Turkiyadagi Marmara Universiteti
Marmara universiteti — Turkiyadagi eng qadimiy universitetlardan biridir. 1883 – yilda tashkil etilgan, lekin zamonaviy tuzilishi va nomi 1982 -yildan beri mavjud. 2007-2013-yillarda undagi ta’lim tizimi Yevropa modeli bo‘yicha qayta shakllantirildi, diplomi esa Yevropa universitetlar assotsiatsiyasi tomonidan tan olindi. Turkiyada har yili 80 ta davlatdan kelgan 70 mingga yaqin talaba ta’lim oladi. 3000 dan ortiq professor-o‘qituvchilar dars beradi. Marmara universitetida ta’lim turk, ingliz, arab, fransuz va nemis tillarida olib boriladi. Aynan shu o‘qitish metodikasi bilan boshqa universitetlardan ajralib turadi.
Universitet tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, u vazir Suphi Posho tomonidan ochilgan. Dastlab, u Oliy savdo maktabi deb atalgan. Vaqtlar o‘tib u Iqtisodiyot va boshqaruv fanlari fakultetiga aylanadi. 1982-yilda esa rasman Marmara universiteti sifatida tan olingan.
Oxirgi 20 yil ichida universitet kengayishni boshladi va hozirda 16 ta fakultet, 11 ta institut, 8 ta kollej va 3 ta kafedrani oʻz ichiga oladi, ular bevosita maʼmuriyat bilan bogʻliq boʻlib, universitetda 28 ta ilmiy markazlar mavjud. Umuman olganda, universitetda kadrlarni tayyorlash samarali yoʻlga qoʻyilgan. Oliy taʼlimning 104 ta yoʻnalishi va oʻrta maxsus taʼlimning 44 ta yoʻnalishidan tashqari, universitet nashriyot va konsalting xizmatlarini ham taklif qiladi.
Laylo DUSANOVA
turkona.uz muxbiri