“Tamug‘, Tim” va “Do‘zax”, “Uchmox” va “Jannat” so‘zlari to‘g‘risida
O‘zbek tilida “Tim” (tam, tem) so‘zi so‘g‘d va avesto tilidan “Qorong‘ilik” ma’nosini beruvchi so‘zdan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin va bu so‘zning o‘zagidan boshqa bir necha so‘zlar vujudga kelgan. Masalan, teonim so‘z eski turk tilida “Tamug‘, Tamuq” deb atalgan forschadan o‘zlashgan sinonimi “Do‘zax” bo‘lgan so‘zidir.
“Tamug‘” so‘zi eski so‘g‘d tilidagi “Tamik, Temik” so‘zidan va “Tamik, Temik” so‘zi o‘zagi “Tem” so‘zidir. Ya’ni “Tam, Tem”(tim) “Qorong‘ilik” ma’nosini beruvchi so‘zdan “Yorug‘ joy” so‘zining antonimi bo‘lgan do‘zax ma’nosini beruvchi “Qorong‘i joy” anglatmasini beradigan so‘z kelib chiqqan va eski turk tiliga ma’lum bir tovush o‘zgarishlari bilan o‘tgan ko‘rinadi.
Hozirgi o‘zbek tilida ham, eski o‘zbek tilida ham “Tim” so‘zi bor va ko‘pincha o‘ta qorong‘i chog‘da yoki biror to‘q qora rangdagi buyumga aytiladi. Masalan, “Tim qora” yoki yorug‘lik tushmaydigan joydagi sotuvchilar savdo-sotiq qiladigan joyni “tim” deb atash shundan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Buxorodagi “Abdullaxon timi”, Samarqandning Registoni yonidagi Amir Shoxmurod qurdirgan “Tim” shular jumlasidan. Biroq “Tim” so‘zi eski xitoy tilidagi bozor ma’nosini beradigan “Tiyen” so‘zini so‘g‘d va fors tillariga o‘zlashgan varianti degan qarash bor va bu ham o‘rinli qarashdir va o‘zbek tiligi “Tim” so‘zini fors tilidan o‘zlashgan deyishadi va bu tortishuvli qarash.
Shuningdek “Tam, Tem” qorong‘i ma’nosini bildiruvchi so‘zni boshqa hind- yevropa tillari turkumidagi tillardagi o‘xshashliklari bor. Jumladan, hozirgi slavyan tillaridagi “Ten” ‒ soya, ko‘lanka, “Temnota” ‒ qorong‘ilik, “Temniy” ‒qora, Temnitsa ‒ qamoqxona va hokazo.
Bundan tashqari, o‘zbek tilida va so‘zliklarida “Timirskilanmoq” kabi so‘z ham bor bo‘lib, bu so‘z bilan biror narsani paypaslab, titkilab qidirishga aytiladi va ma’nosidan kelib chiqib, qorong‘i joyda ko‘z yaxshi ko‘rmasdan qo‘l bilan paypaslab qidirishdan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. “Tim” so‘zini boshqa “Qorong‘i” so‘ziga bog‘liq bo‘lmagan ma’nolari ham bor va kelib chiqishi ba’zi hollarda aniq emas.
“Do‘zax” so‘zi forscha “Duz” ya’ni yomon, yaxshimas ma’nosini beradigan so‘zdan kelib chiqqan deyiladi va o‘z navbatida fors tilidagi bu so‘z eski avesto tilidagi “Duz, Dush” ‒ yomon, iblis kabi so‘zlardan eski pahlaviy tiliga “Duz axva”, ya’ni “yomon dunyo” so‘zini “Duzax” va yangi fors tilida “Do‘zax” kabi aytilgan va bunaqa qarashlar oldin ham bildirilgan.
O‘zbek tiliga ham forscha varianti eski chog‘lar o‘tgan ko‘rinadi.
Eski “Duz, Dush” so‘zlaridan shuningdek, hozirgi o‘zbek tiliga o‘zlashgan “Dushman” ‒ yov, “Dushvor” – bo‘lish ehtimoli kam, qiyin kabi ma’nolarni anglatuvich so‘zlarni keltirish mumkin. Hozirgi fors-tojik, dari tilida ham “Dozd, Duzd, Duz” kabi aytiladigan so‘zlar “o‘g‘ri, qaroqchi, yo‘lto‘sar” ma’nosini beradi.
Eski turk tilida arab tilidan o‘zlashgan “Jannat” so‘zi o‘rniga “Uchmag‘, Uchmaq, Uchmax” kabi so‘zlar uchraydi va ular “Uchmox” ko‘rinishida kamida 20 yuzyillikning birinchi yarim yilligigacha yozma adabiyotda qo‘llangan va hozir butunlay arabcha “Jannat” va forscha “Firdavs” so‘zlari bilan siqib chiqarilgan yoki almashtirilgan.
“Uchmag‘, Uchmaq, Uchmax” so‘zi eski turk tilida turkiy “Uchmoq” so‘zidan kelib chiqqan degan qarash bor va unga ko‘ra o‘lgan kishi ko‘kka yaxshi joyga “uchadi”, biroq ma’no tomondan to‘g‘ri bo‘lsa ham boshqa bir qarashni hisobga olish kerak va bu qarashga ko‘ra bu so‘z eski so‘g‘d tilidagi “Ushtmax” so‘zini eski turk tiliga o‘zlashgan ko‘rinishidir va asosiy to‘g‘ri qarash desa ham bo‘ladi.
Arab tilidan o‘zlashgan “Jannat” so‘zi chiroyli, yaxshi bog‘ ma’nosini beradi va yaxshi kishilar o‘lganda narigi dunyo deb ataladigan joyda “yashashi” va tushishi mumkin bo‘lgan yaxshi joy ma’nosida o‘zlashgan.
“Firdavs” so‘zi fors tilidan o‘zlashgan bo‘lib, “Jannat” so‘zining sinonimidir va shu ma’nodagi bog‘ ma’nosini beradi.
BILGAXON O‘ZBEG internet bitiklaridan olindi
foto: uzbaza.uz