Navoiy shaxsiyati dunyo miqyosidagi hodisa
Azizulloh Orol hozirgi kunda Afg‘onistonda eng katta lug‘at hisoblanmish “O‘zbek tilining milliy qomusi”ni nihoyasiga yetkazish bilan band. AQSH fuqarosi bo‘lgan tadqiqotchi oilasi bilan Kaliforniya shtatida yashaydi. U Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining matnshunoslik va adabiy manbashunoslik kafedrasi o‘qituvchisi sifatida faoliyat olib borish bilan birga, “Afg‘onistonda navoiyshunoslik” mavzusidagi PhD ilmiy darajasi dissertatsiyasi ustida ishlamoqda. Fidoyi olim bilan xorijda mutafakkir bobomizning hayoti va ijodi qanday tadqiq etilayotgani, dunyo ahlini hamon hayratga solayotgan noyob merosi haqida suhbatlashdik.
Azizulloh janoblari, nafaqat sharqlik, balki g‘arblik navoiyshunoslarning ham ta’kidlashlaricha, bugungi kunda Alisher Navoiy haqida yozish, san’atkorlik qudratini tadqiq etish, ijodiy asarlarini targ‘ib etish har qachongidan ham muhimroqdir. Chunki bugungi jamiyat uchun uning ideallariga ehtiyoj bor. Hazrat Alisher Navoiy mangu qo‘nim topgan Afg‘on diyorida bu ma’naviy ehtiyoj qay darajad ekanligi, albatta, bizni qiziqtiradi…
XV-asrda yashab ijod etgan hazrat Alisher Navoiy ijodiyatini ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, bu ulug‘ simo hozirgi kunda biz bilan birga yashab, hayotimizning, jamiyatimizning turli qirralarini sinchiklab mutolaa qilib yozib berayotgandek to‘yuladi. U guyo biz bilan birga yurgandek-u, ammo biz uni ko‘rmayotganga o‘xshaymiz. Nega shunday deganda aytish mumkinki, olamshumul Navoiy o‘z zamonida bizning zamonimizni tasavvur eta bilgani va dark eta bilganligidadir. Olimning asarlarida hayotning biror bir sohasi yo‘qki, o‘z aksini topmagan bo‘lsa. Hozirgi XXI-asrning dolzarb muammolari: tinchlik, sog‘lik, erkinlik, ta’lim-tarbiya, odamiylik, inson huquqlari, ayollarga munosabat, atrof-muhitni muhofaza qilish, qochqinlik kabi masalar bundan besh yarim asr olidin Navoiyning diqqat markazida bo‘lganligi-yu, hozirgi kunda bu muammolar butun dunyoni o‘ziga jalb etayotgani va juda katta mablag‘ga tushayotgani hech kimga sir emas. Bugungi kundan ulug‘ mutafakkir Navoiyning fikrlari, dunyoqarashi va odob-axloqiga bo‘lgan ehtiyoj va zarurat boshqa har qanday yurt va uning xalqidan ko‘ra, Afg‘oniston diyori va uning fuqarolari uchun muhimligi va mavjudligi hammaga kundek ayon. Chunki bu mamlakatda taqriban yarim asrdan buyon davom etib kelayotgan natijasiz janglar, qon to‘kishlarning oldini olish uchun Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar fikrlariga tayanib ish ko‘rishni zavmon taqozo etadi. Shuning uchun ham Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan uning abadiy oromgohi ko‘hna Hirotda 2021-yilda o‘tkazilgan xalqaro anjumanga “Navoiy tafakkurlarini qayta o‘rganish” deb, nom bergan edik.
Xuroson va Movarounnahr tarixida “Temur va temuriylar davri” deb atalmish palla Navoiyning tahsin va g‘ururini uyg‘otar edi. Chunki bu davr “turk ulusi” zodagonlarining hokimiyat boshiga kelishi va milliy madaniyat hamda adabiyotning taraqqiyoti davri bo‘lgan. Zotan, Xuroson va Movarounnahrning bu davr tarixi buyuk mutafakkirning bunyodga kelishiga zamin hozirlagan. Siz o‘z tadqiqotlaringizda ushbu davr bilan bog‘liq qanday voqeliklarni kashf etdingiz?
Hirotdagi Uyg‘onish davri (1431-1541) Yevropadagi Uyg‘onish davriga parallel ravishda boshlandi va jamiyat uchun madaniy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy va san’at sohalarida juda muhim natijalarga erishishga olib keladi. Hirot Uyg‘onish davrida Shohrux va uning farzandlari, Sulton Husayn Boyqaro va uning avlodlari, Amir Alisher Navoiy, Jomiy va Behzod kabi shaxsiyatlar o‘rni va roli beqiyosdir. Bu Uyg‘onish davri odamlarni ikki asr davomida qiynab qo‘ygan siyosatdan yuz o‘girish samarasi hisoblanadi. Amir Alisher Navoiy Hirot Uyg‘onish davri tarixidagi nufuzli shaxslardan biri hisoblanadi. U bu davrda Sulton Husayinning iqtidorli vaziri, zukko donishmand va buyuk mutafakkiri sifatida ikki asrlik zulm, ishonchsizlik, urush, o‘ldirish, insonlarni xo‘rlash, ocharchilikkalarga chek qo‘yishga hissa qo‘shgangan. Navoiy o‘z muhiti madaniyati va jamiyati qiyofasini o‘zgartirshga katta ta’sir qilgan, moddiy va ma’naviy madaniyatni yuqori cho‘qqiga ko‘targan ulug‘ simodir.
Shu bois ham bu olamshumul inson – Alisher Navoiyning o‘zi va nomi bizgagina tegishli bo‘lmay, butun olamniki, degim keladi. Shu bilan birga Navoiy nafaqat ko‘p qirrali ilm-fan va davlat arboblari, ma’naviyat va ma’rifat sohasida o‘nlab insonlarga rahnamo bo‘lgan, balki san’at, adabiyot, binokorlik, rassomlik, musiqashunoslik, me’morlik kabi sohalarda ham jamiyatning moddiy qiyofasini o‘zgartirishga katta hissa qo‘shgan iste’doddir.
Alisher Navoiy o‘z davrining eng adolatparvar, bilimdon va san’at sevar donishmandi sifatida bashariyat tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Uning xizmati davrida allomalar, adiblar, naqqosh, xattot va me’morlar yetishib chiqdi, shuningdek uning davrida tahsinga sazovor qurilish ishlari amalga oshirildi. Siz bevosita ushbu jarayonni o‘rgangan hozirgi Afg‘oniston zaminidagi o‘sha yodgorliklarning katta qismini shaxsan ko‘rgan tadqiqotchilardan birisiz. Mutafakkir bobomiz asos solgan eng mashhur tarixiy yodgorliklar sifatida qaysi birlarini aytib o‘tgan bo‘lardingiz?
Temuriylar davri me’morchiligi Alisher Navoiy nomi bilan chambarchas bog‘liqligi inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat. U asos solgan barcha yodgorliklar u Hirotdami, Balxdami, Mashhaddami yoxud qadim Xuroson zaminning boshqa hududlaridami hammasi birdek e’tiborga, maqtovga va shuhratga ega yodgorliklar hisoblanadi. Navoiyshunoslar fikricha, aslida bu ulug‘ zot 1001 dona obida qurishga niyat qilgan ammo hozirga qadar hech qanday manbada 350 yoki 360 yodgorlikdan ko‘proq obida xususida hech qanday bahs yuritilmagan. Shu jumladan faqat 15-20 obidaning nomi keltirilgan, xolos. Biroq navoiyshunos Amin Hiraviyning so‘zi bilan aytganda, Navoiy faoliyati asosida Xurosonning sahro va dashtlari, shahr va qishloqlarida bunyod etilgan masjidlar, madrasalar, karvosaroylar, bog‘lar, hovuzlar, ko‘priklar miqdorini qayd etish va tasvirlashga qalam tili ojizlik qiladi.
Shu o‘rinda keying paytlarda Navoiyga nisbat berilayotgan Afg‘oniston hududida joylashgan (Oqina sardobasi, Bobo Vali hovuzi, Sarpul g‘isht ko‘prigi, Hazrati Ali maqbarasi) Alisher Navoiy tashabbusi yoki bo‘yrug‘i yoxud bevosita ishtiroki asosida qurilgan yodgorliklar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Ulardan eng mashhuri Balx viloyatining Mazori Sharif shahridagi hazrat Ali maqbara (ziyoratgohi) bo‘ladi. Hazrati Aliga nisbat beriladigan bu maqbara majmuasi xalq orasida “Ravzah” yoki “Ali ziyoratgohi” deb ham ataladi. Ushbu majmua texnik va qurilish nuqtayi nazaridan turli imkoniyatlarga ega bo‘lib, unda 21 ta hujra, 8 darvozali bog‘, 5 eshikli hovli, shuningdek madrasa, kutubxona, tahoratxona, masjid va muzey mavjud. Yana bir yodgorlik – “Oqina Sardobasi” Afg‘onistonning Foryob viloyati Andxui tumanida Turkmaniston chegarasiga yaqin joylashgan tarixiy usti yopiq hovuz. Sardoba qish faslida qor-yomg‘ir suvlaridan tabiyi ravishda to‘lib, butun yil davomida Amudaryoning ikki qirg‘og‘idagi savdo karvonlari, dehqon va cho‘ponlarga suv berib turgan. Pishiq g‘ishtdan qurilgan bu Sardoba chuqurligi 16 metr, gumbaz balandligi ham yer yuzasidan 16 metr (Sadoba sathidan qumbaziga qadar 32 metr), suv kosasining kengligi esa 10 metrdan iborat.
Boshqa bir obida – “Bobo Vali havuzi” ham Andxui tumanida joylashgan. Bu havuz Oqina sadobasidan 25 kilometr masofada Bobo Vali ziyoratgohi majmuasi hovlisida joylashgan. Havuzning hozirgi ko‘rinishi 21×21 metr, chuqurligi 6 metr va suv hajmi 3380 kub mter dan iborat.
“Sarpul xisht ko‘prigi” endilikda e’tirof etilayotgan Alisher Navoiy tashabbusi bilan vijudga kelgan usbu ko‘prik Sarpul viloyatida joylash. Uni qurishda ganj shirasi, ohak va somon kulidan kattaligi 24 ga 24 santimetr va qalinligi 5 santimetr bo‘lgan pishiq g‘isht ishlatilgan. Bunday usulda qurilgan ko‘priklar suv zarbi, yuk zarbi va zilzila zarbiga ancha chidamli bo‘lgan.
So‘nggi yarim asrdan ko‘proq davrda Afg‘onistonda Alisher Navoiy shaxsiyati, asarlari va ular haqidagi tadqiqotlarga ega qanday kitob, maqola, maqolalar to‘plamlari chop etildi. Ushbu regiondagi navoiyshunoslikning xosligi nimada?
Tan olish kerakki, Navoiyning vatani hozirgi Afg‘oniston bo‘lsa, navoiyshunoslarning vatani bu O‘zbekiston hisoblanadi. Navoiy o‘z yurtida o‘tgan yarim asrga qadar munosib qadrlanmadi, munosib o‘rganilmadi. Aniqrog‘i so‘ngi 40 yillardirki Alisher Navoiy Afg‘onistonda ham o‘rganila boshladi. Unga bag‘ishlab ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi, asralari qayta chop etildi. Navoiy xususida o‘nlab kitoblar, yuzlab maqolalar va she’rlar nashr etildi. Shular haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, dastavval uning eski o‘zbek yozuvida qayta nashr etilgan asarlari ko‘z oldimizga keladi, bu asarlar soni 24taga yetadi va ular o‘z ichiga Navoiyning eng mo‘tabar asarlari bo‘lmish “Xamsa”, “Majolis-an-Nafois”, “Muhokamat-ul-Lug‘atayn”, “Devoni Foniy”, “Xazoin-ul-Maoniy”larni qamrab oladi.
Keyingi chorak asr ichida nashr etilgan Navoiy bilan bog‘liq kitoblar soni esa 40dan ortiq. Shu bilan birga Afg‘onistonda hozirga qadar Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlab davlat tomonidan o‘tkazilgan xalqaro seminarlar soni uchtadan oshmaydi. Ulardan birinchisi Kobulda 1991-yili Navoiy tavalludining 550 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lsa, ikkinchisi 2016-yili mutafakkir tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlagan xalqaro simpuziumdir. Simpozium munosabati bilan taqdim etilgan 41 unvon maqola 500 betlik “Majmuayi maqolot” (maqolalar to‘plami) nomi ostida chop etildi.
Nihoyat 2021-yili Hirotda Navoiy tavalludining 580 yiligi keng nishonlandi. “Alisher Navoiy tafakkurlarini o‘rganish” nomi ostiga tashkil etilgan ushbu xalqaro seminar munosabati bilan nashr etilgan “Maqolalar to‘plami”dan bugal endi 48 nomdagi maqolalar o‘rin olgan. Shu jumladan 14 maqola o‘zbek tilida eski yozuvda, 16 o‘zbekcha maqola tilida lotin yozuvida, 12 maqola dariy/fors tilida, 4 maqola pashtu tilida va 2 maqola ingliz tilida nashr etildi.
Maqolalaringizdan birida, Nyu-York shahridagi Metropoliten san’at muzeyida Alisher Navoiyning ikki devoni qo‘lyozmasi saqlanishi, ushbu qo‘lyozmalarning nafaqat O‘zbekiston va Afg‘oniston, balki mintaqa va jahon navoiyshunoslari uchun ham katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tgansiz…
Darhaqiqat, AQShning Nyu-York shahrida joylashgan mashhur Metropolitin san’at muzeyida Alisher Navoiyning ikki qimmat baho “Navodir-ush shabob” va “Navodir-un nihoya” devonlari qo‘lyozmasi saqlanadi. Bu devonlar qo‘lyozmasini o‘rganib chiqishning O‘zbekiston, Afg‘oniston, qolaversa mintaqa va jahon navoiyshunoslari uchun ahmiyati shundaki, bu asarlardan biri XVI-asrning boshlarida mahalliy xattot Qosimali SHeroziy tomonidan yozilgan bo‘lsa ikkinchisi Navoiy hayotligi paytida mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirgan. Mazkur devonning ko‘chirilgan sanasi hamda kotibning ismi sharifi qo‘lyozmada “920-yili poytaxt Hirotda faqir Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirildi” deb, yozib qo‘yilgan. Bundan ma’lum bo‘lishicha, bu devon qo‘lyozmasi milodiy 1499-1500-yili Alisher Navoiy hayotligida ko‘chirilgan bo‘lgan. Metropolitin san’at muzeyida Navoiyning bu devoni san’at asari sifatida baholanganligi uchun ham, u juda avaylab saqlanib kelinmoqda.
Boshqa tomondan, shu bugungacha jahonning katta kutubxonalarida saqlanayotgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalarini aniqlab, ularni xozirgacha tasnif etmaganligini hech qanday izohlab bo‘lmaydi. Agar Alisher Navoiy navoiyshunos olimlar tomonidan yangicha tafakkur asosida qayta o‘rganilsa, inglizlar Shekspirni o‘zlarining Navoiylari deb baho berganlaridek darajaga olib chiqish mumkin bo‘ladi. Hozir esa biz Navoiy bizning Shekspirimiz deb baho berib kelmoqdamiz.
Siz o‘zbek navoiyshunoslari va yozuvchilari bilan anchadan beri hamkorlik qilib kelasiz. Alisher Navoiy hayoti va ijodi bilan bog‘liq mashhur ikki o‘zbek romanlari – Oybekning “Navoiy”, Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanlari haqida mulohazalaringizni bilmoqchi edik…
E’tirof etish kerakki, bu ikki buyuk o‘zbek yozuvchisining Navoiy hayoti va faoliyati bilan bo‘liq romanlari so‘zsiz taqdirga sazovor. Oybekning “Navoiy” romani o‘z davrida Navoiyni keng jamoatchilikka tanishtirishda misli ko‘rinmagan asar sifatida rol o‘ynagan bo‘lsa, zamondoshimiz Isajon Sultoning “Alisher Navoiy” romani Navoiy xususidagi tasavvurimizi shakllantirishga bir muncha turtki bo‘di deyish mumkin. Darvoqe’ bu ikkala roman miriqib o‘qishga sazovor asar.
Oybekning “Navoiy” romanining boshqa bir jihatiga e’tibor bersak, unda tarixiy kechinmalar kuchli iz qoldirganini sezish mumkin. Oybek Navoiyning insonparvar shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratish uchun asarga tarixiy shaxslar obrazi bilan birga badiiy to‘qima obrazlarni ham kiritishga harakat qilgan. Shu bois ham bu asarni o‘z davrining shoh romani desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Oybekning “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas”, “Nur qidirib” va “Navoiy” romanlarida yozuvchining farqli talent va iste’dodi tomib turganini ko‘rish mumkin. Boshqa tomondan 20-yillar oxiri, 30-yillarda o‘zbek adabiyotida avj olgan noto‘g‘ri qarashlar Oybekni ham chetlab o‘tmadi. Shu jihatdan olib qaraganda bu qurquv uning “Navoiy” romaniga soya solgan jihatlari ham ko‘zga tashlanadi.
Turkiy shoirlarning asosiy an’analari va ildizlariga qanday tavsif berasiz? Ular arab va fors lingvistikasi va badiiy timsollaridan ko‘proq o‘zlashtirganmi? Ularning adabiy janrlarida qanday o‘ziga xosliklar bor (masalan, Navoiy g‘azallari haqida gap ketadigan bo‘lsa)?
Men shoir emasman lekin shoirlar so‘zlarni qofiya qurboni qilishlarini ayniqsa mumtoz she’riyatda ko‘rish mumkin. Bu an’ana Navoiy g‘azallarida ham davom etgan. Albatta bu bir hazil edi…
Alisher Navoiy aruz nazariyotchisi sifatida o‘zbek she’riyatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan bahr hamda vaznlar doirasini belgilab bergan buyuk mutafakkir shoir hisoblanadi. u aruz bahrlarining o‘zbek xalq og‘zaki she’riyatidagi o‘lchovlar bilan munosabatini o‘rganib, xalq qo‘shiqlari vaznlarining yozma ijodda foydalanilishi mumkin bo‘lganlarini belgilab chiqqan. Shu bilan birga shoir sharq mumtoz she’riyatida keng qo‘llanilgan bahrlarga, ularning eng xalqchil, serjilo, ohangdor, musiqiy vaznlariga alohida e’tibor bilan qarab, aksariyat lirik she’rlarini ular asosida yaratgan. Amerikalik navoiyshunos olim Robert Deveryu so‘zi bilan aytganda Alisher Navoiy o‘zbek she’riyatining o‘ziga xos qaytarilmas, o‘ziga xos maktabining yaratuvchisi sifatida ham tan olingan.
Umuman olganda, o‘tmishda shoirlik bilan shug‘ullanmagan turkiyzabon qalamkas juda kam bo‘lgan. Qadimgi ziyoli kishilar bir vaqtning o‘zida bir necha ilmlar sohibi bo‘lishgan va shu bilan birga she’r ham yozishgan, she’r yozganlar albatta siyosatdan, jamiyatdan, iqtisoddan, madaniyatdan, tarixdan ham xabardor bo‘lishgan.
Keyingi yillarda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga qiziqish nafaqat Sharq, balki G‘arb olamida ham ortib borayotgani quvonarlidir. Masalan, Amerikada Devin de Vis, Nikolas Vomsli, Vengriyada Benedik Peri, Fransiyada Aleksandr Papas, Mark Toutant, Yaponiyada Kazuaki Kubo va yana bir qancha olimlar mutafakkir bobomiz ijodi borasida tadqiqotlar olib borgan. Bunday munosabat G‘arb universitetlari talabalari o‘rtasida ham mavjud. Bugun xorijda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga oid qilinayotgan tadqiqotlarga munosabatingiz qanday?
Xorijda Navoiy ko‘p o‘rganilmagan bo‘lsa ham lekin xo‘b o‘rganilgan. XIX-asr Yevropa navoiushunosligida, ayniqsa Katermer, Belen, Blo‘sh (Bloshe) Vamberi (Wamberi), Bravn (Brown) ishlarida Navoiy biografiyasi va asarlari bir yoqlama, qisman o‘rganilgan bo‘lib, shoir ijodi o‘zining to‘la, mukammal va to‘g‘ri bahosini olmagan edi. Ammo amerikalik sharqshunos/navoiyshunos olim Robert Deveryu G‘arb tadqiqotchilari ichida bu fikrni birinchi bo‘lib bir yoqlama ekanligini isbot derdi. U yozadi: “Alisher Navoiy faqat san’at himoyachisigina emas, balki nasrda ham, nazimda ham dongi ketgan yozuvchi, shoir, tarixchi, tanqidchi, suhningdek iqtidorli rassom, cholg‘uvchi, bastakor ham bo‘lgan” deb ta’kidlaydi.
U Alisher Navoiyning O‘zbek tili va adabiyoti riojiga qo‘shgan hissasi bundan ham chuqirroq ekanligi xususida to‘xtalib, “Muhokimat ul-lug‘atayn” ning yozilish tarixi, asarning ichki tuzilishi, O‘zbek tilining taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’siri ustida keng fikr bayon qiladi. Misol tariqasida aytish mumkinki, Ro‘bert Deveryu shrqshunoslik sohasida bir qator ilmiy tadqiqotlar yaratgan amerikalik navoiyshunos olim hisoblanadi.
U chop etgan “Muhokamat ul-lug‘atayn” bu asarning jahon miqyosidagi eng mukammal nashri sifatida tan olinadi. Olim asarni ingliz tiliga tarjima qilib kirish va izohlar bilan nashr qilgan. Xorijdagi ayrim sharqshunoslar ba’zi ilmiy nashrlarda buyuk bobomuz Alisher Navoiyni taqlidchi shoirga aylantirib qo‘yishgan hollari ham uchraydi, bu olimlarning o‘zbek mutafakkiri Navoiy ijodini yaxshi bilmasliklaridan kelib chiqqanligi o‘zbekistonlik navoiyshunos olim f. f. dr. Aftondil Erkinovning “Xorijda Navoiyshunoslik” sarlavhali maqolasida o‘z isbotini topgan.
Navoiy ijodining zamonaviy talqinlari yangi nazariy qarashlar, jahon adabiyotshunosligidagi ilg‘or tahlil usullariga asoslanishi lozim. Shu nuqtayi nazardan, siz bugun shoir ijodini o‘rganishda qanday zamonaviy tahlil metodlarini taklif qilgan bo‘lardingiz?
Alisher Navoiy teranligiga yeta olish uchun bu buyuk mutafakkirga ruhan, ma’naviy jihatdan yanada yaqinlashish kerak bo‘ladi. Shoirning ijodi aksariyat adabiyotlarda, ayrim ilmiy tadqiqotlarda, izohli lug‘atlar va sharhlar doirasida tahlil etilgan. Holbuki, Navoiyning e’tiqodi, dunyoqarashi ruhiyatidan kelib chiqib tahlil etilishi kerak. Shu tariqa Navoiy davri an’analari ichida yashab, uning badiiyatini tabiiy ravishda qabul qilib olish mumkin bo‘ladi.
Alisher Navoiy shaxsiyati va ijodi dunyo madaniyati miqyosidagi hodisa. Uni dunyo madaniyati va dabiyotining durdonasi sifatida o‘rganish kerak.
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.
2023-yil 7-fevral