Chingiz Aytmatovning birinchi muhabbati
(Badia)
Tungi Parij odamni entiktirib yuboradigan darajada chiroyli ko‘rinadi.
Nafis yaproqlarini quyosh nurlaridan asrab, kun qaytgach ming turli ko‘rku-tarovatini ayamay, lovullab ochilgan nomozshomgullarni eslatuvchi rang-barang chiroqlar poytaxtga shu qadar husnu-latofat baxshida etgan ediki, Sena daryosi bo‘ylariga ikki ming yillar oldin dastlabki g‘ishtlari qo‘yilgan bu shahar ko‘z qamashtiruvchi g‘aroyib go‘zallik saltanati og‘ushida yastanardi.
Insoniyat dahosi yaratgan eng buyuk san’at durdonalari mujassam deya e’tirof etilgan Luvr muzeyi maydonlaridan o‘tar ekanman, Parijning o‘ta maftunkor mavzelaridan biri buyuk bobokalonimiz hazrat Zahiriddin Muhammad Bobur nomlari ila atalishi qalbimni iftixor tuyg‘ulari bilan limmo-lim etgandi.
Bizning bu mamlakatga qilgan safarimiz qarigan, jonajon diyorimizga eltuvchi samolyot tungi soat birlarda uchishi va bunga hali fursat borligi tufayli aeroport salonlarini bamaylixotir, erinchoqlik bilan kezardik. Til bilmasligimiz bizni soqov kishining ahvoliga tushirib qo‘ygan, ustiga-ustak o‘zbek tilini, o‘zbekcha so‘zlashishni, o‘zbeklar bilan hangoma qilishni ham ich-ichimizdan sog‘ingandik.
Aeroport nozirlari Toshkent yo‘lovchilarini chorlayotganini eshitib ortga burilar ekanman, safar xaltasini ko‘tarib, samolyot trapi tomon yurayotgan Chingiz Aytmatovga ko‘zim tushib, bu lahzalardagi cheksiz quvonchim xuddi timsolga aylanib, mo‘jizaviy bir shaklga kirganday bo‘ldi. Men Chingiz Aytmatovni esimni taniganimdan beri yaxshi ko‘rardim.
Sochlari oqargan, yuzi, bo‘yinlarini qalin ajin qoplagan, lekin ko‘rinishidan yetmish ikki yasharga aslo o‘xshamaydigan, bo‘yi baland, barvasta va qarashlari nihoyatda samimiy bu odamga peshvoz chiqar ekanman, uning naqadar mashhurligi yodimga kelib esankirayman. Ammo ikkilanadigan fursat emasdi.
‒ Salom, Chingiz og‘a!
‒ Salom, salom!
‒ Toshkentga kelishingizni Odil Yoqubovdan eshitgan edim.
‒ Men Odil akaning kichik shogirdlaridan bo‘laman.
Chingiz og‘a xuddi eski tanishini uchratganday jilmayadi.
‒ Shogird bo‘lsang, demak, sen ham u-bu narsa yozar ekansan-da.
‒ E, bizniki shunchaki… Hozir zamon shu qadar tezlashib ketdiki, o‘qishdan qo‘l bo‘shamayapti, ‒ deyman suhbat mavzuini sal o‘zgartirishni istab. Mashhur odamlar bilan tanishishning oson tomoni shundaki, xuddi eski tanishingizni uchratganday ko‘pam begonasirayvermaysiz.
‒ Ha, o‘zgarishlar ko‘payib ketdi. Keyinroq bir kel. Gaplashamiz!
Men o‘rindig‘imni izlab nari ketdim. Yozuvchining so‘nggi so‘zi ko‘nglimda iliq bir jur’at, qayta ko‘rishish imkoniyatiga eltuvchi saodat bag‘ishlab zavqlantirardi.
Tonggi soat beshlarda dastxat yozdirib olish, keyin shu bilan birga maqtanib yurishlarini oldindan bilganim holda, o‘zlarini osmon chog‘lab yuradigan bir talay o‘zbek yosh shoir va yozuvchilarining kitoblarini ko‘tarib olib, samolyotning old qismiga qarab yurdim.
Chingiz Aytmatov suyanmagan holda mudrab o‘tirardi.
Boshi quyi egilgan, ko‘zoynagi burnining uchiga qadalib qolgan edi. Ortga tisarilib, qaytishga shaylandim. Lekin qo‘lidagi gazeta yerga tushib ketmayotgani, uning uyg‘oqligidan darak berardi.
Nihoyat u ko‘zini ochdi va bir oz sarosimaga tushib gazetalarini taxlar – taxlamas chetga surdi.
‒ Kel, chirog‘im!
Engashib ikki qo‘limni uzatdim.
‒ Uzr. Bezovta qildim.
‒ Hechqisi yo‘q. Qo‘lingdagi nima?
‒ Dastxat uchun.
Chingiz Aytmatov do‘stlarimning boyagi kitoblarini qo‘liga olib, bir-bir ko‘ra boshladi. Ba’zi bir she’rlarni ovoz chiqarib o‘qidi. “Shoiri zamon”larning kitob ortidagi rasmlariga sinchiklab tikildi. Shunday kitoblardan biri – “Dilrabo oqshomlar”ni varaqlab, anchayin tikilarkan:
Bir falsafa borga o‘xshaydi, ‒ deb qo‘ydi.
Shunda men yozuvchini o‘zimcha kashf etganday bo‘ldim. Xayolimga, “Bu buyuk yozuvchi, donishmandlarga xos zakovat bilan hayotdagi har bir hodisadan hamisha ulug‘ bir mantiq izlab yashaydi. Uning yuragiga mangu o‘chmas g‘alayon olovi yoqib qo‘yilgan”, degan fikr keldi.
‒ Bu kitoblar, albatta, Yevropa o‘quvchisining nazarida nihoyatda sodda tuyulsa kerak, ‒ dedim xuddi kitoblardan kamchilik chiqib qoladiganday.
‒ She’r ham ba’zida gulga o‘xshaydi. Gul qayerda bo‘lmasin, u baribir gul. Qadri ham, go‘zalligi ham hamma joyda birday. Toshkentdan gul ko‘tarib kelsangiz, hech kim uning gul ekanligini inkor etmaganday, bu she’rlar parijliklarga balki ma’qul tushar.
‒ Nazarimda, adabiyot avvallari bir xil edi… Endi esa o‘qiladigan narsalar shu qadar ko‘payib ketdiki… O‘qiyverib, odamning umri o‘tib ketyapti.
‒ O‘qish hech qachon ziyon qilmaydi. U odamning dunyoqarashini boyitadi. Albatta, har bir o‘qigan narsadan xulosa chiqarish kerak. Har biridan. Lekin chalg‘ib ketmaslik lozim.
– Chingiz og‘a, ilhom degan narsaga ishonasizmi? Sizga ilhom bo‘ron kabi kelsa kerag-a?
– Ilhom bor narsa. Lekin u menga qachon, qanday holatda kelishini bilmayman. Xuddi ertaga nima bo‘lishini bilmaganim kabi. Xuddi ertaga boshimga nima fikr kelishini bilmaganim kabi. Osmonda yulduzlar qancha bo‘lsa, odamning boshida ham shuncha o‘y-xayol bor. Osmonning sirini Xudodan boshqa hech kim bilmaydi. Bizning aqlimiz ham osmonga o‘xshab jumboqlarga to‘la.
– Sizning atrofingizda odamlar hamisha gavjum. Odamlarning orasida ham yozib tashlayverasizmi, yo ular xalaqit qilishadimi?
– Odamlar orasida yozolmayman. Faqat yolg‘izlikda yozaman. Hatto, xonamga birov kirib qolsa ham, chiqib ketishini kutib turaman. Odamlar orasida o‘ylanib, asarni pishitib yuraveraman, lekin yozishga kelganda, yolg‘iz qolishim shart.
– Birinchi muhabbatingizni eslay olasizmi?
– Mening otamni «xalq dushmani» deya, 1938-yil otib tashlashgan. Keyin oilamizga ham, qarindosh urug‘larimizga ham ko‘p tahdidlar bo‘lgan. Bir kuni «sovetlarga qarshi unsurning farzandi» sifatida maktabdan haydashmoqchi bo‘lib, darsdan chiqarib yuborishgan. Tashqarida uzoq vaqt yig‘lab yurganman. Maktabdan ketmayman deb o‘jarlik qilib turib olganman. Derazadan ichkariga qarab juda xo‘rligim kelgan. Hamma dars qilayapti, men esa haydalganman. Boshimni egib, hiqillab ketayotsam, ortimdan bir qizchaning chaqirganini eshitdim. O‘girilib qarasam, sinfdoshim. «Yur, seni chaqirishayapti», dedi u. Qizcha quvonchdan lov-lov yonib turardi. U boshiga qizil durracha tang‘ib olgan, yashil yashil chechaklari bor, sariq ko‘ylakda edi. Ovozi yoqimli, ko‘zlarida o‘t chaqnardi. O‘sha paytda, nazarimda u dunyodagi eng chiroyli qiz edi. O‘sha paytda butun inon-ixtiyorimni unga toshirib, uni quchoqlab olgim, sinfga emas, qir adirlar tomon yugurib ketgim, unga dunyodagi eng shirin so‘zlarni aytgim, unga dunyolarni sovg‘a qilgim kelgandi. Balki, birinchi muhabbatim o‘sha qizcha bo‘lgandir.
Men, Chingiz og‘aning bu hikoyasini eshitib, hayajonlanib ketdim. Bir so‘z aytishga holim yo‘q edi. Oramizga bir necha daqiqalik sukunat tushdi. Chingiz og‘aning qo‘lida men sevgan qizning ilk kitobi turardi. Sevgi haqida yana nimanidir so‘ramoqchi edim-u, istihola qildim. Axir qarshimda kimsan, Chingiz Aytmatov turardi. Birgina nojo‘ya so‘zim uchun u intervyuni to‘xtatib qo‘yishi mumkin edi. Hayajonlarimni yashirib, jiddiyroq savolga o‘tdim.
‒ Qaysi yozuvchilarni tez-tez o‘qib turasiz va bizga ham o‘qishni tavsiya qilasiz?
‒ Bolaligimda Ernest Xemingueyni sevib o‘qir edim. Xeminguey ijodi meni rom qilgan. Balki u ijodimga ham ta’sir qilgandir. Buni bilmayman. Hozir Gabriel Garsiya Markesni ko‘p o‘qiyman. Uni yaxshi ko‘raman va juda hurmat qilaman. Markes olamshumul shon-shuhratga to‘la to‘kis loyiq yozuvchi. Vaqt topganda Jeyms Joysni, vaqt topilsa topilmasa Marsel Prustni o‘qib turaman. O‘zimizning yozuvchilardan ko‘nglimga eng yaqini – Fozil Iskandar.
‒ Hayotingizda bo‘lib o‘tgan biror qiziq voqeani gapirib berolmaysizmi?
‒ To‘g‘risi menda birovni kuldirish, hazil mutoyiba, qiziqchilik qilish odati yo‘q. Odamlarni kuldiradigan narsalarni ham yozaolmayman. Birorta asarim satiristik yoinki yumoristik emas. Lekin o‘zim el qatori, birov qiziqchilik qilsa qo‘shilishib kulaman. Ba’zi ba’zida qatra xandalarni ham o‘qib turaman. Qiziqchilarni ichak uzdi gaplaridan yumalab qolguncha kulgan paytlarim ham bo‘lgan. Lekin latifalar esimda turmaydi. Tabiatan ko‘ngli siniqroq, mahzunroq odamman.
– Nahotki, hayotingizda bo‘lib o‘tgan birorta qiziqroq voqeani eslolmasangiz ?
– Bo‘lib turadi. Masalan, Yaponiyaga borganimizda juda katta tantana bilan kutib olishgan edi. Dasturxonni did bilan bezatishgan ekan. Turli xil anvoyi taomlar galma-gal kelib turibdi. Avval bu taomlarning birortasini ko‘rgan emasman. Oling oling deyishgandan keyin, qorin ochroq edi, tarelka chetida turgan gulni ham qo‘shib yeb yuboribman. Bizda ovqatga ko‘katlar ham solishadi-ku, tarelkada turgandan keyin buni ham yeyish kerak ekan deb o‘ylabmanda, qarasam u faqat bezak uchungina qo‘yilgan ekan. Xonamga kirganimda, eslab rosa kulganman.
– Juda qiziqarli voqea ekan. Butun dunyo taniydigan yozuvchi bo‘lish mazza-ya!
– Yomon emas.
– Bizning yozuvchilarimiz ham, butun dunyoga taniqli yozuvchi bo‘lishni istashadi. Ammo endi, barcha yo‘llar taqa taq yopildi. Avvallari rus tili orqali dunyoga tanilish mumkin edi. Ammo endi rus yozuvchilari bilan aloqalarimiz uzilib qoldi. O‘zbek tilidan rus tiliga qilinayotgan tarjima asarlarimiz sonini barmoq bilan sanasak barmoqlarimizni bir-ikkitasi sanalmay qolib ketadi.
‒ Yoshlar ingliz tilini yaxshi o‘rganishlari lozim. Imkon bo‘lsa, ingliz tilida yozishga chog‘lanaversa bo‘ladi. Ingliz tiliga tarjima qildirib, Yevropada chop etilsa, balki bir ijobiy natijaga erishilar. Lekin milliy o‘ziga xoslik, urf-odatlar umuminsoniy qadriyatlar bilan to‘ldirilib, barkamol inson qiyofasi yaratilmas ekan, u asar biron joyda muvaffaqiyat qozonmaydi.
‒ Nazarimda, G‘arbda yengil-yelpi asarlarga ko‘proq e’tibor berishadi. Sizning asarlaringiz esa doimo jiddiy va chuqur falsafiy bo‘lib kelgan.
‒ Chetdan qaraganda, chet elliklar yengil-yelpi sarguzasht romanlarga ruju qo‘yganday tuyuladi. Aslida, unday emas. Bu yerda tushunilishi qiyin kitoblarni ham ko‘p o‘qishadi. Yaqinda Germaniyada so‘nggi romanim bir million nusxada chop etildi. Meni Rossiyadan yoki Qirg‘izistondan ko‘ra o‘n barobar ko‘proq Yevropada chop etishadi. Rus tilida ko‘proq yozishimning boisi, rus tilidan Yevropa tillariga tarjima qiluvchi kishilar ko‘proq. Qirg‘iz tilini biladigan tarjimonlar o‘nta bo‘lsa, rus tilini biladigan chet ellik tarjimonlar yuzta. Asarlarim hatto rus matbuotida bosilib ulgurmasdan, boshqa tillarda kitob bo‘lib chiqadi. Masalan yaqinda, Budapeshtda bo‘ldim. Vengriyada kitoblarimni 53-marta qayta qayta chop etishibdi. Xuddi shuningdek, Germaniya, Avstriya, Shveysariyada ba’zi asarlarimni o‘ttiz, qirq martalab qayta-qayta chop etishgan. Albatta, butun dunyoga taniqli yozuvchi bo‘lish, baxt. Buning uchun taqdirimdan minnatdorman. Asarlarim 150 dan ortiq tillarda chop etildi. Juda ko‘p mamlakatlarda o‘quv darsliklariga kiritildi. Buni qaysi yozuvchi istamaydi. Taraqqiy etgan davlatlar tillarida chop etilgani juda yaxshi, lekin asarlarimning kichkina kichkina davlatlar, taraqqiy etmagan mamlakatlar, elatlar, urug‘lar, qabilalar tillarida ham chop etilgani menga g‘urur bag‘ishlaydi
Chingiz Aytmatov bamaylixotir gapirardi. Lekin u kishi o‘z «sir»larini ochayotgani, kayfiyati yaxshi ekanligidan dalolat bergani uchun erkalanib:
‒ Bir savol bersam, g‘ashingizga tegmaydimi? Nega sizga Nobel mukofoti berishmayapti? ‒ deyman va o‘z savolimdan biroz xijolat ham tortib qo‘yaman.
‒ Avvallari, meni kommunistlarga xizmat qilganlikda ayblashardi. “Asrga tatigulik kun” romanim chiqqach, vaziyat biroz o‘zgarganday bo‘ldi. Keyin, «Nega endi bizga xizmat qilmayapti”, degan to‘mtoq to‘xtamga kelib, ishni orqaga surib qo‘yishdi.
Lekin, asarlarim Nobel mukofotiga yetti-sakkiz marta nomzod sifatida qo‘yilgan. Hozir mukofotlarga qiziqish yoshidan o‘tganman desam, ko‘p ham gumonsiravermasdan ishonavering…
‒ Yaqinda, “Аргументи и факты” gazetasida juda zo‘r intervyuingizni o‘qidim. Suhbat asnosida bir-ikki marotaba qayd etib o‘tilgan Islomga bo‘lgan munosabatingiz meni qiziqtirib qoldi.
‒ Avvallari islom deganda Ibn Sino, Forobiy, Yassaviy, Navoiy kabi donishmandlarni dunyoga tortiq qilgan din tushunilardi. Endi esa, islom deganda bir gala terroristlar, buzg‘unchilar tushunilayapti. Mana shu narsa kishining asabiga tegadi. Buyuk din nomidan ish ko‘rib yurgan gazandalar nafratimni qo‘ziydi.
‒ Nahotki hozir Islom deganda dunyo faqat mana shunday gazandalarni tushunmoqda?
‒ Yo‘q, albatta. Yer shari yumaloqligini, hamma narsa bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, masalan, bugun Amerikada sakkiz million musulmon ahil, tinch-totuv yashaydi. Bill Klinton Prezident sifatida har yili hayit kunlari ahli musulmonga ziyofat berib, muborakbod etadi. Ziyofatlardan birida: “Dunyo musulmonlarning duosi tufayli qiyomatdan omon turibdi”, ‒ degan so‘zlarini gazetada o‘qiganman.
Shahzoda Charlzning “Yevropa bugungi erishgan barcha yutuqlari uchun islomdan minnatdor bo‘lishi kerak”, degan so‘zlarini g‘arbda har bir odam biladi. Xulosa: dunyo hech qachon bir yoqlama emas. Bugungi kunda Sharqqa, Osiyoga Yevropa madaniyatining, Amerika madaniyatining ta’sirini kim inkor etadi. Bugun madaniyat olamidagi bitta yangilik bir lahzada dunyoning istagan burchagiga yetib borar ekan, dunyodagi har bir odam har bir madaniyat bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketganligini tan olmay iloj yo‘q. Endi dunyoni masofalar emas, chegaralar emas, ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik ajratib turadi. Insoniyat esa hamisha ezgulikka, yaxshilikka intilib yashaydi.
Chingiz Aytmatov bamaylixotir gapirardi. U dunyo miqyosida fikrlovchi haqiqiy donishmand edi. Ko‘nglimda “yaxshiyamki, shunday odamlar bor, ularning sharofati bilan dunyo o‘z mutanosibligini, muvozanatini saqlab turibdi. Inson qalbi naqadar go‘zal, inson zakovati naqadar muqaddas ekanligini, mana shunday odamlar olamga ko‘rsatib turibdi”, degan tuyg‘ular kechdi.
‒ Manqurt haqidagi rivoyatni o‘zingiz to‘qiganmisiz?
‒ Yo‘q, uni o‘zim to‘qib chiqarmaganman.Uni menga enam aytib bergan. Enam ertak aytishga usta edi. U xalq og‘zaki ijodi namunalarining xazinasi edi. Katta- katta dostonlarni yoddan aytardi. Manqurtlar haqidagi afsonalar bolaligimda xotiramga muhrlanib qolgan edi. U yillar davomida xotiramda aylanib yurdi. Keyinchalik bu afsona “Manas” eposida ham borligi, katta enam naqadar donishmand ayol bo‘lganligini bildirdi. Enam, qachon, qayerda buncha ko‘p narsani o‘rganganligi hech aqlimga sig‘maydi. U go‘yo qirg‘iz xalq og‘zaki ijodida bitilgan jamiki asarlarni yoddan biluvchi xazina edi.
‒ Meni nazarimda manqurt haqidagi afsona sovet davlatini parchalanib ketishiga katta hissa qo‘shdi. Aytingchi, manqurtlar deganda o‘z tili, madaniyati, tarixini yo‘qotib borayotgan kommunistlarni nazarda tutgan edingizmi yoki insoniyatni halokatga boshlab borayotgan sovet tuzuminimi?
‒ Manqurtlik insoniyat paydo bo‘lganidan buyon yashab kelayotgan va insoniyatni halokatga yetaklayotgan yovuzlikdir. Manqurt odamlar avval ham bor edi, bugun ham bor. Odamlarni avvalgi asrlarda ham manqurtga aylantirganlar juda ko‘p edi, unday yovuz va johil kimsalar hozir ham bor. Bugungi manqurtlardan, bugungi odamlarni manqurtga aylantirayotganlardan ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Biz milliy madaniyatimizni, tilimizni, milliy an’analarimizni albatta asrab qolishimiz kerak. Yo‘qsa, manqurtlar millat tushunchasini kulini ko‘kka sovuradi. Bu esa, insoniyatning yo‘q bo‘lishiga olib keladi.
‒ Diplomatlar ichidagi sirlarini hech qachon oshkor qilmaydi deyishadi, yozuvchilarni esa, ichida gap turmaydi deyishadi. Siz esa, ham yozuvchi, ham diplomatsiz!
‒ Diplomatlikni ham juda qotirib qo‘ygan joyim yo‘q. Diplomatlarni ozgina ayyorligi ham bor. Mening esa ayyorlik qilish qo‘limdan kelmaydi. Men ochiq, samimiy va to‘g‘riso‘z odamman. O‘ylaymanki, to‘g‘riso‘zligim tufayli diplomatlar orasida hurmatim joyida. Qolaversa, meni ko‘p joyda, diplomat sifatida emas, yozuvchi sifatida tanishadi. Meni yozuvchi sifatida tanishlari, oraliqdagi ko‘zga ko‘rinmas to‘siqlarni olib tashlaydi. Diplomatlik ishi juda ko‘p vaqtimni oladi, bundan ancha aziyat chekaman, lekin uning yaxshi tomoni ham bor, diplomatiya dunyoqarashimni boyitdi va bugungi kunda yer yuzida nimalar sodir bo‘layotganini yaxshiroq tushunishimga yordam berdi.
‒ Siz Qirg‘izistonda eng mashhur insonsiz. Prezident bo‘ling deyishsa, rozi bo‘lasizmi?
‒ Yo‘q. Men ijodkor odamman va o‘z o‘rnimni bilaman. Prezident bo‘lishni hechqachon o‘ylamaganman va o‘ylamayman ham. Men yozuvchiman va umrimning oxirigacha yozuvchi bo‘lib qolaman. Odamlarga yozuvchi sifatidagina foydam tegaolishi o‘zimga ham ayon.
‒ Meni qanday inson bo‘lishimni istar edingiz?
‒ Hech qachon hech kimni qattiq ayblama, befoyda janjallarni ko‘tarma, odamlar bilan hamisha do‘stona munosabatda bo‘lishga harakat qil!
‒ Rahmat! Betayin savollarni berib sizni toliqtirib qo‘ygan bo‘lsam ming bor uzr so‘rayman. Sizday inson bilan uchrashtirgani uchun, samolyotga rahmat, besh soatlik yo‘l besh daqiqada o‘tib ketgani uchun, sizga rahmat. Suhbatingizdan mazza qildim. Donishmandligingiz oldida ta’zimdaman !
‒ Sog‘ bo‘l, bovurim! O‘rtoqlaringni hammasiga meni nomimdan salom ayt! Barchalaringni ijodlaringga omad tilayman. O‘zbek adabiyotini dong‘ini olamga taratasizlar deb umid qilaman. Omon bo‘l! Hali Toshkentda ham ko‘rishib qolsak ajab emas !
‒ Albatta ko‘rishamiz !
Bu paytga kelib, samolyot Toshkentga yaqinlashib qolganligi e’lon qilindi. Chingiz Aytmatov illuminator tomon o‘girildi. Oynalarda u o‘z asarlarida ko‘p bora madh etgan ona O‘zbekiston sollanib ko‘rinardi.
O‘zbekiston uning uchun naqadar ardoqli ekanligi ko‘zlaridagi sevinchda yaqqol aks etardi. Beixtiyor taraddudga tushib qolganligini ko‘rib, muqaddas sog‘inch tuyg‘usi uni qanchalik bezovta etayotganligini va bu bezovtalik zamirida benihoyat ulug‘ mehr-muhabbat mujassamligidan qalbimda g‘urur uyg‘ondi. O‘rnimdan turib, yozuvchining qo‘llaridan siqar ekanman, hapriqqan bir tovush bilan iltifot qila boshladim:
‒ Xush keldingiz, Chingiz og‘a!
Muhammad ISMOIL,
Parij-Toshkent
P/S: Ushbu badia ilk bor to‘liq holda e’lon qilinmoqda!