Duranning qudug‘i
(Hikoya)
Kun botardan esgan shamol bir parcha olachalpoq bulutni Beshbarmoqota cho‘qqilari tomon haydadi. Ko‘p o‘tmay tog‘ tomon olatasir bo‘lib ketdi. Hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan qop-qora zulmat cho‘qqilarni ko‘zdan pana qildi. Odamlar g‘imirlab qoldi. Soy bo‘yida o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilar qo‘ralarga qamaldi.
Katta ko‘chaning shundoq yoqasidagi uy oldida stulga cho‘kib, taftsiz quyoshga toblanib o‘tirgan bobo yonida tizzalab olgan yetti yoshli nabirasining boshini siypalagancha xira ko‘zlarini tog‘ tarafga tikib turardi. Ko‘nglida: “Sel keladiganga o‘xshaydi. Ishqilib bexatar o‘tsin-da. Hech kim zarar ko‘rmasin”, degan o‘y.
Ko‘klam havosi qiziq. Bir qarasang sokin, bir qarasang hammayoq bir pasda ag‘dar-to‘ntar bo‘lgan. Bo‘lmasa boboning tepasida bulutdan asar ham yo‘q. Tog‘da esa bo‘ron qopgandek holat hukmron. Aniq jala yog‘moqda. Balki do‘l tashlayotgandir. Bejizga aytishmaganda, bahorda yomg‘ir tekkan joyga tegadi, tegmagan joy quruq qoladi deb. Uy atrofi quruqshagan. Shamolda chang ham ko‘tarildi. Bobo bir odim berida yomg‘ir quyib, narisi qup-quruq bo‘lgan, tepada bugungidek quyosh charaqlab turgan holatlarni ham ko‘p ko‘rgan shu yoshigacha. Bu bosh shu yoshga yetib kelguncha nimalarni ko‘rmagan: g‘urra ham bo‘lgan, yorilgan ham.
Boboning ko‘nglidan ko‘p o‘ylar kechardi. Taraq-turuq etgan ovoz buzib yubormaganda xayol chig‘irig‘i qay tomon boshlab ketardi, bilmaydi. E’tibor bersa, kattakon bochka soyni to‘ldirib yumalab kelardi. Ortidan qo‘rqinch solib, oldidan nimaiki chiqsa supurib-sidirib, pishqirib-quturib kelgan sel xavotir bekorga emasligini anglatdi. Kattayu kichik g‘ala-g‘ovur bilan qizg‘aldoq qoplagan og‘illari tomiga chiqib, po‘rtanani kuzata boshladi.
Bu qadar katta toshqindan hayratlangan nabira bobosini savolga tutdi:
— Bobojon, buncha suv qayerdan paydo bo‘ldi.
— Ko‘ryapsan-ku, bolam, toqqa jala yog‘yapti. O‘shalar yig‘ilib oqayapti.
Bolakayning hayratli nigohi quturib oqayotgan suvdan uzilmay esiga nimadir tushib, butkul boshqa gapni gapirdi:
— Bobojon, anavi Duran quduq ichidagi devni boya tosh tashlab o‘ldirdik.
Bobo ko‘zlarini soydan olib, nabirasiga boqdi. Oppoq soqollarini tutamlab, yerga tegib-tegmay turgan to‘nining etaklarini tizzasiga tortdi.
Gap soyga yaqin bo‘lsa-da sel yetib bormaydigan, atrofdagi xonadonlardan o‘lib qolgan mol gavdasimi yo boshqa chiqitmi uning ichini makon tutadigan, negadir og‘zini berkitib yoki ko‘mib tashlash hech kimning xayoliga kelmaydigan, odamlar nazdida “bexosiyat” joy bo‘lgan, selni qirg‘oqdan kuzatsa, unchalik e’tibor qilmaydigan kattalarlarning yaqinlashmanglar, tortib ketadi, deb ming bor uqtirishi u qulog‘idan kirib bu qulog‘idan chiqib ketadigan, xivchin olib quvlash ham, pand-nasihat ham bir pulchalik ta’sir etmaydigan to‘polonchi bolalarning o‘yin maydonchasiga aylangan quduq haqida ketardi.
Bobo kecha tunda bolakayning quduq yoniga kattalar nega yosh bolalarni yaqinlashtirmasligi haqidagi savoliga ichida dev borligini, atrofida o‘ralashganlarni tortib ketishini aytgandi.
— U yaxshi joymas degandim-ku, bolam. Palakat devga hech narsa ta’sir qilmaydi. Ana, sel nimaga keldi desam, uning jahlini chiqargan ekansizlar-da. Bundan yomoni ham bo‘lishi mumkin edi-ya. Yana shunday qilsang, ertak aytib bermay qo‘yaman.
Bolakay savollarni qalashtirib tashladi.
— Katta odamlarga indamay, faqat bolalarni tortib ketadimi? Keyin, nega hammaning qudug‘ida dev yo‘q, unda bor?
Bobo bir zum kalovlanib: “Dev kattalardan qo‘rqadi. Innankeyin, o‘sha quduqni tanlaganda u bexosiyat”, deb qo‘ydi.
— Unda nega odamlar uni quduqdan sudrab olib chiqib, o‘ldirib tashlamaydi.
Bobo taslim bo‘lgandek jim qoldi va: “Katta bo‘lsang hammasini bilib olasan”, dedi.
Hovlidagi quduqqa tashlangan nasos shlangidan tok jo‘yaklariga otilib chiqayotgan suvni satillarga to‘ldirib, uy atrofini changbosdi qilayotgan kampiriga boqqancha tezroq katta bo‘lib qolishni, ana o‘shanda quduqqa tushib, devni sudrab chiqib hammaning oldida ta’zirini berishni o‘ylab, ko‘zlari porlab turgan, qorachadan kelgan, shalpangquloq, oqayotgan burnini tez-tez tortib qo‘yayotgan bolakayning ozg‘in, qaltiroq qo‘llari bilan sochi qaychida olinib, uzun po‘pili qoplab turgan peshonasini silab, mehr bilan bag‘riga bosarkan, boboning ko‘z oldida uzoq o‘tmish jonlandi…
Uchta kampir halloslagancha kelardi. O‘n ikki yoshlardagi bola buvisi va qo‘shni kampirning yelkasi osilib, ko‘tarib olgan satillaridan sachrayotgan suvga parvo ham qilmay hakkalab kelayotgani, garchi qarib, boshi qaltanglagan, yetmishdan oshgan bo‘lsa-da hali tetik Duran kampirning ular ortidan quvlayotgan holidan o‘zini tiyolmay qiqirlab kulardi. Duranni insofga chaqirish, kesakka gapirganday gapligini bilib, supadagi so‘rida jimgina kuzatib yonma-yon turgan bobosi unga yov qarash qilganda, kulgichlari yuzida qotdi.
Uyga yetay deganda kampirlar tenglashdi; shuncha yalinishsa ham qo‘ymadi. Qo‘lida changgallab olgan tuproqni sochib yubordi. Satillar changga belandi…
Bobo ulardan ters o‘girilib, nigohini uzoqlarda osmonni o‘pib turgan Beshbarmoqota cho‘qqilariga qadab: “Kechagina butun bir el suv ichgan quduqqa ega ham chiqa boshladi”, deb boshini sarak-sarak qildi. Buvisining o‘ng qo‘lidagi satil yuzida bir chetiga qotqoloq tuproq o‘rnashgan, loyqamtil suvda qorayib turgan daraxt po‘stlog‘iga qiziqib boqib turgan nabira bu so‘zlarga e’tibor bermadi.
Og‘zingdan qoning kelgurlar, bo‘kib o‘lgurlar, suv ichgancha baloni ichmaysanlarmi, degan qarg‘ishlar jon-jonidan o‘tib ketgan, ifloslangan suvni tindirib ishlatishdan boshqa chorasi qolmagan, yolg‘iz o‘g‘li urushda, kelini dalada, nabirasi haftaning olti kuni maktabda, uy ishlari birgina o‘zining zimmasida qolgan momo kela solib choliga arz qilishga tushdi:
— Shu, bobosi, bir quduq qazdirsangiz bo‘lmaydimi. Qishloqda uncha-muncha erkak bor-ku. Butun qishloq sizning chizgan chizig‘ingizdan chiqmasa axir. Rais bobo degan nomingiz bo‘lsa. Qachongacha bu itfe’l Duran bilan it-mushuk o‘ynaymiz.
— Sabr qil, momosi, ko‘klam kelsin, qavm-qarindoshlarni to‘plab, shu ishga kirishaman.
— Yaxshi bo‘lardi-da, yelkalarimiz biroz kun ko‘rarmidi shunda. O‘zi u xotinga hech tushunmayman. Ikki-uch satil suv olgan bilan kamayib qolarmidi. Yerdan qaynab chiqib yotgan bo‘lsa…
— Qo‘yaver, unga ham insof kirib qolar…
— Bukrini go‘r tuzatadi. U yoqqa borganda insof bermasa. Nimasiga u uncha tashvish chekadi. Hech kimi bo‘lmasa. Xudo bekorga har tarafdan qisib qo‘ymaganda…
— Unday dema, momosi, unday dema. Tavba de. Gunohga botma.
— Ba’zan kuyib ketaman-da. To‘yganimdan gapiraman. Bugungi qilig‘ini qarang. Alam qiladigani uygacha kelib, qilib ketgan ishini aytmaysizmi. Bolaginamning ertaga maktabiga olib ketishi uchun kulcha yopmoqchi edim.
— Mayli-da endi, momosi. Zorimiz bor-u zo‘rimiz yo‘q. Bir gap bo‘lar.
— Katta hayoti bor. Bog‘ida o‘riklari to‘kilib, chirib ketsa chirib ketadiki, biror bolani oralatmaydi. Quduqni ham butun qishloq qazgan-ku. Endi u ega chiqib olgan. Tushunmayman, buning barini ertaga orqalab ketarmidi?!
— Hech kimi yo‘qda uning, momosi. Shu bilan ovunsa, ovuna qolsin. Bu injiqligi ham bekorgamas. Yolg‘iz odamga oson tutma. Hech kimning boshiga bu kun tushmasin. Bilsang, baxtsizlik odamning fe’lini tor qilib qo‘yadi.
— Bitta quduq qazdirmasangiz bo‘lmaydi endi…
— E, ko‘klamgacha sabr qil. Keyin hammasi yaxshi bo‘ladi.
— Shunday bo‘lsin, bobosi.
Orziqib kutilgan ko‘klam ham keldi. Tog‘larda bodom gulladi. Qo‘riq yerlarda boychechaklar undi. Ayollar suvni uch chaqirimlar pastdagi qishloq qudug‘idan tashishdi.
Bir kuni… Bobo qishloqdoshlarni yig‘di. Quduq qazishning maslahatini qilish kerak. Uch kundan beri tinimsiz yoqqan yomg‘ir shu bugun tinib, hammani intiq qilgan quyosh bulutlar orasidan mo‘ralagan.
— Kengashli to‘y tarqamas, — dedi u hamma yig‘ilgach. — Bitta quduq qazmasak bo‘lmaydi. Ayollar uzoqdan tashib qiynalib ketdi. Nima deysizlar?
— To‘g‘ri o‘ylabsiz, Rais bobo, — deyishdi ko‘pchilik.
— Bu ishni tezroq boshlash kerak, — dedi podachi Haqberdi aka. — Ko‘pdan quyon qochib qutulmas. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarsak bir oyga bormay yangi quduqqa ega bo‘lib turibmiz-da.
— Bunisiga ham yana birorta ega chiqadi-da, — dedi odamlarning chakki-yu tuxumini Samarqand bozoriga oborib pullab keladigan Norbo‘ta. — Bitgandan so‘ng Duranga o‘xshagan…
— Unday dema, Norbo‘ta, — dedi jahli chiqsa-da, bosiq gapirishga uringan bobo uning gapini og‘zidan yulib olgancha. — El bir narsaga bosh qo‘shganda aynitma. Bu yaxshi ish emas. Endi Duranga kelsak, u ham bir gunohkor banda-da. Nima derdik.
— Rais bobo, — dedi Karimberdi juvozkash soqolini tutamlab. — Uch kundan beri e’tibor qilaman Duran kampirning uyida jimlik. Hovlisida umuman qorasi ko‘rinmaydi. Tinchlikmikan?! Kasal-pasal bo‘lib qolgan bo‘lsa… U ham odam. Endi issiq jon deganday.
Juvozkash Duran kampir bilan ro‘baro‘ turadi. Qay birining hovlisida chumchuq uchsa bilishadi. Boboning ko‘ksida nimadir uzilib, ko‘ngli noxushlik sezgandek behuzur bo‘ldi.
— Bormadingmi?
— Bilasiz-ku, Rais bobo. Meni ko‘rsa fashistni ko‘rgandek tutaqib ketadi. Arpasini xom o‘rganmanmi uning. Chayon chaqqandek ko‘zlarini olaytirib uyimda nima qilib yuribsan, deb olamni buzishi aniq. Shu… Andisha qilib chiqmadim.
— Endi, og‘aynilar, avvalo Durandan xabar olaylik. Zamon notinch, elchilik, bir-birimizdan boxabar bo‘lmasak bo‘lmaydi.
— Qo‘ying uni, yomon o‘larmidi, rais bobo, — yana gap tashladi Norbo‘ta. — Undan ko‘ra qazilajak quduqning maslahatini qilaylik.
— Yuvilmagan qoshiqdek oraga suqulaverma, sen bola, — tutaqib ketdi birov bilan gap talashib qolsa, tez jahli chiqib janjallashib ketadigan, orqarovotdan «Qo‘yanchiq» laqabi ismiga qo‘shib aytiladigan, urushdan bir qo‘lidan ajrab qaytgan Abduvali aka. — Bu yerda nima gap ketayapti-yu valdirashingni qara. Men nima deyman qo‘bizim nima deydi, deb bittasi qo‘bizini bir urib sindirib tashlagan ekan. O‘sha qo‘bizning holiga tushib qolmayin, desang valdiramay jim o‘tir sendan kattalar gapirayotganda.
U bilan gap talashish o‘zining zarariga bo‘lishini bilgan Norbo‘ta mum tishladi.
Rais bobo boshliq butun qishloq Duran kampirnikiga yo‘l oldi.
Uch kun oldin… Kunduzi boshlangan yomg‘ir jalaga aylangan tunda… Duran kampirning bog‘ida kolxoz otxonasidan bo‘shalib chiqqan bo‘lsa kerak ikki-uch ot kurt-kurt beda chaynardi. Tomidan chakka o‘ta boshlagan chaylasining boqqa qaragan tomonidagi tokchadan boqib turgan kampirning ko‘zi qattiq chaqmoq chaqib atrofni yoritgan paytda o‘sha otlarga tushdi. Ko‘zlarida o‘t chaqnab, tashqariga otildi. Ostonada qoqilib, yiqildi. Belida bir narsa uzilgandek bo‘lsa-da, e’tibor qilmadi. Xayolida otlar. Eshik raxiga suyag‘liq, hassa qilib yuradigan tayog‘ini qo‘liga oldi-yu bog‘ tomon yugurdi. Jalada balchiq bo‘lgan, suv yig‘ilib ko‘lmak hosil qilgan yerlarda oyog‘i shiltaga botib, kalishlari loy orasida qolganini ham sezmadi. Otlar sharpani sezib, sergak tortishdi. Boshlarini ko‘tarib, bir-biriga qarashdi. Bu paytda kampir yetib kelib, birini tayog‘i bilan soldi. Ot joyida pishqirib, orqa oyoqlarini ko‘tardi…
Ko‘kragida tushgan zarbdan kampir ko‘lmak suvga to‘lgan beda poliga uchib tushdi. Ko‘zlari yulduz sanadi. Zax tanasiga o‘ta boshlagach biroz o‘ziga kelib, o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Qaddini tiklay olmadi. Sudralib ko‘lmakdan chiqdi. Chaylasi tomon emaklab, ne bir azobda kirib borganda tomdan chakka sharillab o‘tardi. To‘shalgan ko‘rpachaga amallab yetib, boshini yostiqqa qo‘ydi. Kiyim-boshi ivib, sovuqqotganidan uvishgan badani ko‘rpacha-yu, yostiqning butkul nam tortganini sezmadi…
Odamlar chaylaga kirib borganda tomdan o‘tgan chakkadan yig‘ilgan loyqa xalqobda ko‘rpa-yu yostiqlarga chaplashib, suvga bo‘kkan kampirning tanasi koptokdek shishib yotardi. Hamma yerga tikildi. Bu holdan dahshatga tushib, rangi oqargancha eshikdan ortiga qaytgan o‘smirga hech kim e’tibor bermadi…
Mayitni qo‘yib kelishdi. Uning o‘limidan birov xursand ham, xafa ham bo‘lmadi. Oradan kunlar o‘tsa-da, quduqdan suv olishga hech kimning oyog‘i tortmasdi. Yangisi kavlanib, suv chiqquncha eski hammom, eski tosdan qo‘ymasin degandek ish tutishdi.
Xotiralar qurshovida qolgan bobo “Bobojon, qarang, anavi narsani”, deya hayrati vijudiga sig‘may turgan nabirasiga, so‘ngra u qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatayotgani oqib ketayotgan, tanasi quchoqqa sig‘masa-da yillar suroni ichini yemirib, kovak hosil qilgan, quruq qobig‘ini esa quturgan suv belidan sindirgan tut tanasiga boqib, og‘ir xo‘rsingancha, butunlay boshqa gapni aytdi: “Bir paytlar butun bir el suv ichgan quduqqa bitta tul xotin ega chiqqan bo‘lsa, endi har bir xonadonda quduq kavlanayapti”. Nabira goh quturgan suvga, goh qirg‘oqlarga chiqib, biror yog‘ochmi, chetga chiqib qolgan karaxt baliqnimi tutish payiga tushib qolgan odamlarning baqir-chaqiriga, goh po‘rtanalar har tomon uloqtirib, qirg‘oqqa zarb bilan urib oqizayotgan kundaga, mahliyo bo‘lib, bu so‘zlarga parvo ham qilmadi…
Salim ABDURAHMON