Turkiylarning eng qadimgi dini
Vizaniya tarixchisi Feofilakt Simokatta milodiy 595 yili yozgan edi: “Turklar olovni e’zozlashadi, havo va suvni ulug‘lashadi, yerga atab madhiyalar aytishadi, biroq Ko‘k (osmon) va Yerni yaratgan Yakkayu yagonaga sig‘inishadi va uni Tangri deb atashadi”.
Yakkaxudolikka asoslangan turklarning eng qadimgi Tangrichilik dini Xitoy tarixchilarining keltirishicha, eramizgacha III–V asrlarda ham bor bo‘lgan. Ularning timsoli quyosh bo‘lib, u o‘zidan to‘rt tomonga nur sochadigan tarzda tasvirlangan va shu bilan birinchi marta ular tarixga xoch tushunchasini olib kirishgan. Xunnlar (quyosh timsoli bo‘lganligi uchun asli KUNlar, yevropaliklar Gunnlar deb asli xato qilmagan)dagi Tangri tamg‘asini ko‘rgan grek va rimliklar uni o‘zlariga xudoning timsoli qilib olishgan.
Tangrichilikning asosiy qoidalari:
Uch asosiy qoida: Ko‘k Tangrisiga inon, undan boshqa Xudo yo‘q; Butlarni o‘ylab topma; faqat O‘ziga suyanib, o‘zingga ishonib ish ko‘r.
Insoniylikning olti qoidasi: Ota onangni qadrla, Tangri ular orqali senga hayot bergan; zaruratsiz o‘ldirma; to‘g‘ri yo‘ldan adashma; o‘g‘irlama, yolg‘on gapirma, hasad qilma.
Komillikning to‘qqiz qoidasi: Oxiratga inon; yaqining kulfatiga sherik bo‘lib, ko‘z yosh to‘kishdan qo‘rqma; o‘z eling odatlariga amal qil; haqiqatni izla va undan qo‘rma; barcha insonlarga yaxshilik niyatida bo‘l; yurak va ishing bilan toza bo‘l; tinchlik uchun deb nifoqqa yo‘l qo‘yma; haqiqat uchun kurashganga yordam ber; idrok bilan emas, yurak bilan ishon.
Tangrichilikning ayrim elementlari Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston tomonlarda haligacha saqlanib qolgan. Ota-ona, bobo- momolarning ruhlaridan yordam so‘rab iltijo qilish, momolardan qo‘l (doira) olish, to‘yni katta qilish va uloq o‘tkazish, azada uvvos solib yig‘lash, quyoshni (o‘tni) muqaddas bilish, Ko‘k, Yer, tabiatni jonli bilib, suv, dov-daraxt, o‘t-o‘lan bilan so‘zlashish, ularga niyat bilan iplar bog‘lab qo‘yish, baxshichilik an’anasi…
Doira (asli dang‘ara) chanqovuz, qubuz kabi el cholg‘u asboblari o‘z ildizlari bilan Tangrichilikka borib tutashadi. Bu dinning Ilohi birgina Tangri bo‘lib, unda ham boshqa dindagi farishtalar kabi Umay, Erlik va boshqa bosh ijrochilar bor. Bu dindan tashqari bizda qadim o‘tmishda zardushtiylik, moniylik, nasroniylik kabi dinlarga ham e’tiqod qilingan.
Tangrichilikning elementlari Amerikalik hindular (qizil tanlilar) orasida ham saqlanib qolgan.
Erkin MUSURMONOV