Nasimxon Rahmonov 70 yoshda!

Filologiya fanlari doktori, professor Rahmonov Nasimxon Asqarovich 1952-yilning 16-oktabrida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi Jov qishlog‘ida tavallud topgan.
1969-yili Nayman qishlog‘idagi 20-o‘rta maktabni bitirgan va shu maktabda yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlagan.
1970-yili Farg‘ona davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirib, 4 yildan so‘ng uni muvaffaqiyatli tamomlagan.
1974-1975-yillarda Quvasoy shahridagi 20-o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars bergan. Bir yildan so‘ng, Toshkentga kelib, “O‘qituvchi” nashriyotida korrektor bo‘lib ishlagan bo‘lsa, 1976-yili Armiya safida yigitlik burchini o‘tagan.
1976-77 yillari Buvayda tumanidagi 8-maktabda o‘qituvchi, 1977-1979-yillari “O‘qituvchi” nashriyotida korrektor, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limi muharriri bo‘lib faoliyat yuritgan.
1979-yili O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Qo‘lyozmalar institutiga ishga o‘tib, u yerda kichik ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, katta ilmiy xodim, bosh ilmiy xodim, institut direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, direktor vazifalarida xizmat qilgan.
1998-2001-yillari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida samarali xizmat qilgan.
Atoqli olim 2001-yildan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga ishga o‘tib, professor, Jurnalistika fakultetining dekani lavozimlarida ishladi.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidagi mehnat faoliyati ham e’tiborga molik.
Hozirgi kunda Ustoz Nasimxon Rahmonov Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakulteti “O‘zbek adabiyotshunosligi” kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda.
Nasimxon Rahmonov 1984-yili “Kul tigin yodnomasi (VIII asr) poetikasi” mavzusida nomzodlik, 1991-yili “O‘rxun-yenisey yozma yodgorliklari va turkiy eposlar munosabati” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1993-yili esa professor ilmiy unvonini olgan.
Yetuk adabiyotshunos, mohir turkologning ilmiy faoliyati bevosita qadimgi turkiy xalqlarning ijtimoiy-siyosiy va etnik tarixi bilan bog‘langanini alohida ta’kidlash joiz.
Nasimxon Asqarovichning “Toshga bitilgan kitoblar” (1983), “Inson ruhining sadosi” (1986), “Bitiglar olamida” (1990), “Turk xoqonligi” (1993), “O‘zbekistonning ko‘hna turkiy-run yozuvlari”, “Madaniyatshunoslik” kabi darslik, qo‘llanma, majmua, monografiya hamda to‘plamlari o‘zbek adabiyotshunosligi hamda turkologiya rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.
Hozirga qadar milliy hamda xorijiy OAVlarda olimning 250 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari e’lon qilingan.
N.Rahmonov qadimgi turkiydan hozirgi o‘zbek tiliga tabdil qilib, chop ettirgan katta hajmdagi ikki kitobdan iborat “Oltun yorug‘” asari nafaqat O‘zbekistonning, balki O‘rta Osiyo va Rossiya Federatsiyasining ma’naviy hayotida ulkan voqea bo‘lganini turkiyshunoslar alohida ta’kidlashadi.
Olim xorijiy mamlakatlarda o‘z ma’ruzalari bilan muntazam ravishda ishtirok etib keladi. Maqolalari Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon kabi bir qator xorijiy davlatlarda chop etilgan.
Shuningdek, Nasimxon Asqarovich Qozog‘istondagi Lev Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti hamda Qozog‘iston Fanlar Akademiyasi Adabiyot va san’at institutining grantlari loyihasida ham ishtirok etgan.
Atoqli mutaxassisning Turkologiya sohasidagi xizmatlari xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. Nasimxon Rahmonov Turkiyadagi Yangi Turkiya strategik tadqiqotlar institutining mukofoti (2017), Ostona shahridagi Xalqaro Turkiy Akademiyaning kumush medali (2018) hamda Qozog‘iston xalqlari Assambleyasining Oltin medali (2020) bilan taqdirlangan.
Olim oilali, 3 nafar farzandning otasi, 4 nafar nabiraning sevimli bobosi.
Mohir pedagog, zabardast turkolog hamda adabiyotshunos olim Nasimxon Asqarovichni qutlug‘ yoshlari bilan samimiy muborakbod etamiz!
Ustoz, ilohim, doimo yuz bilan yuzlashib, turkiy so‘zlar bilan tillashib yuring. 70 yoshingiz muborak bo‘lsin!
Turkona.uz jamoasi