Olim Ko‘hkan
Janubiy Turkistonlik yozuvchi, shoir, jurnalist, tarjimon va madaniyat faoli Muhammad Olim Ko‘hkan 1962-yilning bahorida shimoliy Afg‘onistonning Foryob viloyatidagi Guzori qishlog‘ida dunyoga kelgan.
U G‘uzorliklar sulolasiga mansub. Rivoyatlarga ko‘ra Ko‘hkanning ajdodlari O‘zbekistonning G‘uzor mintiqasidan Amudaryoning janubiy tomoniga ko‘chib o‘tganlar. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Olim Ko‘hkan tug‘ilib o‘sgan qishloq G‘uziri (G‘uzorga mansub) deb nomlanadi.
Ko‘hkan boshlang‘ich va o‘rta maktabni tug‘ilgan tumani Jumabozorda bitirib, litseyni 1981-yili viloyat markazi Maimana shahrida tugatgan. 1983- yili ushbu shaharda “Dorulmuallimin” deb nomlanuvchi muallimlarni tayyorlaydigan o‘quv yurtini tamomlagan.
2016-yili poytaxt Kobulda “Gavharshod” nomli universitetda huquq va siyosiy bilimlar fakultetini bitirgan.
Olim Ko‘hkan ilk bor 1982-yili “Foryob” nomidagi kundalikning bosh muharriri o‘laroq ishga kirgan. U uzoq yillar mazkur kundalik bosh muharri va Foryob viloyatining madaniyat va axborot boshqarmasi boshlig‘I bo‘lib xizmat qilgan.
1999-2001 yillarda Pokistonning Peshovar mintiqasida muhojir sifatida hayot kechirgan. Aynan o‘sha yillarda “Amir Alisher Navoiy” nomidagi anjumanning badarg‘alikdagi nashri “Chovush” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari bo‘lib faoliyat olib borgan.
U poytaxt Kobulda 2018-2020 yillari “Ulus” nomidagi gazetaning bosh muharriri sifatida ishlagan. Ko‘hkan Kobulda “Aryono” nomidagi xalqaro telekanalda olti yil o‘zbek xizmatini boshqargan. Shuningdek, bu telekanalning Kobul idorasi boshlig‘i bo‘lib ham faoliyat yuritgan.
Ijodkor 1981-yili ijod olamiga kirib kelganini alohida qayd etish joiz. Uning ijod namunari hamda o‘nlab ijtimoiy, siyosiy, adabiy va madaniy mazmundagi maqolalari “Foryob”. “Yulduz”, “Chovush” va boshqa bir qator nashrlarda chop etilgan. 1998-yildan to 2021-yilning oxiriga qadar “Ozodlik radiosi” o‘zbek xizmatining Afg‘oniston bo‘yicha jurnalisti sifatida xizmat qilgan.
Shoirning “Sen uchun yaraldim” nomli she’riy to‘plami Kobulda Afg‘oniston Qalam anjumani tarafidan nashr qilingan. Ko‘hkan muallifi bo‘lgan “O‘zbek adabiyoti fahangi” kitobi 1995-yili Foryob davlat matbaasida chop qilingan. Bundan tashqari, Aburayhon Alberuning hayoti va faoliyatiga oid ”G‘aznanigini” kitobining o‘zbekcha tarjimasiga kata hissa qo‘shgan.
Yozuvchi 2016-yili Kobulda Alisher Navoiy tavalludining 575-yilligi munosabati bilan uyushtirilgan xalqaro simpoziumga Navoiyning o‘nlab g‘azallarini tanlab, “Olam ahlin sog‘inurmen“ unvonli she’riy kitobni nashrga tayyorlagan. Olim Ko‘hkan hikoyalari Kobulda “Afg‘oniston ma’lumot markazi” (“ACKU”) “Qo’rqinchli kunlar“ nomli hiyoyalar to’plamiga kiritilgan.
U 2021-yilda Amir Alisher Navoiy tavalludining 575- yili Kobul va Hirotda o‘tkazilgan xalqaro Simpoziumga o‘zbek xalq maqollarini forscha va pashtun tillaridagi tarjimalari bilan kitob holida tayyorlab, taqdim etgan.
Yozuvchi Kobulda “Boburnoma”ning tabdil nusxasi, “O‘tgan kunlar”, “Yulduzli tunlar” hamda turk yozuvchisi Ahmad Lutfi Qozonchining “O‘gay ona” romanlarining arab yozuvida nashr ettirishga faol hissa qo‘shgan.
Ko‘hkan 2002- 2021-yillar orasida Afg‘onistonda o‘zbek xalqining tarixiy va adabiy buyuklarining tug‘ilgan sanalarini nishonlashda yaqin hamkorlari bilan tashabbus ko‘rsatib kelgan. Mamakatda 21- sentabr o‘zbek tili milliy kuni sifatida davlat tomindan e’tirof etishi uchun yo‘lga qo‘yilgan tashabbuslarda tinimsiz qatnashgan.
Ijodkor ijtimoiy va madaniy faoliyatda ham o‘zini ko‘rsatgan. Kobulda “Afg‘oniston Qalam anjumani”, “Turon” nomidagi ijtimoiy va madaniy jamg‘arma asoschilaridan. Afg‘oniston tarixida birinchi gal o‘zbek tilida nashr etilgan adabiyotlarning kitob ko‘rgazmasi Olim Ko‘hkan va uning hamkorlari tashabbusi bilan amalga oshirilgani tahsinga sazovor.
Olim Ko‘hkan adabiy, madaniy, jurnalistik faoliyatlari uchun mamlakat rahbari tarafidan “Mir Masjidixon” nomidagi ko‘krak medali bilan e’zozlangan.
Olim Ko‘hkan ijtimoiy hayotda ham faol. Kobul shahrida muhim sanalarda tashkil etilgan to‘rtinchi “Luya Jirga” xalq namoyandalarining ulkan yig‘ini, (Afg‘onistonga xos)da qatnashgan.
Shuni alohida qayd etish joizki, ijodkor o‘zbek tilida ta’lim olmagan. Uning ona tiliga ko‘rsatgan azaliy mehri o’zbek tilini ustozsiz o‘rganishiga olib kelgan. Shoir va yozuvchi Olim Ko‘hkan bugungacha faqat o‘zbek tilida ijod etib kelmoqda.