Vatanni seving

Muhammad Yusuf she’riga nazira
Har kimga muqaddas tug‘ilgan makon,
Har bir go‘sha Vatan ichradir Vatan,
Sadqa qilsa arzir unga jon-u tan,
Vatanni Najmiddin Kubrodek seving!
Buyuk Sohibqiron aytgan dil so‘zi,
Adolatga oltin timsoldir o‘zi,
Osmon gumbazida porloq yulduzi,
Vatanni Ulug‘bek Mirzodek seving!
Vatan ravnaqiga qo‘shing hissangiz,
Yashnaysiz shu elga xizmat qilsangiz,
Jannatdir bu diyor agar bilsangiz,
Vatanni Boburi Mirzodek seving!
Shu o‘lka tuprog‘i ko‘zga to‘tiyo,
Hayrat-la boqmoqda bizga bu dunyo,
Bog‘-u bo‘stoningizdan bo‘lmangiz ayro,
Vatanni Beruniy, Sinodek seving!
Taraqqiyot sari tashlayver qadam,
Sening madhing kuylay har doim, har dam,
Yurakka jo etay mehringni onam,
Vatanni qalblari ziyodek seving!!!
Sabina HAYDAROVA,
SAMDU talabasi