Onam
Kirsangiz nurlarga to‘ladi xonam,
Yuzlari nurligim, farishtim onam.
Kelolmasin sira sizga yaqin g‘am,
Faqat Baxtdan bo‘lsin, ko‘zingizda nam,
Gul to‘shay poyingizga, Jannatim Onam.
Har qadamda duoingiz qo‘llaydi,
So‘zingizdan ko‘ngil bog‘im gullaydi.
Sabolar ham Sog‘inganim yo‘llaydi,
Beg‘ubor qalbingiz gina bilmaydi,
Jonkuyarim mani, Jannatim Onam.
Ko‘nglingiz juda keng daryo singari,
Sochingizda oq yo‘q edi ilgari.
Qadringizga yetyabman yil o‘tgan sari,
Shudir qizingizni bari bilgani.
Matonat bobida tengsizim onam.
Kulsangiz osmonni bulut tark etar,
Manga birgina shu mehringiz yetar.
O‘tkinchi pul, do‘stlar tashlab ham ketar,
Biz uchun Onalargina jon fido etar.
Qalbimning quyoshi, dildoshi Onam.
Qachon yuruvdingiz ko‘nglingiz to‘lib,
Nima qildim axir Man farzand bo‘lib.
Sizning mehringizsiz qolardim so‘lib,
Yaxshi ko‘rishimni aytsam man kulib,
Bag‘riga jim bosib, yig‘lagan onam.
Dard cheksam tik turib shifo tilagan,
Baxtli bo‘lgin deya boshim silagan.
Eng shirin taomin manga asragan,
Farzandlarim deya doim g‘am yegan,
Jonkuyarim onam, Jannatim Onam!
Yulduz VOQQOSOVA,
O‘zMU talabasi