Menda bori tengdoshimda ham bo‘lsa, ijod maydoniga bir xil chiqa olamiz
(Qozog‘iston Respublikasining “Шинар жапирақтари” yosh isteʼdodlar ittifoqi direktori, yosh qalamkash Eldorbek TATIYEV bilan suhbat)
2019-yil Shimkent pedagogika universiteti talabasi boʻlgan holda shu yildan boshlab mehnat faoliyatingizni boshlagan ekansiz. Hozirgi vaqtda bunday yoshlarni topish mushkul. Hozirga qadar qaysi sohalarda ishlagansiz? Faoliyatingizni boshlashingizdagi shijoat, gʻayrat sababi ne?
Assalomu alaykum, aziz dindoshlarim, qondoshlarim avvalambor, e’tibor uchun tashakkur. Hamma narsa insonning o‘z intilishiga bog‘liq. Yurakda Vatan hissi bilan baravar millat hissi ufurib turishi kerak. Qozog‘iston Respublikasida yashovchi mendan keyingi yosh avlodga o‘z ona tilim ‒ o‘zbek tilida dars berishga ahd qildim.
Ijod qildim, hali davom ettirib kelyapman. Ilohim yakunini Xudoyim go‘zal suratda qilsin.
Yosh boʻlishingizga qaramay katta marralarni zabt eta olgan isteʼdod egasisiz. 2022-yildan buyon “Шинар жапирақтари” yosh isteʼdodlar ittifoqining direktori lavozimida faoliyat olib boryapsiz. Mana shu ittifoqning faoliyati bizni qiziqtiradi. Yoshlar qaysi mezonlar asosida bu ittifoqqa aʼzo boʻlishlari mumkin?
“Chinor yaproqlari” deb nomlashimga sabab, chinor misoli turkiy til bo‘lsa, yaproqlari yoshlar. Hozirga qadar uch respublikaning turli medal hamda mukofotlariga sazovor bo‘ldim. Qozog‘istonda ham O‘zbekistonda bo‘lgani kabi yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Elboshimizdan xalq mamnun.
Endi bevosita savolning javobiga kelsam, ushubu tashkilotga a’zo bo‘lish u qadar qiyin emas. Misol uchun, biror ijodkorning kitobi chiqqan bo‘lsa, tashkilotimizga bir nusxa topshiradi. Biz u ijodkorga a’zolik guvohnoma taqdim qilamiz. Agar kitobi chiqib ulgurmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan maqolalaridan manunalar ko‘rsatgan holda, a’zolikka qabul qilinishlari mumkin.
Tan olish kerak, ushbu yoshlar tashkilotini tuzishda mashaqqatlar ham bo‘lgan. Yaxshi bor, yomon bor deganday, to‘siqlar uchrashi, tabiiy. Aytmoqchimanki, Yurtga, elga xizmat qilaman degan ijodkor dadil qadam tashlashi, ortga chekinmasligi lozim.
Bilishimizcha, siz qozoq-o‘zbek antalogiyasi noshiri ham ekansiz. “Buloqlar mavjida” antalogiyasi ham eʼtiborimizni tortdi. Bu antalogiya ishtirokchilari va uning tarkibidagi manbalar ham bizga qiziq. Bundan tashqari yana sheʼriy kitoblaringiz ham chop etilibdi.
Qozoq-o‘zbek ijodkorlari antalogiyasida Qozog‘istonda o‘zbek tilida ijod qiladigan ustoz ijodkorlar bilan bir qatorda O‘zbekistondagi Ustozlar va yoshlar ijodidan namunalar e’lon qildik.
Ikki elda yashayotgan bir xalq, o‘z ijodlari orqali, Vatanni sevish, baxtni tarannum etish maqsadlari olg‘a surilgani, e’tiborga molik jihat.
“Buloqlar mavjida” antalogiyasida Qozog‘iston Respublikasining Qorabuloq qishlog‘ida yashovchi, shu yerda ijod qiladigan ijodkorlarning ijod namunalari jamlandi. Ta’kidlash joizki, antalogiyada tarixi uzoq tarix qa’riga tutashuvchi qishloq ahlining ko‘nglidagi samimiy tuyg‘ulari aks etgan.
Ijodiy faoliyatingizdan uzoqlashmaymiz. Koʻpchilik ijodkorlar faqatgina bir yoʻnalish bilan cheklanib qolmaydi. Yaʼniki, nasrda ham nazmda ham birdek samarali ijod qiladi. Bilishimizcha, siz ham nasrda ijod qilgansiz. Qanday hikoyalar yaratgansiz? İjodiy ishlaringiz va maqolalaringiz matbuotda qay darajada ommalashmoqda?
Men ko‘proq nazmda ijod qilaman. “Keksalarni aslo ranjitmang” hikoyam gazetada chiqib, ijobiy fikrlar bildirildi. Unda milliy urf-odatlarimiz tarannum etilgan bo‘lib, unga rioya etmaslik, nopisandlik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinlgi eslatilgan. Shuningdek, yaqinda “Qarg‘ish” nomli hikoyam ham matbuotda e’lon qilindi.
Lekin nasrda ko‘p ijod qilmayman. Hozirga qadar “Haq yo‘lingdan yurgayman” nomli she’riy to‘plamim dunyo yuzini ko‘rdi. U haqda iliq fikrlar eshitganimda, ich-ichimdan xursand bo‘laman. Bu menga zamona tili bilan aytganda, ulkan motivatsiya beradi.
Bugungi kunda yoshlarga, tengdoshlarimga keng imkoniyatlar yaratilib berilayotir. Ulardan unumli foydalanish, ishonchni oqlash hamda bunga munosib mehnatlar ro‘yobini ko‘rsata olish kerak.
Hozirga qadar qo‘lga kiritgan yutuqlaringiz tengdoshlaringiz hamda qardoshlarga qiziq, albatta.
Men maktabga borganda yolg‘iz sumka bilan bormaganman. Tengdoshlarga dars uchun qo‘shimcha bukletlar, tarqatma kitoblarni ikki sumkaga solib olardim. Ikki qo‘lim doim band bo‘lardi. Nimaga urg‘u berayotganimni sezgandirsiz: o‘qigan, harakat qilgan odam kam bo‘lmaydi. Hozirga qadar ozmi ko‘pmi yutuqlarga erishdim. Qo‘lga kiritgan medal, ko‘krak-nishonlar soni 9 taga yetdi. Ko‘cha-kuyda, adabiy davralarda o‘zimga o‘xshagan yoshlarni ko‘rsam, darrov ular bilan suhbatlashib, o‘zim erishgan yutuqlar sari yetaklashga harakat qilaman. Menda bori tengdoshimda ham bo‘lsa, ijod maydoniga bir xil chiqa olamiz.
Qo‘lni qo‘lga bersa, yelkama yelka turilsa, albatta yoshlar birlashadi, jipslashadi. Yoshlar vaqtlaridan unumli foydalansa, o‘z ustida izlansa, marra albatta uniki bo‘ladi.
Yuragi toza, niyati pok, harakatchan inson yutuqlarga tez erishadi.
Yurtimizning Qashqadaryo viloyati Xalqaro xayriya jamoat fondining Qozogʻistondagi rasmiy vakili sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqdasiz. Ushbu fondning tashkil topishi, undan koʻzlangan maqsad va bu fondga qaysi davlatlar aʼzoligi haqida ham batafsil maʼlumot bersangiz.
Keling, shu savolingizga javob bermasam. Nazarimda, qaytargan javoblarim go‘yo minnatdek bo‘lib qolishi mumkin. Fondning faoliyati haqida kelgusi suhbatlarda batafsil javob berishga harakat qilaman.
Mayli, kelishdik. Mehnat faoliyatingiz, shijoatingiz, erishgan yutuqlaringiz koʻplab yoshlarni yanada shijoatli bo‘lishga, koʻzlangan maqsadlari yoʻlida gʻayrat bilan harakat qilishiga turtki bo‘lishi tabiiy, albatta. Kelgusi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. Tengdoshlaringizga qanday maslahat va motivatsiyalar tavsiya qilasiz?
Kelgusi rejalar haqida to‘xtalsam, sentabr oyida “Do‘stlik ko‘prigi” deb nomlangan tarjima kitobimizning taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bu kitobda o‘zbek qondoshlarimiz ijod namunalarini qozoq tiliga tarjima qilganmiz.
She’riyat insonning yuragiga kirib boradi. Agar ikki xalq o‘z qardoshlarining his-tuyg‘ularini yaxshi tushunsa, albatta mehri va hurmati yanada ortishiga imonim komil.
Motivatsiya sifatida ‒ hech qachon ortga chekinmang. Qo‘lingizdan hamma narsa keladi. Siz barini uddalaysiz. Birinchi marta o‘xshamasa, ikkinchi gal, aniq o‘xshaydi. Asosiysi, o‘z oldingizga maqsadni to‘g‘ri qo‘yib oling hamda shu yo‘lda harakat qiling. Aminmanki, siz uchun egallanmay turgan cho‘qqini kun kelib zabt etasiz.
turkona.uz muxbiri
Gulasal RUSTAMOVA suhbatlashdi
Ma’lumot o‘rnida:
Eldorbek Tatiyev 2000-yilning 20-iyulida Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati Sayram tumanidagi Qorabuloq qishlog‘ida tug‘ilgan.
2019-yildan Shimkent pedagogika universitetining O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabasi. O‘zbek va qozoq tillarini mukammal biladi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari:
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim fidokori”;
Qirg‘iziston Respublikasining “Turon birligi”, “Алем алқағы”, “Tashabbuskor islohotchi”,
Qozog‘iston Respublikasi Ko‘kshetau madaniyat markazining “Mohir qalamkash”, Dunyo talantlari ittifoqining “Abay” medali;
“Қурмет” jamoat birlashmasining “El umidi” esdalik nishonlari sohibi.
Shuningdek, Qirg‘iz oqin yozuvchilar fondi a’zosi.