Turkiyalik olimlar muzey mehmoni
Turkiyalik mehmonlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tarixi muzeyida mehmon bo‘lishdi. Samarqand davlat universitetining mustaqil izlanuvchilari Tug‘ba Yilmaz va Emrah Yilmaz filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasi yuzasidan O‘zbekistonga kelgan. Bir yildan buyon ular tadqiqotchi sifatida yurtimizda yashamoqda.
Tug‘ba Yilmaz O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning asarlari, badiiy poetik mahorati haqida, Emrah Yilmaz esa Maxtumqulining O‘zbekistondagi ilmiy merosi ustida ilmiy izlanishlar olib boryapti.
Mehmonlar yaqinda Tug‘ba Yilmazning “Abdulla Oripovning she’riyatida tasavvur va obraz” va Emrah Yilmazning “Maxtumquli Firog‘iyning fikr dunyosi” nomli kitoblari chop etilgani haqida aytib o‘tdi.
Tadqiqotchilar Mahmud Koshg‘ariy va Abdulla Oripov ijodiga katta qiziqish bildirdi. Muzeyda jam bo‘lgan eksponatlar, noyob adabiyotlar, ijodkorlarga tegishli hujjatlar, qo‘lyozmalarning asl nusxalarini ko‘rib, uyushma muzeyi haqida iliq fikrlar aytishdi.
Munira RAMAZONOVA