Chekushka
(hikoya)
Bola edim. Otam tomorqamizdagi ekinlarga suv ochganligi uchun, menga shohariq boshiga qorovul bo‘lib turishimni buyirdilar. Axir kimdir qarab turmasa suvni boshqa odam ochib ketishi tayin edi. Shohariq bo‘yiga kelib ancha yillardan beri aroqqa ruju qo‘ygan, kimdir yuziga qaragudek bo‘lsa, o‘zining betartib o‘sib yotgan soqolini yulqilab: “Shu soqolim ko‘zingga yomon ko‘rinayaptimi, a, yomon ko‘rinayaptimi?! Bitta vinoning pulini bersang, olov bilan kuydirib tashlayman!..” deb hammaning joniga tegadigan Ismat boboni uchratdim. Ismat boboning ko‘zlari besaranjom, odatiga xos qo‘llari qaltirar, menga ko‘zi tushgani homon hayajoni battar oshib ketdi. O‘zim borishimga sabri chidamasdan, yugurib yonimga kelib, qo‘limga g‘ijimlangan pul tutqazdi.
– Suvingga men qarab turaman, nevara! Sen bor, do‘kondan menga bitta Chekushka keltir!– dedi xapqirib. (O‘sha pa̶ytlar Chikushka – yelim stakanda bir shisha aroqning chorak qismi sotilardi)
Hammasi tushunarli: u doimgiday bu pulni birortadan tilanib olgan-u, avvaldan qarzlari borligi uchun do‘konga borishga botinmayotgan edi. Do‘kon uzoq bo‘lmaganligi uchun rozi bo‘ldim. Kimdir suvni ochishga kelsa, suv bizning tomorqaga ketayotganini aytishini Ismat boboga qayta–qayta tayinlab, yo‘lga tushdim. Do‘kondan qaytganimda Ismat bobo qo‘limdagi aroqni olarkan, tishlarining yarmi to‘kilib kemshik bo‘lib qolgan og‘zini irshaytirib kuldi.
– Sadag‘ing ketay nevara, kallang to‘la es, – dedi, meni alqab. Shohariq bo‘yidagi qari tut tagiga borib o‘tirdi–yu, azbaroyi xursandligidan gapga tushib ketdi:
–Dunyoda yaxshi oamlar ham ko‘p–da! O‘rolxon eshon boboga bir otimlik nos bering, ichmasam ichim tatalab ketayapti, degandim, nosi yo‘qligidan rahmi kelib shu pulni berdi, barakatopkur. Buni faqat senga aytayabman nevara, birov so‘rab qolsa menga eshon bobo pul berganini aytako‘rma! Bo‘lmasa odamlar u kishining ortidan “ko‘zi ochiq bo‘lsayam aroq uchun pul beribdi…” deb sasib yuradi….
Ismat bobo bu gaplarni kuyib–pishib, astoydil samimiyat bilan gapirar, rostdan aroq keltirib berganimning mukofoti yuzasidangina “sirini” ochayotgandek edi. Shu choq uzoqroqdan yelkasiga belkurak ko‘targan yana bir yigitning qorasi ko‘rindi. Allabir og‘riqdan azob tortayotgandek og‘ir qadam tashlab kelayotgan bu yigit palapartish kiyingan bo‘lsa–da, liboslari oxorli, ushbu shaharcha kiyim–boshiga yarashmay turgan elkasidagi asbobidan suv ochishga chiqqanligi ma’lum bo‘lib turardi. Ismat bobo aroqni cho‘ntagiga yashirib ulgurgan bir paytda, yigit belkuragini yerga sanchib, harsillab yonimizga cho‘kdi. Biz bilan so‘rashgan kishi bo‘lib, qosh uchirib qo‘ygach:
–San usta boboning o‘g‘limiding? – so‘radi mendan.
– Ha, – dedim men va xavotirlanib qo‘shib qo‘ydim: – otam suvni bir soatcha oldin ochgan. Kechgacha hech kimga bermay qarab turishimni tayinladi.
U gapimga javoban boshini chayqab, uzun xomuza tortdi. Tugmalari yarim qadalgan ko‘ylagini sirib, jun bosgan ko‘kragini qashladi.
–O‘sha–a–a… – basharasini bujmaytirib, hamma havaskor shaharliklarga xos gap boshladi keyin. – O‘sha–a, Qarshida ishlayotganimdan beri umuman ichmay qo‘ygandim, kecha kech oshnalar kelib rosa otipmiz–da!.. Vah–x! Buyog‘i ertalabdan beri g‘ingshiyverib xotin ham yeb tashadi…
Ismat boboga “boplabmanmi” deganday qarab qo‘yarkan, u boshining chakkalarini ezib uqalashga tushdi. Uning salqigan qovoqlari, ovozidagi dag‘allikdan tortayotgan azobi chin ekanligi sezilsa–da, butun xatti–harakatlarida allaqanday soxtalik, e’tiborni tortishga urinish mujassamdek tuyilardi. Bekitgan joyidan aroqni olgan Ismat bobo sekingina o‘rnidan turdi. O‘zini ham aroqning xumori bezovta qilayotganidanmi, toyinib–surkalib nari keta boshladi.
–Vaa–x, o‘ldim! Vaa–ah–hx, … … boshi–im! – bu vaqtda yigit namoyishkorona nolishlarini badtar avjiga chiqargan edi. – O‘ldirdi–ku! Shunchayam ichamanmi–ya!…
Ismat bobo uzoq yurmadi, bir necha qadam bosib, negadir to‘xtab qoldi. Turgan joyidan yigitga picha termulib turdi–da, dakki yeyishga qo‘rqqan odamday bir yurib, bir to‘xtab yonimizga qaytib keldi.
–Juda… Juda og‘riyaptimi?.. – so‘radi, ko‘zlarini mo‘ltiratib.
–A?! – dedi, u Ismat boboning murojaatini yaxshi eshitgan bo‘lsa ham eshitmaganday tutib o‘zini.
–Bosh, deyman?.. Og‘riyaptimi juda?
–Eyy, vabshe so‘ramang, miyam oqib tushay deyapti, boboy…
Ismat bobo yigitni aylanib men tarafga o‘tdi. Tutaqqanidan yerga chirt etib tupirdi.
– Zang‘arni miyoridan oshiq ichib nima qiladi, tavba… – g‘uldiradi, eshitilar–eshitilmas ovozda.
Boboning ajab kulguli gapini yigit bu safar rostdan eshitmadi shekilli. U lohaslanib gavdasini tut tanasiga suyar ekan, tag‘in o‘ziga o‘zi shikoyat qilardi:
–Vaa–hh–x, o‘ldi–im! Kecha rosa–a–a qutiribmizda o‘zi! Boshim–a–ah, o‘liblar ketsam yaxshi edi…
Yigitning nolishlari ortgani sayin Ismat bobo tashvishga tushib, goh uning azob zuhr etgan yuziga, goh ariqda oqayotgan suvga termular, toqatsizlana-toqatsizlana o‘zi bilmasdan yigitga toboro yaqinlashib bormoqda edi. Bir qo‘li hamon cho‘ntagida: «Chekushka»ni mahkam siqib turgan bo‘lsa kerak. Nihoyat, Ismat boboning bu ikkilanishlari poyon topdi, hayot–mamot masalasini o‘rtaga qo‘yib qaror qabul qilyotgan kabi shaxt bilan cho‘ntagidagi aroqni chiqardi. Biroz taraddudlanib turgach:
–Ma!.. – dedi, yigitning qarshisiga kelib keskin va g‘ussali ovozda. Yana nimadir deyish uchun og‘iz juftladi–yu, keyingi gapini “qult” etkazib yutib qo‘ya qoldi. Chekushkani ko‘ro‘yladim itning ko‘zlarida istehzo paydo bo‘ldi. Yoniga qarab uch–to‘rt yutalib qo‘ygach, yelim idishchani bamaylixotir qo‘liga olarkan:
–Eee–ey, bobo–oy, bobo–oy! Qayerdan topdingiz buni? – dedi, stakanchadagi mayda yozuvlarni o‘qishga urinib: – Izgotovlino… Tozasi–yu!
–Ha!.. Ozroq ichsang og‘riq… bos… bosilib… Bosilsa… Agar bir yutim qoldirib… Qoldirsang… O‘zim ham… – Ismat boboning hozirgina o‘zi uzutgan aroqqa tikilib qaltirashi, o‘simlik poyasida turib ovoz chiqarayotgan chiyildoqnikidan sira qolishmasdi. Yigit, afsuki, boboning aroqdan qoldirish haqidagi iltimosini bu safar ham e’tiborsiz qoldirdi. Idishning og‘zidagi qoplamani ochib, picha sipqorgach, basharasini burishtirib o‘qchiy–o‘qchiy aroqning qolgan qismin yerga to‘kib tashladi:
–Fu–u! Onasini emsin… Zahar–ku, zahar!
Qontalash ko‘zlari kattalashib ketgan Ismat bobo titrab–qaqshab bir yer bilan bitta bo‘lgan aroqqa, bir yigitga tikilardi, qirg‘oqqa chiqib qolgan baliq misoli milksiz og‘zini kap–kap ochib, ha deb yutinardi. Men ayni vaqtda yigitning bu qilg‘ilig‘i sababini umuman tushunmas edim. Uning kulgudan bug‘riqqan yuzlariga boqib Ismat boboning azob ichida entikishlaridan cheksiz zavq olayotganini anglash mumkin edi, xolos.
Ifodalab bo‘lmas darajadagi alam va nafrat bilan bir pas shunday sarosimada turgach, Ismat bobo chirt o‘grildi–yu, allaqachon mast bo‘lgan odam kabi gandiraklab–gandiraklab ikkimizdan uzoqlasha boshladi. Bizga endi uning yuzlari ko‘rinmayotgan bo‘lsa–da, yig‘layotgan bo‘lsa kerak, deya o‘yladim. Xayolimga esa «lop!» etib bir savol keldi: “Endi u aroq izlab qaysi do‘konga boradi?!”
Bayram ALI
2014-yil