Salomda baraka bor!
Salomlashishda qo‘lni ko‘ksiga qo‘yish, boshni shu tomonga egish, qaddini sal egish kishiga fayz beradi. Salom olayotgan kishiga nisbatan hurmat ma’nosini bildirib qolmay, milliy urf-odatlarimizning chiroyli ko‘rinishlarini ifoda etadi. Bir-biroviga salom aytib yuborish, qarz gap bo‘lib, albatta, u kishini ko‘rganda xabarni bermoq har bir kishining insoniy fazilatlaridan biridir. Birinchi bo‘lib salom bermoq, kishining ziynatidir. Salomga alik olmoq lozim, bo‘lmasa uning bo‘ynida salomning qarzi qolib ketadi.
E’tibor bersangiz, salomlashish kishiga iliqlik ulashadi. O‘zbekona salomlashishimiz esa tahsinga loyiqdir. Ko‘pincha gap talashib qolganlar nima qilarini bilmay yurganda, ikkinchi tomonning salom berishi o‘rtadagi munosabat yechimini beradi. Salom bergach, alik oladi, o‘z-o‘zidan o‘rtadagi sovuqlik ketadi. Bu paytda salomga javob bermaslik ‒ munofiqlik belgisidir. Undan uzoqroq bo‘lish lozim. Gohida yozganimizda “Salom” so‘zini yozamiz. Bu haqida ko‘pchilik har xil fikrda bo‘ladi. Balki, qisqa salom ham salomlashishga kirar…?
Ayniksa bu, ijtimoiy tarmoqda ko‘p kuzatiladi. Shoshib turganda, qisqa qilib salom berish ayb bo‘lmasa kerak. Siz nima deysiz?
Bu haqida kimlardir yozgandir, men o‘qimagandirman, hayotiy kuzatuvlarim asosida yozdim va kamchiliklari uchun uzr so‘rayman.
Har kun tongda bir-birimizga salom berish, yaxshi kayfiyat ulashish nasib nasib etib yursin!
Robiya CHAMAN qizi