Sultanbek Qallibekov
1998-yil Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tug‘ilgan. 2021-yil O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filiali (kunduzgi)ni tamomlagan.
Ma’lumoti: rejissorlik (turlari bo‘yicha). 2021-yili Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida aktyor sifatida ishlagan. Hozirgi kunda shu teatrning rejissor yordamchisi bo‘lib faoliyat yuritayapti.
Sultanbek Qallibekov yosh bo‘lishiga qaramasdan, bir necha spektakllarni sahnalashtirib, tomoshabinlar hukmiga havola qilishga ulgurdi. Ayniqsa, u sahnalashtirgan Qayrat Imanaliyev qalamiga mansub “Qo‘rqit ota” spektakli Joriy yilning 26-30-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan yosh rejissorlarning “Debyut-2022” 7-Respublika ko‘rik-festivalida faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.
Qayd etish joizki, teatr jamoasi aynan shu spektakl bilan keyingi yilning mart oyida “Yevraziya” Xalqaro teatrlar san’ati festivaliga qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Yosh, iste’dodli rejissor ayni damda yangi, tomoshabinga estetik zavq beradigan spektakllar sahnalashtirish ustida ish olib bormoqda.