Shahrisabz nikoh to‘yi
O‘zbek xalqinig etnomadaniyati azaldan rang-barang tarzda rivojlangan. Urf – odatlar, qadriyatlar millatning nomoddiy ma’naviy merosi sanaladi.
Shahrisabz hududi etnografiyasi va folklorini o‘rganishda turkiy va forsiy etnik qarashlarning qorishmasi borligini ko‘zatish mumkin. Bu esa keng qamrovli tadqiqotni talab etadi.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da nikoh arabcha so‘z bo‘lib, uylanish, erga tegi; er-xotinlik; er-xotinning qovishuvi ma’nosini berilishi tushuntirilgan.
- Er-xotinlik shariat yo‘li bilan rasmiylashtirish marosimi va shu marosimda domla tomonidan o‘qiladigan shartnoma.
2.Er-xotining o‘zaro roziligi bilan huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan oilaviy ittifoq; er-xotinlik. [1. 38-b.3-jild ].
Shahrisabzda birgina nikoh to‘yini o‘tkaziishini o‘z qonun-qoidalari mavjud. Bular quyidagicha amalga oshiriladi:
Sovchilik. Yigit tomonidan lozim ko‘rilgan xonadon qiziga ilk bor hech narsa olib borilmagan holda ayollar sovchilik vazifasini o‘taydilar.
Ikkinchi marta esa sovchilar borkash tuzab (bundv to‘rtta patir, shirinlik bilan) boriladi. Agar qiz tomonga ma’qul kelsa sovchilarni borkashini olib qoladi. Bu marosim “Tovoq berdi” yoki “Tovoq oldi” deyiladi.
Ikki xonadon tomonlari kelishib, qiz va yigitni urashuvlarini amalga oshiradalar. Albatta uchrashuvga ikki tomonning yoshi katta kishilari nazoratida yigit- qiz uchrashadilar. Yolg‘iz uchrashuvga yo‘l quyilmaydi. Chunki diniy axloq jihatidan ular bir-biriga nomahram sanaladilar.
Sovchi ziyofat (shevada zovchi ziyofat). “Tirnoq yog‘ladi” yoki “To‘qqiz to‘y” odati. Bunda oilaviy sharoitdan kelib chiqqan holda qiz tomonga 5-10 yoki undan ham ko‘proq odamlar hamrohligida kelin bo‘lmish qiz xonadoniga 10-15 talarcha shirinliklar, pishiriqlar, non- patirlar va “oqlik” kiyimi barkashlarga terilib tuzab olib boriladi. Shuningdek, katta sandiq va kichik sandiqda sarpolar ham yetkaziladi.
Qiz xonadoniga borgan quda bo‘lmishlar noz-ne’matlar mehmon qilingach, “oqlik bichish” marosimi o‘tkaziladi. Bunda ikki tomonning kayvoni momolaridan “oqlikka” ya’ni oq matoga irimiga ko‘ra yaxshi niyat bilan qaychi o‘radilar. Shundan so‘ng “To‘qqiz ko‘rdi” marosimi o‘tkaziladi. Kuyov bo‘lmish yigit xonadonidan yuborilgan sandiqdagi narsa- buyumlar mehmon va mezbonlarga ko‘rsatib himmatiga tasano-yu duolar qilishadi. Qiz tomon ham kelgan mehmonlarni o‘z sovg‘alari bilan siylashadi. Bu odat “xush keldingiz” bilan yakunlanadi.
Maslahat oshi. To‘y bichar odati. Bunda erkak sovchilar kelin bo‘lmish xonadoniga erkak sovchilar borishadi. Ular “Maslahat oshi” yoki “To‘y bichari” marosimini o‘tkazishadi. Yа’ni erkak sovchilar to‘y o‘tkazish uchun kelin tomonga beriladigan narsalar bo‘yicha kelishib olishadi.
Fotiha to‘yi. Ijoblash odati. Bunda nahor chog‘i kuyov tomondan erkak sovchilar qiznikiga borishadi. O‘sha yerda erkaklar “Non sindi” marosimini o‘tkazishadi. Ikkita borkashga shirinlik, mayiz, patirlar, erkaklarga noz-ne’matdan tugib berish uchun kattaligi meyorida bo‘lgan oq ro‘molcha berib yuborilgan bo‘ladi. Kuyov va kelin otalarini ruxsati bilan patir sindiriladi. Ikki tomonni erkaklariga “Non sindi” noz-ne’matlaridan oq ro‘molchaga tugib beriladi.
Bu marosimdan so‘ng tushlikka yaqin ayol qudalar va mehmonlar kelin xonadoniga borishadi. Ularni eshik (darvoza) oldida shirinlik, upa, atir, ko‘zgu bilan kutib olinadi. Kelgan mehmonlarni yuziga o‘pa, egniga atir surtib, shirinlik tutiladi.
Bu orada kuyov va uning navkarlari o‘yin-kulgi bilan ham kelib turishadi. Quda-yu mehmonlar, kuyov jo‘ralar barchasi tuzatilgan dasturxonga taklif etiladi. Kelganlar tansiq taomlar bilan siylanadi.
Bu paytda kelin bo‘lmish qiz qo‘shnisi (hamsoya)nikida “Qiz saqlandi” yoki “Qiz bazmi”odatini o‘tkazadi. Kelin dugonalari qo‘shiqlar xirgoyi qilib o‘yin-kulgi qilishadi.
Shundan keyin, “Chimildiq urish” yoki “Chimildiq ilish” odati boshlanadi. Albatta chimildiq kuyov tomonidan keltiriladi. Chimildiq tayyor bo‘lgach, kuyov ikki jo‘rasi bilan chimildiqqa kiradi. Kuyovga qiz tomonidan atalgan tun, salla, kuyov ro‘molcha, belqas beriladi va keyingi marosimga tayyorlashadi. Kuyov chimildiqqa kirishidan oldin “Poyondoz” marosimi o‘tkaziladi. Ya’ni kuyov bosib o‘tgan poyondoz matosini jo‘raliri yaxshi niyatda bo‘laklab olishadi.
“Kelin saqlandi” joyiga qudalarni vakillari kelib, kelin qizni kuyov tomonidan berib yuborilgan oq kuylak, oq ro‘mol, paranji, maxsi, kalish berib yuboriladi. “Qiz saqlandi”dagi dugonalari yarim hazil, yarim chin tarzida qudalardan kelgan vakillardan “Ko‘rmanasi”,“Ko‘rmana aqchasini” olishadi.Keyin kelin qiz kiyintiriladi va to‘rt qiz kashta to‘tadi qolganlari ortidan yurib to‘y bo‘layotgan xonadoniga chimildiqqa kirguncha “Yor-yor” qo‘shig‘ini aytib borishadi.
Chimildiqda kuyov yoniga kelin kirgiziladi. Kelin chimildiqqa kirganda kuyov qizni oyog‘ini o‘ng oyog‘i bilan bosadi. Kelin kuyovni o‘ng tomoniga turadi. Chimildiq ortida ham bir necha marosim o‘tkaziladi. Ikki tomonning dasturxonchi (mahallaning ayol xodimlari) lari chimildiqqa kirib kelin-kuyovga ko‘zgu (oyna)ni tutadilar, ular bir-birini shu ko‘zguda ko‘radilar. Keyin esa likopchaga mayiz solib chimildiqqa kiritiladi. Birinchi kuyov o‘ng qo‘li bilan mayizni uch bora hovuchida changallab (g‘ijimlab) quyadi. Kelin ham bu odatni takrorlaydi va uchinchisida kuyovni o‘ng cho‘ntagiga mayizni soladi.
Kayvoni dasturxonchilar kosaga novvotdan tayyorlangan sharbatni keltirishadi. Sharbat kichik yoshdagi o‘g‘il bolani qo‘liga tuqazishib kuyovga ichiradilar. So‘ng kuyov o‘ng qo‘li bilan kelinni belidan boshiga qadar silaydi. Bu “Soch silash” marosi deyiladi. Kuyovga oq dokada qiz tomon niman atagan bo‘lsa (ko‘pincha choynak, piyola)ni tugib qo‘ltig‘iga qistirishadi. Shundan keyin kuyov chimildiqdan chiqar chog‘da “Sochqi” marosi ya’ni uni ustidan tanga, pul sochiladi. Kelin “Yor-yor”lar sadosi ostida kuyovnikiga kuzatiladi. Kuzatilish vaqtida qiz otasini poyiga cho‘kib oq fotiha oladi.
“Yo‘l to‘sish” odati. Kelinni kuyov tomon olib ketayotgan paytda qiz qadrini oshirish uchun mahalla bolalari ko‘chani to‘sib qo‘yishadi. Bu “ Yo‘l to‘sish” deyiladi. Ularni birlarini qo‘lida non tuz bo‘ladi. Qudalar ularni shartlarini bajargach, ya’ni rozi qilgach yo‘l to‘siqlari olib tashlanadi.
“Olovdan aylantirish” marosimi. Kelin kuyonikiga ot aravada keltirilgan. Undan tushirilgach, kuyov o‘ng yelkasida kelinni eshik (darvoza) oldida yoqilgan olovdan uch bora aylantiriladi. Eslatib o‘tish joizki avvalgi zamonlarda yigit-qizni tuydan bir necha kun oldin nikohi o‘qib qo‘yilgan hamda kuvnikiga ancha kech oqshomda keltirilgan kelin olo‘vdan aylantirilib uyga olib kirilgan. Buning ma’nosi yomon ziyon-zahmatni olov tutib qolsin kelin bilan qo‘shilib kirmasin degan ma’noni bergan.Eslatma.Kuyov kelinni ko‘tarib kirgan xona bir necha kun avval kelinni narsa-buyumlari bilan bezatib qo‘yiladi.
Nikoh o‘qitish. Bu marosim din vakilli tomonidan masjidda amalga oshiriladi. Masjidga kuyov – kelinni yaqin kishilari olib borishadi. Albatta kelin-kuyov milliy liboslarda bo‘lishi shart. Nikoh o‘qilayotganda kayvoni ayollardan biri kuyov choponini yelka qismdan igna –ipni tugmagan holda“Igna o‘tkazish” marosimni bajaradi, ignani nigoh jarayonida ignani ipini tugun qilmasdan choponni yelka qismdan o‘tkazib, chiqarib oladi, bir kayvoni ayol esa “Guruch sepish” ya’ni guruchdan yelka qismisochib turadi. Nigoh jarayonida ishtirok etayotganlar qo‘llarin, oyoqlarini chalkashtirmaydar, aks holda “kelin-kuyov o‘rtasida sovuqlik tushadi” degan qarashlar mavjud. Nikohda din vakili uch bora yigitdan so‘ng uch bora qizdan roziligini so‘raydi. Ularni roziligi olingach din vakili shariat bo‘yicha maslahatlar beradi.
Kelin tushgan xonadonni ertasi kunida “Yuz ochdi” marosimi o‘tkaziladi. Bunda kelin egniga yenglari, yoqqasiga kashta bezaklari tushirilgan kengish kuylak “Katta kuylak” kiydiriladi. Boshiga kelin bargak ya’ni tillaqosh kiygiziladi, uni ustidan ro‘mol, paranji ilinadi, yuzini yopib turuvchi harirgina mato tutiladi. Kelin marosim joyiga keltiriladi. Kuyov tomondan qarindosh farzandlaridan ya’ni kichik yoshdagi o‘g‘il bolaga mevali oq paxta o‘ralgan mevali daraxt cho‘pi bilan kelinni yuzidagi mato olinadi. Olingan mato bolani beliga “sen ham chiildiqda kuyov bo‘lgin” deya niyat bilan belqas qilib bog‘lab qo‘yiladi.
Yigitning onasi kuyovlik to‘n (chopon) ni boshiga yopinib, kelin oldiga boradi.
Qaynona bo‘lgan ona kelinni ikki qo‘ltig‘iga biriga ikkita non, biriga ozro un solingan surpani qistiradi. Bitta shirinlikni (oq parvarda) bir uchi o‘z og‘zida bo‘lib, bir uchini kelinni og‘ziga tutadi. Kelin bu shirinlikni og‘ziga olib ozgina tishlaydi. Buni ma’nosi qayna-kelin bir-biriga shirin muomalada bo‘lishi, oralari buzilmasligi tushuniladi.
Nikoh to‘yi shu tarzda yakun topadi.
Zuhra Qurbon SHAHRISABZIYA
Foto: uzbekistan.travel.uz