Ajdarhoning vatani Qarshimi?
yoxud Ajdarho timsolida kimlar tushunilgan?
Qadimgi Eron, Xitoy va ayrim Yevropa xalqlari folklorida Ajdarho ko‘p falokatlar keltiruvchi uch boshli dahshatli yovuz qiyofasida keltirilgan (o‘zbek folkloriga yot bo‘lgan ajdarho o‘sha folklor asarlari orqali kirib kelgan). Forscha so‘z bo‘lgan Ajdarho (yoki ajdaho) diniy va badiiy-tarixiy manbalarda asli AJI DAXOK Eronni bosib olgan o‘zga yerlik bosqinchilar xoqoni deb keltiriladi. Aji Daxokning vatani fors manbalarida Turon bo‘lib, QARSHI yonidagi uning qarorgohi haligacha Qal’ai Zahoki Moron — “Ilonlarning xoqoni, Zahhok qal’asi” deb nomanib kelinmoqda.
Eron adabiy-tarixiy manbalarida AJI DAXOK Eronning afsonaviy podshosi JAMSHID (Yima)ni mag‘lub qiladi va Forsning egasiga aylanib, Jamshidning Arvanak va Saxnavak singillarini o‘ziga kanizaklikka oladi. Jamshid yana 100 yil undan qochib berkinib yuradi. Biroq AJI DAHOK uning izidan tushib, Jamshidni Xitoyda tutib oladi va o‘sha yerda tiriklayin arralab o‘ldiradi. Bunday yakunga ko‘nmagan fors tarixchilari tarixnina davom ettirishib, Eronni ming yil boshqargan AJI DAHOKni Jamshidning avlodi Faridun tomonidan mag‘lab etilganligini va Demavand vulqoni og‘ziga katta xarsang bilan bostirilib, qiyomatga qadar o‘sha yerda tutqinlikda bo‘lishi yozishadi. Aji Daxok qachon o‘kirsa, vulqon otilishni boshlar ekan.
“Bundaxishn” asarida AJI DAXOKning ota va ona ajdodlari silsilasi keltiriladi. Shuningdek, AJI DAXOKni ayrim fors manbalari Frasiyah yoki Afrosiyob (Alp Er To‘nga) ning do‘sti ham deyiladi.
“Denkart” da keltirilishicha, Zahok (Aji Daxok) Jamshidning o‘gitlariga teskari 10 ilohiy bitik ijod qilib, ularni Ierusalim qo‘rg‘oniga yashiradi. Keyinchalik bu ilohiy bitiklarni Zahhok odamlaridan IBROHIM (Avraam) va MUSO (Moisey) olishgan va aynan shuning uchun ularning avlodlari bu ilohiy bitiklarga amal qilishar ekan. Garchi Zaxxok Eron folklori va qadim adabiyotida yozuv kuchlar boshi deb bilinsa-da, ayrim Eron hukmdorlari o‘zlarining shajarasini unga taqashgan ekan.
Ozarboyjonning Jalgan degan tog‘lik rayonidagi elat hali ham ajdodlari Aji-Daxok saroyida xizmatda bo‘lganligini g‘urur bilan aytib yurishar ekan. Fors lug‘atlarida “Daxok” ‒ ma’nodan uzilgan deyiladi. Biroq grek tarixchisi Strabon Turonda chorva bilan shug‘ullanadigan ko‘chmanchi forslar Daxok deb atagan turk elini o‘zgargan shakli bilan “doyi” lar deb ataydi. Bu atama “Кul-tegin” (732-y.) bitik toshida ham keltirilgan. Qiziq tomoni Samarqandda haligacha ayrim joylarda bir biriga hurmat tarzida “doyi” deb murojaat qilinadi.
Qadimgi Turonning jangchi qavmlari nafaqat Eronda, balki Xitoy va Yevropada shunchalik dahshat solganki, u yerliklar bu ofatni AJDARHO qiyofasida ko‘rishgan ekan. Xitoylar ajdarni LONG deyishadi, bu ham turkcha ilonning o‘zgargan bir shaklidir. Ma’lumki, qadimgi turklar juda ko‘p vaqt mobaynida Xitoyni boshqarishgan, buning ta’sirida keyinchalik Xitoy ajdarhosi ijobiy qiyofa kasb qilgan.
O‘zlaridan ajdarhodan qo‘rqqandek qo‘rqishini bilgan turk qog‘onlari dushmanlariga dahshat solish uchun tug‘larida, kiyim, toj va qalqonlarida ajdarning qiyofasini tushurishib yurishgan, hujumga o‘tishgan.
Erkin MUSURMONOV