Ozarbayjon va Yaponiyaning brend soatlari endi Toshkentda
Yaqinda poytaxtimizning “Magic Sity” nomi bilan mashhur ko‘ngilochar bog‘ida Ozarbayjonning “VMF” soat zavodi o‘zining navbatdagi savdo markazini ochdi. Ushbu korxona 1997-yilda Yaponiyaning “CITIZEN” korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan bo‘lib, u yerda tayyorlanayotgan soatlar o‘zining yuqori sifati va aniqligi bilan ajralib turadi.
O‘zbekistonda bir yil muqaddam ilk shunday savdo markazi ochilgan bo‘lib, u Toshkent Markaziy univermagida joylashgan. Xaridorlarning qiziqishi va Ozarbayjon-O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy-siyosiy hamkorlik rishtalarining mustahkamlanishi natijasida mazkur zavod Toshkentda ikkinchi savdo ko‘rgazmasini ochishga qaror qildi.
Rasmiy ochilishga bag‘ishlangan tadbirda Ozarbayjon va Yaponiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchilari Huseyn Guliyev hamda Yoshinori Fujiyama, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi mas’ullari, OAV xodimlari, madaniyat va san’at ixlosmandlari hamda ko‘rgazmaga qiziqish bildirgan yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi.
Zebo NAMOZOVA