Nayman
Qadim Nayman.
Mayus ohang, mahzun, mumtoz nolam bor,
Navolarim toshdek og‘ir, ohim osmon titratar.
Mavjlarimda hasrat oqar, avjlarimda armon bor,
Kuyman kuygan yuraklarni chok-chokidan idratar.
Men shundayin bir ohangman, tebranadi anglagan,
Tebranganday bolalikda yotgan yog‘och beshigi.
Ohlarimdan oromlanib tin oladi tinglagan,
Eshitganday onasining aytgan alla qo‘shig‘in.
Qadim Nayman.
Zirillaydi bandim ezgin navomdan,
Shabbodalar artib qo‘yar bildirmay ko‘zyoshimni,
Kuylarimda gohi masrur, goh miskin, notavonman,
Ko‘p asrlik qadim sozman, Xudo bilar yoshimni.
Dardi gardun ey yuraklar, tinglang kelib yaqinroq,
“Nay nolasi” taralganda tebranadi bu olam.
Sel bo‘lasiz yangraganda mumtoz kuy “Cho‘li Iroq”,
Qalbingizning gardlarini aritar dardli nolam.
Kuylaganda muhabbatdan, hislar tusi qahvarang,
Zorlarimda Zaynablarning, Zuhrolarning sasi bor.
Sokin kuyman ham visolga, ham firoqqa hamohang,
Ohlarimda Otabekning, Tohirning nafasi bor.
Qadim Nayman, ey yoronlar, qadimiy bir navoman,
Mug‘anniyim sohiriydir, jismim oddiy qamishdan.
Bir nolamda Odam Ato, bir nolamda Havoman,
Ko‘zyosh to‘king, yengillashsin dil ilohiy xonishdan.
Qadim Nayman…
Malohat MIRZAYEVA