Ganira Pashayeva: matonat, qat’iyat hamda samimiyat timsoli
Bugun Ozarbayjon Milliy Majlisi Madaniyati Qo‘mitasi raisi, deputat, o‘zbek-ozarbayjon madaniyati targ‘ibotchisi, ijodkor, dunyo tanigan davlat va jamoat arbobi Ganira xonim Pashayeva haqida suhbatlashamiz.
Uch ne’mat sohibi
Ganira Pashayeva 1975-yilning 24-martida Ozarbayjonning Tovuz shahrida tug‘ilgan.
O‘rta maktabni tugatgandan so‘ng, Ganira xonim Ozarbayjon tibbiyot universitetida o‘qishni davom ettirdi va ayni shu davrda Boku Davlat universitetining xalqaro huquq bo‘limini ham muvaffaqiyatli tugatdi.
1998-yilda ANS televideniyesida muxbir sifatida ish boshlagan Ganira Pashayeva keyingi davrlarda ushbu kanalda turli lavozimlarda ishladi. 1998-yildan boshlab u ANS kompaniyalar guruhi teleradiokompaniyasida muxbir, muharrir, yetakchi muharrir, katta yetakchi muharrir, bosh muharrir o‘rinbosari va yangiliklar xizmati bosh muharriri o‘rinbosari va yangiliklar bo‘limi bosh muharriri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2005-yilda Haydar Aliyev nomidagi jamg‘armada jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini boshqaradi.
O‘sha yili siyosat olamida ilk qadamini qo‘ygan Ganira Pashayeva 2005-yil 6 noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida birinchi marta Tovuzning mustaqil deputati sifatida parlament safiga kirdi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ham anglash mumkinki, Ganira Pashayevani tibbiyot, jurnalistika va huquqshunoslikni o‘zida jamlay olgan uch ne’mat sohibi deya olamiz.
Somalidagi fidoyilik
Maqolamiz qahramoni Ganira Pashayeva Somalidagi muhtojlarga shifokor sifatida yordam berganini alohida qayd etish joiz. Siyosatchi ayol o‘z faoliyati olib borar ekan, yer aholisining yashash tarzi, turmushi, iqtisodiy ahvoli va shu kabi masalalarga e’tibor qaratadi.
Somali xalqi juda og‘ir ahvolda kun kechirayotgani, oziq-ovqat yetishmovchiligi, suv tanqisligi sabab ko‘p odamlar kasallikka chalinib, nobud bo‘layotganiga guvoh bo‘ldi. Ushbu fojialarga jahon afkor-ommasining e’tiborini qaratdi.
2012-yilda Ganira xonimning Somalida ikki hafta davomida pediatr bo‘lib ishlagani va aholiga yordam bergani tahsinga sazovor. Ta’kidlash joizki, bunday tashabbusga har qanday davlat va jamoat arbobi ham jazm eta olmasligi mumkin.
Ganira Pashayeva deputatlarga qarata shunday xitob qiladi: “Bu yerda musulmon bolalar bir burda nondan, keng tarqalgan kasallikdan, shifokorlar yetishmovchiligidan vafot etadi. Men ularga yordam berishni istaganlarga murojaat qilaman ‒ insoniyat haqida o‘ylang… Yordam bergan barcha do‘stlarimga rahmat”.
Ganira xonim 2 hafta ichida 30 ortiq bemorga yordam bergan. “Bemorlar, ayniqsa, kasal bolalar soni juda ko‘p. Har kuni yuzlab bolalar ochlik va kasallikdan vafot etayotir”.
Pashayeva xonim o‘zining Facebook sahifasida yozishicha, Somalida ozarbayjonlik do‘stlari ko‘magida tashkil etilgan va minglab qochqinlar panoh topgan lagerga tashrif buyurgan. “Biz bemorlarga g‘amxo‘rlik qildik, ularga muhtoj bo‘lganlarga yordam berdik. Somalida ochlikdan azob chekayotgan minglab odamlar bir necha oydan beri Ozarbayjon lagerida ovqatlanib, ochlikdan o‘lganlar soni kamaydi” deya yozgandi qahramonimiz.
Ijod yo‘li
2010-yilning 8-noyabrida Xazar universitetida (Boku) Ganira Pashayevaning Mustafo Kamol Otaturk haqidagi “Dunyoni yo‘qotgan katta odam” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Qayd etish joizki, ushbu voqea o‘z vaqtida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.
2011-yil 22-noyabr sanasida Boku markazidagi “Park Bulvar” Ali va Nino kitob do‘konida Ganira Pashayevaning “Uning sevgi maktublari” kitobining taqdimoti va sotuvi bo‘lib o‘tdi, unda yosh qizning tanlanganiga bo‘lgan beg‘ubor muhabbati, sevgi kuchining buyukligi haqida hikoya qilinadi. 2011-yil dekabr oyida ushbu kitob Ozarbayjonda sotuvlar bo‘yicha eng xaridorgiri bo‘ldi.
“Yevrosiyo xalqaro tadqiqotlar instituti” jamoat birlashmasi raisi, Ozarbayjon milliy Majlisi deputati Ganira Pashayeva va “Govkhar Group” tomonidan tashkil etilgan “Qorabog‘ va Anadolu o‘rtasidagi ruh ko‘prigi” loyihasi doirasida Bokuda Muslim Magomayev nomidagi Ozarbayjon davlat filarmoniyasi sahnasida turkiyalik vatanparvarlik qo‘shiqlari ijrochisi Mustafo Yildizdog‘anning xotirasiga bag‘ishlangan kontserti bo‘lib o‘tdi.
Unda Qorabog‘ning Ozarbayjon mustaqilligi uchun urushida halok bo‘lgan qahramonlar, Qorabog‘ urushi qatnashchilari, faxriylar va nogironlar, ularning oilalari, qochqinlar ishtirok etdi.
Ganira Pashayevaning shunigdek, “Dünyanı deyisheng alimlar” (Dunyoni o‘zgartirgan olimlar) kitobi ham katta shuhrat qozondi. Kitob ikki jilddan iborat bo‘lib,, unda o‘zini fanga bag‘ishlagan 50 ta taniqli olimlar, ularning hayoti va faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud.
Tahsinga sazovor jihatlardan yana biri, Ganira Pashayeva tomonidan O‘zbekiston va o‘zbek xalqiga bo‘lgan hurmat ramzi sifatida “O‘zbekiston qadam-baqadam” kitobining yaratilgani bo‘ldi. Ushbu tarixiy kitobdan yurtimiz tarixiga oid muhim ma’lumotlar, statistikalar, samimiy fikrlar joy olgani Ganira xonimning o‘zbek xalqiga bo‘lgan cheksiz sevgisi desak, aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
O‘zbekiston ‒ Ozarbayjon aloqalari
Ganira xonim O‘zbekiston ‒ Ozarbayjon madaniy, adabiy aloqalariga alohida e’tibor qaratadi. Jumladan, shu yaqin haftada mahoratli siyosatchi O‘zbekistonning qator joylarida bir qator tadbirlar o‘tkazdi.
Toshkent shahridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida, Buxoro shahridagi “Yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tgan tadbirlarda qardosh Ozarbayjon madaniyati, do‘stlik rishtalari tom ma’noda tarannum etilgani, quvonarlidir.
Hayot shiori
Madaniyat va san’atni rivojlantirish, ziyorat turizmi, madaniyat turizmi, gender masalalari va hamkorlikni rivojlantirish, an’analar va madaniyatni mustahkamlash, qadriyatli-demokratik hamkorlikni kengaytirish Ganira xonim Pashayevaning hayot shiorlaridir. Ushbu metin iroda, sabr-bardoshli hamda tog‘dek qat’iyatlik qardosh ozarbayjon farzandi nafaqat ozarlarning, balki o‘zbek xalqining ham farzandi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Ganira xonim o‘sib kelayotgan yosh avlod, xususan, qizu-ayollar uchun ibrat namunasi, havas qilgulik prototipdir. Umr yo‘llaringiz doimo shunday yorug‘ hamda yuksak g‘alabalarga boy bo‘lsin Ganira xonim. Biz siz bilan faxrlanamiz.
Zulfiya RAHMATULLAYEVA,
Zulayho MO‘MINOVA
turkona.uz muxbirlari