Shusha shahri
Yaxshi ma’lumki, Turkiyaning Bursa shahrida boʻlib oʻtgan Türksoy madaniyat vazirlari doimiy kengashining navbatdan tashqari yigʻilishida Ozarbayjonning Shusha shahri 2022- yilning turk dunyosi madaniyat poytaxti deb eʼlon qilingan edi. Joriy yil ushbu tarixiy shahar haqida juda ko‘plab tadbir, festivallar atshkil etilib, OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar yoritildi. Biz ham ushbu an’anani davom ettirgan holda, Shusha shahri, uning tarixi haqida biroz to‘xtalmoqchimiz.
Shusha shahri nomi etimologiyasi turkiy “Shish ‒ oʻtkir tıg‘li, baland” soʻzlaridan kelib chiqqan. Shaharga Qorabogʻ xoni, sarkarda va davlat arbobi Panoh Alibek Javonshir asos solgan.
Panoh Ali 1693-yili Qorabogʻdagi taniqli oila Javonshirlar xonadonida tugʻilgan. U yoshligidan Nodir Ashraf xizmatiga kiradi va jang strategiyasini puxta oʻrganadi. Koʻp fursat oʻtmay, Nodirshoh uni oʻz yaqinlari safiga kiritadi. Ammo fitnachilar buni koʻrolmay, Nodirshohni Panoh Aliga qarshi gijgijlaydi, shu sababli u saroydan qochishga majbur boʻladi.
Dastlab Qorabogʻ togʻlarida, soʻngra Shekin viloyatida yashirinib yuradi. 1747-yili Nodirshoh oʻldirilgach, Ozarbayjonda mustaqil Gyandi, Shervon, Shekin, Kubin, Bokin va boshqa xonliklar tuziladi. Panoh Ali ushbu xonliklarni birlashtirishga harakat qiladi.
1748-yilda Boyat degan joyda oʻziga qal’a bunyod etgach, 1751-yilda maliklarni oʻziga itoat ettirib, hukumatni markazlashtiradi. Qorabogʻ tekisligidagi Shahbulog‘ bulogʻi atrofida ikkinchi qal’ani bunyod ettiradi. Mirza Javon Javonshirning maʼlumotlariga koʻra, uchinchi himoyalangan qal’a qurish Shahbulog‘ning qulashi mumkinligi uchun zarur edi. Shu tufayli shu yilning oʻzidayoq Panohobod qal’asi quriladi va ilk asoschisi nomiga atab Panohobod deb nomlanadi.
Shusha tumani Ozarbayjon Respublikasining maʼmuriy-hududiy birligi hisoblanadi. Tuman 1930-yilda tashkil etilgan va Kichik Kavkazdagi Qorabogʻ togʻ tizmasida joylashgan.
Uning eng baland choʻqqisi “Katta Kirs togʻi” deb ataladi va 2725 metrni tashkil etadi. Hududiy maydoni 289 km.kv. bo‘lgan Shusha tumani bir shahar va 31 kentni oʻz ichiga oladi. Maʼmuriy markazi Shusha shahridir.
Shahar 1992-yildan 2020-yilga qadar Armaniston qurolli kuchlarining taʼsiri ostida edi. Armanlar shaharni 1992- yil 8-mayda ishgʻol etgan va vahshiylarcha vayron qilgan edi. 44-kunlik muhorabalardan so‘ng qardoshlar o‘zlarining tarixiy hududlarini arman istilochilari zulmidan ozod etdi.
Tarixdan maʼlumki, Shusha shahri 270 yil davomida harbiy-strategik ahamiyatga ega joy hisoblangan. 1823-yilda Qorabogʻ xonligining markaziga aylangan Shusha shahri XVIII-asrdan buyon Ozarbayjonning muhim madaniy markazlaridan biri boʻlib kelmoqda. U yerda barpo qilingan “Kelajak Parij”, Kavkaz sanʼati ibodatxonasi, «Ozarbayjon musiqasining beshigi» va Zaqafqaziya konservatoriyasi kabi inshootlar katta tarixiy ahamiyatga ega.
31- dekabr ozarbayjonliklarning birdamlik kuni munosabati bilan Prezident Ilhom Aliyev 2022-yilda Shusha shahrining 2700 yilligini nishonlash va qayta tiklanishini tezlashtirish maqsadida Shusha shahri yili deb eʼlon qilish haqida qaror qabul qildi.
Sharq musiqasi tadqiqotchisi Vinogradov Shusha haqidagi kitobida shunday yozadi: Bu yerda musiqa juda boshqacha. Ozarbayjonning boshqa viloyatlariga qaraganda koʻproq xalq qoʻshiqlari, raqslari, xonandalari va cholgʻu asboblarini uchratishingiz mumkin. Shusha qadim zamondan beri musiqa markazi sifatida tanilgan va butun Kavkaz xalq musiqa isteʼdodlarining bitmas-tuganmas manbayi sifatida mashhur boʻlib kelgan. Shusha musiqachilari chinakam Ozarbayjon musiqasi tarixini yaratdilar va nafaqat oʻz vatanlarida, balki sharqning boshqa mamlakatlarida ham namoyish eta oldilar.
Sabrina NURMATOVA,
turkona.uz muxbiri