Turkiy ellar

O‘zgarmoqda yana odamlar,
Do‘sti bilan sirlashayotir.
Millatlarga ajratmay o‘zni,
Turkiy ellar birlashayotir.
O‘zbek demay, qozoqsan demay,
Osh yemaydi qirg‘izi kelmay.
Ozoriyu, turkdan aylanay,
Turkiy ellar birlashayotir.
Kimlargadir armon bo‘lgan kun,
Bugun bizga darmon to‘lgan kun.
Dushman nishi hamon so‘lgan kun,
Turkiy ellar birlashayotir.
Navoiyni navo degaymiz,
Nizomiyni bobo degaymiz.
Chingiz, Abay dono degaymiz,
Turkiy ellar birlashayotir
Haq Xudoni taniymiz shukur
Musulmonlik dillarda huzur.
Har yurakda shu olov turur,
Turkiy ellar birlashayotir.
Ena daryo ena soyimiz,
Qorilgandir birga loyimiz.
Turkistondir turar joyimiz,
Turkiy ellar birlashayotir.
O‘zbekiston-Qozogʻiston
Enasoyning bo‘ylarida enalardan duo olgan,
Peshonaning terlaridan loylar qorib bino solgan.
Qushlar uchar, bu zaminda parvoz etib Humo qolgan.
Bobolarning istaklari ‒ O‘zbekiston-Qozog‘iston!
Qora qozon qaynar bo‘lsa, o‘z og‘asin chorlayverar,
O‘zlarining bag‘ridayin quyosh kulib porlayverar.
O‘tovida qimiz bersa, ayvonida choylar berar,
Momolarning ertaklari ‒ O‘zbekiston-Qozog‘iston.
Bir daryoning ikki cheti ikkisiga obi hayot,
Sir daryoning suvlaridan bog‘u-rog‘lar topar najot,
Har ikkisi bitta yo‘lda, cho‘llarini etdi obod,
Gulbahorning chechaklari ‒ O‘zbekiston-Qozog‘iston.
Qozog‘iga do‘ppi bersa, o‘zbegiga bo‘rik berdi,
Olgin, deya, olma bersa, o‘lmang, deya, o‘rik berdi.
Suron payti, bir patirni o‘rtasidan bo‘lib yerdi.
Chinorlarning o‘zaklari – O‘zbekiston-Qozog‘iston.
Oq paxtadan ko‘rpa tikdi, qozog‘imiz to‘ylar qilar,
Oq unidan kulcha yopdi, o‘rtog‘imiz to‘ylar qilar.
Qo‘l ushlashib qirga chiqsa, bolasining boshin silar,
Go‘daklarning tirgaklari ‒ Qozog‘iston-O‘zbekiston.
Donolarning maslaklari ‒ O‘zbekiston-Qozog‘iston!
Eldorbek TATIYEV,
Qozogʻiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi