Tariximiz, bugunimiz va ertamiz yo‘lidagi hamkorlik
Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Toshkent shahridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi bilan hamkorlikda “Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari” tadbiri tashkillashtirildi.
Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Madaniyat qo‘mitasi rahbari, Milliy Majlisdagi Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati a’zosi Ganira Pashayeva, Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov hamda boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Do‘stlik rishtalariga bag‘ishlangan ushbu kunlikda Ozarbayjonning Boku shahrida o‘zbek tilida chop etilgan “Kitobi Dada Qo‘rqut” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tgani e’tiborlidir. Ta’kidlash joizki, ushbu epos turkiy xalqlarning umummilliy merosi bo‘lib, unda turk-o‘g‘uz xalqlarining genezesi, tadrijiy rivojlanishi, urug‘-qabilachilik munosabatlari, dushmanlarga qarshi ayovsiz kurash, Yurtga bo‘lgan cheksiz muhabbat kuylanadi.
Tadbirni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Raima Shirinova ochib berib, ikki qardosh xalqning tarixiy aloqalari hamda bugungi strategik munosabatlari haqida to‘xtaldi.
Toshkent shahridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi Samir Abbosov esa ozarbayjon xalqining o‘tmishdagi turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari, psixologiyasi “Kitobi Dada Qo‘rqut” dostonida aks etgani, unda keltirilgan ma’lumotlarning ahamiyati haqida to‘xtaldi. U shuningdek, har ikki o‘lka orasidagi tarixiy do‘stlik, madaniy aloqalarga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar yaqin hafta davomida O‘zbekistonning Samarqand, Navoiy, Buxoro shaharlarida ham bo‘lib o‘tishini qayd etdi.
Ozarbayjon Milliy Majlisi Madaniyat Qo‘mitasi raisi, deputat Ganira Pashayeva o‘z nutqida o‘zbeklar va ozarbayjonlarning qardosh xalq ekanligi, ikki xalq farzandlari bir-birini tarjimonsiz tushunganini alohida ta’kidladi. Asli Ozarbayjonlik bo‘lgan Maqsud Shayxzodaning Mirzo Ulug‘bek va Jaloliddin Manguberdiga atab asarlar yozgani, jadidlarning millat uchun qilgan ishlari haqida so‘zladi. Nutqi davomida ozarbayjon yozuvchisi Husayn Jovid va Maqsud Shayxzoda uchun O‘zbekiston ham Ozarbayjon ham o‘z vatani bo‘lganligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, Nasimxon Rahmonov, Nigina Shermuhammedova, Isomiddin Yormatov singari professorlar, Xosiyat Rustamova, Shahlo Qosimova, Xurshida Jalilova kabi ijodkorlarning epos hamda ikki qardosh xalq do‘stlik aloqalari haqidagi fikrlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
“Qorabog‘da porlagan quyosh: Xurshodbonu Notavon” kitobining muallifi Ganira Pashayeva tomonidan davra ishtirokchilariga, xususan, bo‘lajak filologlarga ulashilishi chinakam tuhfa bo‘ldi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Bu kabi uchrashuvlar o‘zbek va ozarbayjon xalqlari orasidagi uzilmas do‘stlik, qardoshlik, qondoshlik rishtalarini yana mustahkamlashi, yangi madaniy-adabiy aloqalar bosqichiga olib chiqishi hamda pirovardida ikki xalq madaniyatining yanada yuksalishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Zulayho MO‘MINOVA,
turkona.uz muxbiri
Ulug‘bek ALIMOV va
Gulasal RUSTAMOVA olgan suratlar