Azizulloh Orol ‒ aziz mehmonimiz
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida Afg‘onistonlik etnik o‘zbek, jurnalist, adabiyotshunos, tilshunos, tarjimon hamda mohir pedagog Azizulloh Orol bilan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Dunyo tanigan olim hozirgi kunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarga matnshunoslik va adabiy manbashunoslik sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, Azizulloh Orol 1986-yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning filologiya fakultetining o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishini tamomlagan.
1987-1988 yillarda Qobul universitetining til va adabiyot fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limida ishladi. So‘ngra, uch yil O‘rta Osiyo tadqiqot markazida tadqiqotchi muharrir vazifasini bajardi. 1990-yildan boshlab turli milliy va xalqaro matbuot (media)larda muxbir, muharrir va rahbar vazifalarida faoliyat yuritdi.
2008-2009-yillarda Afg‘oniston Maorif vazirligining maktab o‘quvchilar uchun darslik kitoblari tayyorlash idorasida o‘zbek sinflarga ona tili darslik kitoblarini yozish vazifasini bajardi. 2010-2016-yillarda Afg‘onistonning eng ilg‘or xususiy radio-televideniyesi “Oriono” ga rahbarlik qildi.
Mutaxassis o‘zbek, fors (tojik, dariy), ingliz, rus, nemis, turk va pushtu tillarini biladi. Asosiy ijod tili o‘zbek va dariy, fors, qisman ingliz tillaridir. Yozgan maqolalari Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarda chop etilgan.
“Navoiy ‒ inson huquqlari homiysi”, “Navoiy ijodida tabiat ta’rifi”, “Amerikada Navoiy qo‘lyozmalari”, “Navoiy bizning Shekspir”, “Zahiriddin Muhammad Boburning Afg‘oniston tarixida tutgan o‘rni”, “Gavharshodbegim afg‘onlar nigohida”, “Afg‘onistonda shaxs, maqom mahorati”, “Uch tamaddunni birlashtirgan alloma Abu Rayhon Beruniy”, “Afg‘onistonda o‘zbek tili milliy kuni”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Dariy va pushtu tillariga o‘zlashgan tub o‘zbekcha so‘zlar”, “Shoh Amonulloxon davrida madaniyat va matbuotning o‘rni”, “Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida matbuotning roli” kabi maqolalar shular jumlasidan.
Uning “O‘zbek tili alifbosi”, “Dariy-ingliz-o‘zbek so‘zlashgich”, “Sog‘inch”, “G‘azna nigini”, “Pochoxon”, “O‘zbekcha, inglizcha, turkcha, forscha, pashtucha iboralar kitobi” nomli kitoblari chop etilgan. Bundan tashqari, olimning “So‘z”, “Inson huquqlari”, “O‘zbek tili” nomli kitoblari chop etilish arafasida.
Azizulloh Orol 2017-yili rasman tashkil etilgan “Kitob” madaniy markazi ilmiy-ma’rifiy tashkilotiga rahbarlik qilib kelayotir.
Ustoz bilan boʻlgan uchrashuv juda ham samimiy va savollarga boy boʻldi. Bu uchrashuvda oʻzbekistonlik talabalardan tashqari, hozirda jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan afgʻonistonlik 7 nafar talaba ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida so‘z mulkining sultoni, buyuk bobomiz Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida ham toʻxtalib oʻtildi. Azizulloh Orol: “Toʻgʻri, Alisher Navoiy mangu qo‘nib topgan yer Afgʻoniston, lekin Navoiyshunoslarning ulug‘lari hamda eng ko‘p tadqiq etilgan mamlakat Oʻzbekistondir. Agar Oʻzbekiston boʻlmaganida, Navoiyni hech kim bu qadar tanimagan boʻlar edi” ‒ deya taʼkidladi.
Ma’lumot o‘rnida Azizulloh Domla bugungi kunda Tojikiston davlat pedagogika universitetida xalqaro va zamonaviy jurnalistika bo‘yicha PhD ilmiy darajasi dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.
Uchrashuv so‘nggida Ustoz Azizulloh Orol bilan bunday tadbirlar kelgusida davomli bo‘lishi, jurnalistika fakulteti talabalari uchun mahorat darslari tashkil etilishiga kelishib olindi.
Bunday tadbirlar ikki qardosh, qo‘shni xalqlar o‘rtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlanishiga, talabalarning jurnalistikaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada ortishiga zamin bo‘lishi shubhasiz.
Laylo DUSANOVA,
Zulfiya RAHMATULLAYEVA,
turkona.uz muxbirlari
Ulug‘bek ALIMOV olgan suratlar