Olamni iymonla yoritgan yulduz

Alloh taolo hokisor va muruvvatli tuproqdan goʻzal hilqat va xushxulq siyrat bo’lmish odamni yaratar ekan, unga o’zining ulug’ nafasidan zarra yuboradi. Mana shu nafas ila insonning qalbi tiriladi, pok ruh yaraladi. Alloh taolo insonni eng ulug’ ne’mat deya yaratar ekan, unga jon va shu jonga egiz qilib tug’ma iste’dod ham baxshida etdi. Bir toifa iste’dod egalarini o’ziga yanada yaqin olib, o’zining ishq otashida alangalatib, qalbi, butun vujudini faqat Alloh deya vahdati vujud holida kuydirib kul qildi. O’zini sevdirdi! Lavhul mahfuzdan to mahshargacha faqat Alloh yodi, Rob roziligi uchun yashab, nafs itini to’la zanjirband qildi Rahmonning sevikli qullari.
Allohning ana shunday suyukli bandalaridan biri Islom dinining buyuk muhaddisi Imom Buxoriy hazratlari bo’lsa, Turkistonda Imom Buxoriy darajasida o’zining abadiy hayot bo’lmish Jannatdan umid qilib, faqat buyuk Robbisining ishqini yonib kuylovchi Xoja Ahmad Yassaviydir. Har ikkala alloma o’zbeklar tarixida, Turkiston tarixida uyg’onish va yuksalish davrining sarchashmalari deb tan olinadi. Diniy markaz sifatida dong’i olamga ketgan Buxoroi Sharif va turkiylarning muqaddas yeri hisoblangan Sayram goʻyoki ikki qutb bo’lib, ularning yog’dusida har ikkala xalq kuch-qudrat simirgan. Buxoro va Sayramda ikkita yulduz nur sochgan va hali hanuz ularning yog’dusi olamlarni nurafshon etmoqda.
Sayram yulduzi Ahmad Yassaviy Qozog’istonning Sayram shahrida tug’ilgan. Yassaviy tug’ilishi bashorat qilingan ulug’ tasavvufiy olim hisoblanadi. Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v) Meroj kechasida Yassaviyning ruhini ko’radi va bashorat qiladi: «To’rt yuz yildan keyin chiqib ummat bo’lgay» deya. Yassaviy bu ulug’ bashoratni o’zining go’zal kalomi ila:
“Meroj uzra haq Mustafo ruhim ko’rdi” deya bayon etadi. Yassaviy mana shunday takrorlanmas iste’dod, Alloh va uning Rasuli nazariga, ishqiga, mehriga tushgan buyuk alloma edi. Uning asarlari Allohga hamdlar va Payg’ambarimizga na’tlardan iborat bo’lib, yana insonlardagi yomon illatlar, nafsni yengish, dunyo hoy-u havaslariga berilmay, faqat Alloh yo’lida ungagina Iymon keltirib, ulug’ shafoatiga yetishish uchun harakat qilish kerakligini bot-bot uqtirib, hidoyatga boshlaydi. Yassaviy bu dunyoning o’tkinchiligiga ishora qilib,
“Beshak biling bu dunyo barcha eldan o’taro,
Ishonmagil molingga, bir kun qo’ldan ketaro,
Ota-ona, qarindosh qayon ketdi fikr qil.
To’rt oyoqli cho’bin ot bir kun senga yetaro”
deya nasihatlarini hikmatlarida tasvirlaydi. Alloma bu dunyoning siz-u bizdan qolib ketishi, dunyoda tinmay yelib-yugurib topgan mol-u dunyong qo’ldan ketib, qabrga ochiq qo’l ila kirishing, qiyomat kuni hatto ota-ona, yaqinlar bir-birini tanimay qochishlari, farzand ota-onaga, ota-ona esa jondan aziz farzandiga o’z savobidan zarracha bermasligini, umringning oxirida esa faqatgina sovuqqina qabrga to’rt oyoqli tobut minib borishingni uqtirmoqda. Ahmad Yassaviy yana hikmatlarida odamga to qiyomatgacha yo’ldosh va ochiq dushman bo’lgan shayton va nafsni yengishga buyuradi. Ularning har ikkalasi quliga aylansa, inson oxir-oqibat razolatga yuz tutadi. Shoir:
Nafs yo’liga kirgan kishi rasvo bo’lur,
Yo’ldan ozib, xorib, toyib, gumroh bo’lur,
Yotsa-tursa shayton bilan hamroh bo’lur,
Nafsim mani ulg’aytirib xol ayladi,
Termultirib, xaloyiqqa zor ayladi”
deya xitob qiladi. Alloma aytyaptiki, nafsga qul bo’lgan har qanday odamga shayton do’st bo’ladi va uni gunohlar dengiziga cho’ktiradi. Agar Iymoni sust odam bo’lsa, suzishni bilmagani uchun beshak halok bo’lgay! Yassaviy har doim Alloh muhabbati ila yashar ekan, shaytondan panoh tilashni, bandalar qalbiga nurli iymon solishini, shayton vasvasasidan asrashini Robbisidan so’raydi va o’z dilidagi cheksiz iltijolarni nasihatlari, hikmatlarida bayon etadi.
Hikmatlari orqali xalq tiliga yaqin bo’lgan tilda ijod qiladi. Imom Buxoriy va Ahmad Yassaviy yoʻl-yoʻriqlari va ularning pok ruhlari haqqi, bu ikki ulugʻ alloma din olamining sultoni deya ayta olamiz. Ular bir maqsad yoʻlida birlashib, dillari mushtarak holda yechilmas tugun holiga kelgan. Ular faqat bir yo’lda, Allohning eng sevikli bandasi maqomida tengdirlar. Shu ulug’ maqomga to’la munosib bo’lib, to hozirgi kungacha va bundan keyin ham ummatlarni to’g’ri yo’lga boshlovchi bebaho, to’tiyo yanglig’ asarlar yozib qoldirganlar. Buxoro yulduzi, Sayram yulduzi…!
Shahrizoda QOʻZIYEVA,
URDU filologiya fakulteti talabasi,
Alisher Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi