Qizlarshoh
(hikoya)
Soat tushdan keyin to‘rtga yaqinlashib qoldi, ishxonadan ketish vaqti bo‘lgan edi. Qibladan osmonga ko‘tarilgan qora bulutlar guldirashib chaqmoq chaqa boshladi.
Birdaniga shaharga qorong‘ulik tushdi. Har nechada momaqaldiroqning qasirdagan guldiros sasi fazoni yorgudek bo‘lib tuyulardi.
Tezroq chiqa qolay, yomg‘ir poya kelib uyga yetib borgunimcha ho‘l qilib qo‘ymasin tag‘in, ‒ degan Qizlarshoh tez- tez yurib ko‘chaga chiqarkan havoning tumshug‘i osilganiga guvoh bo‘ldi. Ko‘kka ko‘z tikib ediyamki, bir-ikki yomg‘ir tomchilari manglayiga urildi va sharillab yog‘a boshladi,
– Bu yil bahor serborish keldi. Javzo kirsa ham yomg‘irning keti uzilmaydi shekilli. O‘rgilay qudratingdan…, degancha panalab tor ko‘chaga burildi. U o‘zicha, yomg‘ir yog‘ib qolib, ust-boshi ho‘l bo‘lishidan xavotirlandi – oldinroq kasal bo‘lganini esladi.
Shu onda mobil telefoni jiring-jiring chala boshladi.
‒ Alo, alo.
‒ Qizlarshoh!
‒ Ha, ona, nima gap?
‒ Qizim, tezroq uyga kel. Poya biron bo‘sa ho‘l bo‘lib, yana kasal bo‘lma. Bir hafta avval sag‘algan eding. Ikki haftadan beri otang betob yotgandilar. Sen ham kasal bo‘lib qolsang, qandog‘ qilaman…?
‒ Onajon, tashvish qilmang, yarim yo‘ldaman. Kelotim. Otam yaxshimilar?
‒ Bilmasam, bir soz yotgan. Bir suv ichadi. Ko‘zi uyqudan ochilmaydi. Bog‘ana zo‘rg‘a bir necha qoshiq sut ichirdim.
‒ Onajon, mana yaqinlashdim. Tandirga o‘tin soling nondi o‘zim yopaman…
‒ Tandirga somon, qiy solib qo‘ydim, keginingcha yoqib qo‘yaman. Xamir qilib qo‘ygan edim, xamirturish ko‘p tushgan ekan, achib ketipti. Zuvolalarni yasab qo‘ydim, tandirda tushmasaki yaxshidi.
‒ Xudoyoriz onajon!
Qizlarshoh uyiga yaqinlashgan edi. Shahar g‘arbidagi yam-yashil tepaliklardan esadigan salqin shamol boshidagi qarsini uchirmoqchi bo‘ldi. Bahor hidini keltirgan mayin shabada zihnida ming bir xayol aylanadigan Qizlarshohga ajoyib his baxsh etardi. Qizlarshoh o‘zicha:
‒ Bu ham meni baxtimmi? Otam qarigan chog‘da kasal bo‘lib qoldi. Yaxshi bo‘lganlariga ikki hafta bo‘lgani yo‘q. Akalarimni uylantirish, opalarimni turmushga chiqarish fikrida edi. “Qizlarshah qizim! Ko‘zim ochiqligida seni ham baxt uyiga uzatsam edi, boshqa armonim qolmaydi.” derdi otajonim. Oyinladan tekkandi desak, kuruno degan balosi ekan; kasal qayerdan topildi qurib ketkur. Qayerdan yuqtirganini surishtirsak ma’lum bo‘ldiki, Aziz amakimning o‘g‘li xorijdan kegan edi. Otam uni ko‘rgani borib, o‘shanikidan olib keldi bu baloni. Uki barvasta juvon edi, tezda tuzalib ketdi. Yaratgan otam bechoraga rahm qilsin. Xudo, noxosta otamni ko‘zlari yumilguday bo‘lsa qandog‘ qilaman? Xudo u kunni keltirmasin. Akalarim bor, qachon aka ota bo‘ladi? Kim biladi meni kimga beradilar? “Yetim qizning yetti otasi bo‘ladi” deyishadi. Ey yaratgan, o‘zing rahm qil” derdi ichida.
Darvozaning bo‘sog‘asida yotgan qo‘shnisining iti to‘satdan g‘apyillab tashlandi. Qizlarshoh chirqiraganicha tarsillab yerga yotdi. Qo‘lidagi mobil telefoni uch quloch nariga otilib ketdi. Shu onda qo‘shni ayol ko‘chaga otilib chiqdi. Qizlarshoh shoshilib o‘rnida turdi-da, yurak hovuchlab uyiga kirib ketdi.
Onasi shosha-pisha Qizlarshoh, Qizlarshoh deb hayqirdi. Undan sas chiqmadi. Uchinchi marta hayqirganida, otasi yotgan yotoqning ichidan “keldim” degan sas eshitildi.
‒ Tezroq kel, qo‘rqitgan yaramas bo‘ladi. Yuraying bejo bo‘lgandi. Tezroq kelaqol, qozonkuya ichiraman!
Tandirxona burchagida qalab qo‘yilgan sufol tabog‘lardan kichikrog‘ini olib, qirg‘ich bilan qozonning kuyasini qira boshladi. Bir siqim kuya to‘plab ustiga tandirning kanagida qo‘yilgan qumg‘ondan iliq suv quydi.
‒ Ola qol, shanqa boshinga ko‘tar, qozon kuya qo‘rqqanga yaxshi, “balo qirga ayag‘ingdi tayiga” deydila. Darrov jinday bo‘lib qayerga g‘oyib bo‘lgan eding, shuncha Qizlarshoh dedim, sasing chig‘madi.
‒ Ona, otamni so‘ragani kirgandim.
Onasi Qizlarshohni koyiyotgandi. Shu payt qo‘shnisi To‘lganoy opa kirib keldi va so‘radi:
‒ Xayriyatmi? Qo‘shnijon, nima bo‘ldi, tinchlikmi o‘zi?
‒ Qarjalagan odam nima bo‘ladi deysiz, u kunlari ukasining uyiga borgan ekan, yaqmagan xurd-u xuraylani yebmila, mazalari yog‘.
‒ Ko‘rpa kiyib yotibtila. Qizlarshohni qorasi ko‘rinmagani uchin dovushim baland chiqipti, ‒ dedi Oysulu opa.
‒ Ehtiyot bo‘lay. Kuruno bo‘masala, o‘g‘limning do‘stining otasi kurunodan qazo qilgan emish.
‒ Xudoy saqlasin, og‘zizdan shamol uchursin.! Undog‘la emas, o‘zlari har nechada betob bo‘lib qoladila, ‒ deya gapini chalg‘itdi Oysulu.
‒ Gap minan bo‘libmiz, nonim kuyib ketgaday bo‘libti ‒ deya turib, Qizlarshohning onasi yonidagi yenchaga qo‘lini solib, qip-qizil marjonday pishgan bo‘rsildoq bug‘doy nonlarini tandirdan uzib, sebatga soldi va qo‘shnisiga non uzatti.
‒ Oling hamsaya, non oling!
‒ Yo‘q, yegim kemaydi.
‒ Xay, yegiz kemasayam, olingda qo‘shni jon!
‒ Oling, nondi qaytarish yaxshi emas. Endi birta nonizdi olib ketaman, ‒ derkan bitta nonni non sebatdan olib, yashil ipak sarandozining o‘ngiri bilan tutib, o‘rnidan turdi, uyiga ketib qoldi.
Oy sulu opa tandirdan uzgan nonlarini eri yotgan o‘toqning yonidagi xonoga olib borib, ikki qalam qilib, shol dastarxon uzra yoyib qo‘ydi va bora solib achiqqina moshobani suzib oldiga keltirib qo‘ydi. Qizlarshohning otasiga:
‒ Ovqatingizni yeng, har xil ko‘katlar, qav, isbalog‘, pudina solib suyuq moshoba pishirganlar, shundan iching ‒ dedi. Otasi Ochil tog‘a o‘nglana
‒ Borakallah qizim, qo‘limdan ko’tar, ‒ dedi-yu o‘rnidan turolmadi. Qizi qo‘ltig‘idan ko‘tarib o‘tirg‘izdi. Tinka-madori qurigan ota suyuq ovqatning yarmini ichdi va yana yota berdi.
‒ Otajon, menki yo‘q edim. Bugun doktor kelgan ekan, nima dedi? ‒ deb so‘radi.
‒ Menki bilmayman qizim. Ikki hafta bo‘ladi nafasim qisilgan. Ko‘zim xonasidan chiqqiday-chiqqiday bo‘ladi. Tamom a’zoyi badanim og‘riydi.
Puzi-pakali o‘ralgan doktor meni tekshirdi. Men bilmayman, gaplarini yaxshi ag‘namadim.
O‘toqning eshigiga kelib, minsayiga o‘ranib turgan onasi qiziga:
‒ Doktor otangdi toza Kegan kasaldan tekkanga o‘xshaydi, dedi. Bir ikki pokat dori berdi. Tuzalsa o‘zi tuzaladi, bu kasaldi dorisi yo‘q.
Hojiga ko‘proq suyug‘-suyug‘ narsala qilib beriyla, o‘zlariz unga yaqinlashmayla, deb ketti, dedi qiziga.
Qizlarshoh doktor bergan doriga qarab ko‘rsa, ikki pokat “parastamul” ekan. bir payola qaynoq suv bilan dorini otasiga uzatgan Qizlarshoh:
‒ Doktor otamga kurunoni nishonalari bor degan. to lobrotuvarga qonlari ko‘rilmasa kim biladi. Erta otamdi shifoxonaga olib boramiz, qonlarini tekshirsin- dedi, onasiga qarab.
‒ O‘zing bilasan qizim. Men-ki chig‘olmayman, sen olib borsang yaxshi bo‘ladi.
Qizlarshoh otasini bir taksiga mindirib shahar shifoxonasining kuruno bo‘limiga olib bordi. Otasining qonini topshirdi. Doktorlar biz kurunoni bu yerda tekshirolmaymiz. Kobulga jo‘natamiz, natijasi kechroq kelar. Hojini uyga olib boring. Aloyhida xonada qarantinda bo‘sinla. Har vaqt Kobuldan tekshiruv natijasi kelsa, biz tilfun qilib xabar qilamiz dedilar.
Qizlarshoh otasini uyiga olib keldi. O‘tog‘iga o‘tqizib joyiga yotqizaman desa otasi:
‒ Qizim, ikki haftadan beri bir uyda yakanman. Diq qo’ldim. Kecha ko‘p yomg‘ir yog‘di shekilli. Bu kun charqillagan oftob bo‘libti. Shu pitobga menga joy to‘shagin. Qizi tarqqi gilamchani baranda-da to‘shab, otasining ko‘rpacha, yostiqlarini ham chiqarib to‘shadi. Otasi kisasidan nos qutisini chiqarib, bir chakim nos chakdi-da, joyiga uzaldi. Qizlarshoh otasiga:
‒ Onajon xafa bo‘lmang, bir piyola sutga otamga “vitamin D” qo‘shib beraman. Doktorlar boshqa vitaminlar ham beringlar, tuzalib ketadilar, ‒ dedi va bir piyola sutning ichiga “vitamin D”ni qo‘shib ichirdi. Parasetamuldan uzluksiz bera verdi.
‒ Qizim otangdan ko‘zim qo‘rqqan. Yoshi ham bir yerga borib qoldi. Kuruno dardi bedava ekan. Erta ko‘zi yumilgiday bo‘lsa seni qandog‘ qilaman. Akalaring aytganimdi qimaydila. Har qaysisi qaliningdi ustiga talashsalar, ‒ dediyu ko‘zlaridan javdirab yoshlari oqa berdi. Qizi ham onasining yelkasiga boshini qo‘yib yig‘ladi. Shu onda hovlining darvazasi taqqiladi, “hamsaya” degan sas eshitildi. Qarasa qo‘shnining xotini.
Qizlarshoh va onasi har kuni uch vaqt otasiga qattiq qarashdilar. Turli ko‘katlar qo‘shib, suyuq ovqatlar pishirib berdilar. Shaharning dorixonasidan keltirgan vitaminlarni ichirib turdilar. Yana ikki hafta o‘tdi. Bir kuni ertalab otasining “Qizlarshoh, qizim, Qizlarshoh” ‒ degan ovozi eshitildi. ‒ Keldim otajon!
‒ Qizim kel! Bu erta yengilrog‘man. Bosh ag‘rig‘ qolgan. Onangga ayt mazali sutli atala qisin, ichay. Ko‘chaga chiqqim keldi. asamdi ketir, dedi. Onasi erining asasini olib keldi.
Er- xotin va Qizlarshoh uchovlon dardlasha ketdilar. Shu topda kasal yotgan ota:
‒ Xotin bilasan, jonim qilga osilgan. Qutilmasam keray, ko‘p qo‘rqaman. Dunyoning ustuni emasmanku. Meni Qizlarshohni g‘ami bosgan…, ‒ dedi va o‘rnidan nimxiz bo‘lib turdi-da asosini qo‘liga olib, hovlining maydonida qadam tashlay boshladi. Xotini bo‘lsa:
‒ Shukur, mana tuzalib qoldiz. Dokoriz Qizlarshoh edi. Shu qiz sizni o‘limdan olib qoldi. “Ota ruhiyani boy bermang” ‒ deb tura berdi. Ana shu gap sizga quvvat bo‘ldi, otasi!
‒ To‘g‘ri aytasan xotin. Gapingda jon bor. Shuginaning mehrli ko‘zlari, jonini qo‘yarga joy topmay yugurgilaganlari menga quvvat bo‘ldi. Bilasanmi, kecha bir yaxshi tush ko‘ribman. Uyinga uzog‘-yaqindan hamma kegan. Xotinla dap va doyra chaladila. Qizlar o‘ynab yotibtila. Sen qizingni bag‘ringga bosganing bosgan. Men bo‘sa duoyi fotiha o‘qib, katta bir alvon ro‘molga bir nondi o‘rab qizimdi beliga bog‘lab turubman…
‒ Tushingizdi Yusuf payg‘ambar jo‘rasin. Siz sag‘aldiz endi bu yag‘i bo‘ladi… degan edi- ki, Qizlarshohning tilfuni chala boshladi.
‒ Allo, alo, salom alikum doktor aka, xo‘b, xo‘b, otamdi natijasi kegan, nima ekan? Kuruno?… yaxshi bo‘ldilar, xudoga shukr yaxshi bo‘ldilar. Tashakkur!
Olim KO‘HKAN,
(Afg‘onistonlik o‘zbek yozuvchisi)