Azizulloh Orol
1958-yil Afg‘onistonning Foryob viloyati Andko‘y tumanida tug‘ilgan. Boshlang‘ich va o‘rta maktabni o‘zi tug‘ilgan shaharda tugatib, 1979-yil Qobul universitetining til va adabiyot fakulteti fors tili va adabiyoti bo‘limiga o‘qishga kirgan. Fakultetning a’lochi talabasi sifatida universitet tomonidan tahsilni davom ettirish uchun xorijga yuboriladi.
U avvaliga Ozarbayjon, so‘ngra, O‘zbekistonda tahsilni davom ettiradi. 1986-yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning filologiya fakultetida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni bitirib, filologiya fanlari bo‘yicha magistrlik darajasini imtiyozli ravishda olishga muvaffaq bo‘ldi.
Azizulloh Orol hozirgi kunda Tojikiston davlat pedagogika universitetida xalqaro va zamonaviy jurnalistika bo‘yicha PhD ilmiy darajasi dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.
A.Orol 1987-88 yillarda Qobul universitetining til va adabiyot fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limida ishladi. So‘ngra, uch yil O‘rta Osiyo tadqiqot markazida tadqiqotchi muharrir vazifasini bajardi. 1990-yildan boshlab turli milliy va xalqaro matbuot (media)larda muxbir, muharrir va rahbar vazifalarida ishladi.
Shuningdek, 2008-2009-yillarda Afg‘oniston Maorif vazirligining maktab o‘quvchilar uchun darslik kitoblari tayyorlash idorasida o‘zbek sinflarga ona tili darslik kitoblarini yozish vazifasini bajardi. 2010-2016-yillarda Afg‘onistonning eng ilg‘or xususiy radio-televideniyesi “Oriono” ga rahbarlik qildi.
Mutaxassis o‘zbek, fors (tojik, dariy), ingliz, rus, nemis, turk va pushtu tillarini biladi. Asosiy ijod tili o‘zbek va dariy, fors, qisman ingliz tillaridir. Yozgan maqolalari Afg‘oniston va boshqa mamlakatlar nashriyotlarida chop etilgan.
“Navoiy ‒ inson huquqlari homiysi”, “Navoiy ijodida tabiat ta’rifi”, “Amerikada Navoiy qo‘lyozmalari”, “Navoiy bizning Shekspir”, “Zahiriddin Muhammad Boburning Afg‘oniston tarixida tutgan o‘rni”, “Gavharshodbegim afg‘onlar nigohida”, “Afg‘onistonda shaxs, maqom mahorati”, “Uch tamaddunni birlashtirgan alloma Abu Rayhon Beruniy”, “Afg‘onistonda o‘zbek tili milliy kuni”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Dariy va pushtu tillariga o‘zlashgan tub o‘zbekcha so‘zlar”, “Shoh Amonulloxon davrida madaniyat va matbuotning o‘rni”, “Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida matbuotning roli” kabi maqolalar shular jumlasidan.
Uning “O‘zbek tili alifbosi”, “Dariy-ingliz-o‘zbek so‘zlashgich”, “Sog‘inch”, “G‘azna nigini”, “Pochoxon”, “O‘zbekcha, inglizcha, turkcha, forscha, pashtucha iboralar kitobi” nomli kitoblari chop etilgan. Bundan tashqari, olimning “So‘z”, “Inson huquqlari”, “O‘zbek tili” nomli kitoblari chop etilish arafasida.
Azizulloh Orol 2017-yili rasman tashkil etilgan “Kitob” madaniy markazi ilmiy-ma’rifiy tashkilotiga rahbarlik qilib kelayotir. Ushbu tashkilot tashabbusi bilan 2019-yil fevral oyida “21-oktabr Afg‘onistonda o‘zbek tili kuni” sifatida mamlakat rasmiy taqvimiga kiritilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mamlakat tarixida birinchi marta 70 ming so‘zdan iborat “O‘zbek tilining milliy qomusi”ni yozib, chop etish tashabbusi yo‘lga qo‘yildi.
Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Lev Gumilyovning “Qadimgi turklar”, “Abu Rayhon Beruniy hayoti”, “O‘zbek tili tarixi” kitoblari hamda boshqa bir qator she’riy to‘plamlari chop etib, tarqatilgan.
Shu bilan bir qatorda uning qalamiga mansub “O‘zbekcha-forscha-inglizcha-turkcha-pushtucha” so‘zlashgich kitobi ham chop etilib tarqatildi. Afg‘onistonda o‘zbek tili, tarixi, adabiyoti, sana’tiga oid faoliyatlarni yo‘lga qo‘yib, rivojlanishiga hissa qo‘shib kelmoqda.
Hozirda Afg‘onistonda eng katta lug‘at hisoblanmish “O‘zbek tilining milliy qomusi” ni nihoyasiga yetkazish ishlari bilan band.
Uzoq yillik AQSH fuqaroligiga ega mohir olim Kaliforniya shtatida oilasi bilan birga istiqomat qiladi.
E’tiborlisi, Azizulloh Orol 2022-yilning boshidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarga dars berib kelmoqda.