Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri
Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri 1978-yilning 10-noyabrida dramaturg K.Rahmonovning “Kechikkan bahor” spektakli bilan o‘zining birinchi faslini boshlagan. Yoshlarning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, milliy qadriyatlarni saqlash va keyingi avlodlarga yetkazishda teatr ijodkorlarining samarali mehnatlari katta.
1990-yil teatr jamoasi Toshkent shahrida o‘tkazilgan “I-Mintaqaviy O‘rta Osiyo va Qozog‘iston yosh tomoshabinlar teatrlari festivali”da, 1998-yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan I-xalqaro “HUMO” festivalida, 2007-yili 1-7-aprel kunlari Turkmaniston Respublikasi Ashxobod shahrida o‘tkazilgan “Folklor va milliy teatrlar Xalqaro festivali”da, 2007-yili 1-11-sentabr kunlari Misrning Qohira shahrida “XIX-xalqaro eksperimental teatrlar festivali”da, 2011-yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan “TeatrO‘z” II-xalqaro teatrlar festivalida faol ishtirok etdi.
Shuningdek, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri 2001-yil Urganch shahrida, 2003-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Qoraqalpoq madaniyati va adabiyoti kunlari”da, 2006-yil “Seni kuylaymiz, Zamondosh!”, 2008-yili yosh rejissorlarning “Debyut-2008”, “Sarhisob”, “Navro‘z arafasida” kabi festivallarida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi.
2003-yilning 1-dekabrida teatrning 25-yillik yubileyi tantanali ravushda o‘tkazildi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joqarg‘i Kengashining “Ҳурмат Жарлиғи” bilan taqdirlandi.
2019-yil 10-15-iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan “Seni kuylaymiz zamondosh!” O‘zbekiston teatrlarining V-Respublika ko‘rik- tanlovida B.Aytmuratov qalamiga mansub “Mo‘ynoqda baxtning tonglari otdi” spektakli bilan qatnashib, “Eng yaxshi dramaturgiya” nominatsiyasi bilan taqdirlandi.
Festivaldan tashqari Dzyundzi Kinositaning yapon xalq ertagi asosida “Turna parlari» spektakli yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Quvonarlisi, yutuqlar yutuqlarga ulanib kelayotir. Jumladan, 2020-yili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yosh rejissorlarning “Debyut-2020” 6-Respublika ko‘rik-festivaliga Rey Kunidning “Qora diplomat” spektakli bilan qatnashib, “Rejissor va rassomning muvaffaqiyatli hamkorligi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. “Ehtirom-2020” mukofoti “Yil spektakli” P.Aytmuratov qalamiga tegishli “Ustoz taqdiri”spektakli shu nominatsiyaga munosib ko‘rildi.
2022-yilning 21-27-iyun kunlari teatr jamoasi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga gastrol safari uyushtirib, tuman ahli yoshlari, kam ta’minlangan oila farzandlari va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari e’tiboriga Minulinning “Bir qizga to‘rt oshiq” va D.Darushovaning “Yerkaboyning nayranglari” ertak-spektakllarini bepul taqdim etdi.
Joriy yilning 26-30-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan yosh rejissorlarning “Debyut-2022” 7-Respublika ko‘rik-festivaliga teatr jamoasi Qayrat Imanaliyev qalamiga mansub “Qo‘rqit ota” spektakli bilan qatnashib faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.
Teatr jamoasi aynan shu spektakl bilan keyingi yilning mart oyida “Yevraziya” Xalqaro teatrlar san’ati festivaliga qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, teatr sahnasida belgili sanalarga, bayramlarga bag‘ishlab tadbirlar, teatrlashtirilgan dasturlar, milliy urf-odatlar, qardosh xalqlar va jahon klassik dramaturglarining 170 dan ortiq pyesalari sahnalashtirildi.
Hozirgi kunda ham teatrda chet el yozuvchilarining klassik asarlariga murojaat qilinib, sahnalashtirilayotgani, jamoaning, teatrning tomoshabinga ajoyib sahna asarlar yaratayotgani hamda bu yo‘lda shijoat bilan odimlayotganiga dalolatdir.
Ulug‘bek ALIMOV,
turkona.uz muxbiri