Ko‘ngil so‘ng nafasda singan soz bo‘lsa…

Rajapova Xulkaroy Atabek qizi 2001-yil 4-oktabrda Xorazm viloyati Urganch tumanida tug‘ilgan. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Ona tili va adabiyot ta’limi fakulteti 4-bosqich 401-guruh talabasi. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurganida ijod qilishni boshlagan. Ozarbayjon, turk tillarida tarjima ishlar qiladi.
Rajapova Xulkaroy Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkil qilingan Fuzuliy nomidagi Ozarbayjon Madaniyat va Taʼlim Markazi qoshidagi “Fuzuliy dilbandlari” toʻgaragi a’zosi.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi va tahkilotchiligi bilan Ozarbayjon davlatiga tashrif buyurgan.
Biz nega sevmaylik bir-birimizni?
Yer ko‘kni, tog‘ tog‘ni, tosh toshni sevdi,
Tangri naqshlar chizdi, naqqoshni sevdi.
Ko‘z ko‘zga bo‘ylandi, qosh qoshni sevdi,
Biz nega sevmaylik bir-birimizni?
Umr bir ko‘z ochishlik, fursat oz bo‘lsa,
Ko‘ngil so‘ng nafasda singan soz bo‘lsa,
Qo‘limizdan uchib ketgan yoz bo‘lsa,
Biz nega sevmaylik bir-birimizni?
Yomg‘ir go‘zallarning o‘par yuzini,
Tomchi shivir bilan aytar so‘zini.
Shalola qoyadan otar o‘zini,
To‘fon tog‘ni sevar, to‘lqin dengizni,
Biz nega sevmaylik bir-birimizni?!
Zolimxon Yaqub
Men sukuting bo‘lgayman!
Qorli cho‘qqi bo‘lsang gar
Oq buluting bo‘lgayman.
Chuqur xayolga tolsang,
Men sukuting bo‘lgayman.
Chaman bo‘lsang agar sen,
Yomg‘ir bo‘lib yog‘gayman.
Gar dengizga aylansang,
Men sohilga do‘ngayman.*
Quvgayman dard-u g‘amni,
Xushbaxtlik ilki* menman.
Kuylasang navo yanglig‘,
So‘zlaring, bilki, menman.
Jim qilsa meni zamon,
Yana seni chorlayman.
Sahar kabi uyg‘onsang,
Quyosh misol porlayman!
Do‘nmoq – biror narsaga aylanib qolmoq, o‘zgarmoq.
Ilki – dastlabki, birinchi.
Nabi Xazri
Yodingdami?
Yodingdami,
Dunyo unda go‘zal edi,
U muhabbat har sevgidan azal edi.
Kechdi shirin chog‘lar,
So‘ldi yashil bog‘lar,
Xotiralar yig‘lar,
Kechdir endi…
Yodingdami, u muhabbat dengiz edi?
U tuyg‘ular har tuyg‘udan tamiz* edi?
Sovuq yellar esdi, yillar yo‘limni kesdi,
Xotirladik basdir, kechdi endi.
U kunlarga qaytmoq kechdir endi
U orzular sensiz hechdir endi.
Xotiralar ne istagay bizdan,
Bo‘lar ishlar bo‘ldi, kechdi endi.
Xotiralar chaqirsa-da qayga ketay?
Yodingdami, men sening-la xushbaxt edim…
Bo‘lgan bo‘ldi, kechdi, bu xotiralar hechdir,
Takror sevmoq kechdir, kechdir endi…
* tamiz (təmiz) – toza, pokiza.
Bobo Vazir o‘g‘li
She’rlar o‘zbek tiliga ozarbayjon tilidan Xulkaroy Rajapova
tomonidan tarjima qilindi