamiz mintaqalarida, balki jahon sahnalarida ham namoyish etilib, o‘zining munosib bahosini olishiga ishonamiz.
Zulfiya RAHMATULLAYEVA,
Gulasal RUSTAMOVA,
Sabrina NURMATOVA,
turkona.uz muxbirlari