Ona tili – millat ruhi
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan vatanimizning har bir mintaqasida katta tantana va shodiyona kunlari oʻtkazilmoqda. Poytaxtimiz Toshkent shahrida ham ushbu bayram munosabati bilan koʻplab tadbir va adabiy kechalar hamda davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Olmazor tumani 243-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi ham bu quvonchli kunni katta bayram qilib nishonlashdi.
Tadbirda maktabning 8-sinf o‘quvchilari tomonidan bezatilgan bayram dasturxoni oʻn ikki viloyatning bor milliy va anʼanaviy taomlarini oʻzida jam qilgan edi.
Qizlar tomonidan tayyorlangan raqslar guldastasi mehmonlar uchun ajoyib koʻngilochar tomosha boʻldi. Shuningdek, tadbir davomida til doirasida oʻtkazilgan “Kim koʻp maqol biladi”, “Kim koʻp she’r biladi” bellashuvlari ham qiziqarli tarzda boʻlib oʻtdi.
Vatanimizning oʻn ikki soʻlim viloyatini aks ettirgan sinf vakillari oʻziga tushgan viloyatning tabiati, aholisi, maydoni hamda eng asosiysi shevalari haqida maʼlumotlar berishdi. Buxoro viloyatini yoritgan 8-d sinf oʻquvchilari oʻzaro buxorocha shevada dialog qurib, hammani hayratda qoldirdi. Va keyingi sinov ‒ shevalar musobaqasi oʻtkazildi. Bu shartga koʻra har bir sinf oʻziga tushgan viloyat shevasini yoritib berishi hamda eng koʻp shevaga oid soʻz yigʻishi kerak edi.
Tadbir musobaqa tarzida shartlar va bellashuvlarga boy boʻldi. Uchrashuv soʻnggida maktab direktori tomonidan gʻolib sinflar va faol ishtirok etgan oʻquvchilarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbirga 7-sinf oʻquvchisining jonli ijroda kuylagan “Oʻzbek degan noming bor” nomli ashulasi yakun yasadi.
Gulasal RUSTAMOVA,
Sabrina NURMATOVA
turkona.uz muxbirlari