Qamashi etimologiyasi: qubaychimi yoki qamishli?!
Qashqadaryo viloyati O‘zbekistonning eng go‘zal, o‘ziga xos tabiatga ega viloyatlaridan biri hisoblanadi. U mamlakatimizning janubida joylashgan bo‘lib, 1924-yilning 1-noyabrida tashkil etilgan.
Viloyat qazilma boyliklari bo‘yicha respublikada yuqori o‘rinlarda turadi. Hudud 13 tumanni o‘z ichiga olib, ulardan biri Qamashi tumanidir.
Qamashi tumani nisbatan qadimiy manzilgohlardan biri ekanligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Tumanda Langarota, O‘g‘lonjonota kabi ziyorotgohlar mavjud. E’tiborlisi, bu yerga ko‘plab xorijlik sayyohlar tashrifi buyuradi.
Ziyorotgohlarning qisqacha tasnifini Shuhrat Rustamovning “Katta Langar yoxud haj bitiklari” kitobidan batafsil bilib olish mumkin. Tumanda asosan chorvachilik va dehqonchilik tarmoqlariga keng quloch yozganini ta’kidlash joiz.
Tuman aynan nega Qamashi deya nom olgan? Xo‘sh, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”ning 10-jildida shunday deyiladi: “Mahalliy ma’lumotlar bo‘yicha Qamashi nomi o‘zbek-qo‘ng‘irot urug‘ining “qamaychi” tarmoqli nomidan olingan”.
Bunga qo‘shimcha qilib, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Poyon Ravshanovning fikrlarini ham keltirish mumkin. U suhbatlardan birida tuman etimologiyasi haqida shunday degan edi: “Turkiy xalqlarda olis o‘tmishda totemlari, inchunun, muayyan bir qavmning topinadigan buyum, hayvon yo qushlari bo‘lgan. Turkiy tilda “Qabay”, “Quboy” degan burgutlar toifasiga kiradigan qush shu so‘zda ifoda etilgan. Qabay xosiyatli, kuchli qush bo‘lib, unga topinadigan qavm yoki urug‘ “qabaychi”, “qubaychi” deb atalgan. “Qamaychi”, “Qamashi” ham shu so‘zdan hosil bo‘lgan deb qaraladi”.
Bundan tashqari, shu suhbatda Qamaytepada yashagan insonlarni “qamaychi”, keyinchalik, “Qamashi” deyilgani ham aytib o’tilgan (Qamashi haqiqati gazetasi. 2008-yil).
Ta’kidlash joizki, ushbu ma’lumotlar o‘rinli hamda asoslidir. Mavzu yuzasidan shu hududda istiqomat qiluvchi keksa insonlar bilan bo‘lgan suhbatlarda, ular: “Bu yerlarga odamlar ko‘chib kelmasdan burun, barcha joy qamishlar bilan qoplangan edi. Sekin-asta uy-joylar qurilib, insonlar hayot kechirib boshlagach, ulardan qayerda yashayotganini so‘rashsa, “qamishli joyda”, “qamishlar o‘sgan joyda” deb javob berishgan. Vaqtlar o’tgan sayin bu yernining aholisi ko‘paygan va joy nomini o‘zlariga qulayroq qilib “Qamashli”, “Qamashi” deb atab ketishgan” ‒ deb fikr bildirishdi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, men ham bobomlarimdan tumanimiz haqida xuddi shunday ta’riflarni eshitib kamol topganman. Bu fikrlarda qaysidir ma’noda haqiqat bor. Muhimi men tug‘ilib o‘sgan makon boy tarixga eganidir. Aslida, faxrlansak, etimologiyasini tadqiq etsak arziydigan go‘shalarimiz bisyor. Ularning tarixi, genezisi va tadrijiy rivojlanishini o‘rganish, uni yurtdoshlarimizga yetkazish har birimizning burchimizga aylanishi darkor.
Laylo DUSANOVA,
turkona.uz muxbiri