Ozarbayjon haqida 100 ta fakt. 7-qism
Assalomu Alaykum aziz saytimiz kuzatuvchilari! Bugun ham Ozarbayjon haqidagi bir-biridan qiziqarli maʼlumotlarni davom ettiramiz.
7-qism
61. Ozarbayjon hududida neolit va jez davriga mansub qadimgi meʼmoriy yodgorliklar: dolmenlar, kromlexlar, mengirlar, qalʼalarning harobalari saqlanib qolgan.
62. V asrga oid Lekit qishlogʻidagi xristianlarning doirasimon ibodatxonasi, VI asrga oid Chirogʻqalʼa, VII asrga oid Mingechaur ibodatxonalar majmuasi diqqatga sazovor.
63. XI-XIII asrlarda Naxichevan va Shirvon-Apsheron meʼmorlik maktabi tarkib topdi.
64. Qasrlar va masjidlar bilan birga maqbaralar (Yusuf maqbarasi, 1162 yil va Moʻmina xotun maq-barasi, XII asr, meʼmori Ajamiy) ham qurildi.
65. XIV-XV asrlarda qubbasimon va gumbazli inshootlar barpo etildi, ular girih naqshlar va tosh oʻymakorligi bilan bezatildi (Bokudagi Shirvonshohlar saroyi, XV asr, Tabrizdagi Zangori masjid, 1465).
66. XVI-XIII asrlarda Karvonsaroy, hammom va koʻpriklar qurildi, shaharlar rivojlandi.
67. Ardabiddagi meʼmoriy majmua (meʼmor Shayx Bahovuddin), Shekidagi xonlar saroyi va boshqa shu davrning eng mashhur yodgorliklaridir.
68. Ozarbayjondagi masjid, maqbara, Madrasa va boshqa inshootlar qurilishi hamda bezaklari Oʻrta Osiyo va Eron meʼmorligi bilan oʻzaro uygʻunlashgan.
69. XIX asr 1-yarmida Ozarbayjondagi qurilishda Rossiya va Yevropa meʼmorligining taʼsiri kuchaydi.
70. XX asr Boku va boshqa shaharlar qayta qurildi, yangi bino hamda inshootlar barpo etildi. Matbuot uyi (meʼmori S. S. Pen), «Inturist» mehmonxonasi (meʼmori A. V. Shchusev), Nizomiy nomidagi muzey, konservatoriya (meʼmorlari S. A. Dadashev va M. A. Useynov), M. Azizbekov nomidagi teatr (meʼmori G. M. Alizoda) shular jumlasiga kiradi. Mingechaur, Sumgait, Dashkesan kabi yangi shaharlar qad koʻtardi.
Ulug‘bek ALIMOV,
www.turkona.uz muxbiri