Kappadokiya: Bir kunda to‘rt fasl…

Avval xabar qilganimizdek, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar uchun Istanbul, Antaliya va Kappadokiya shaharlariga navbatdagi sayohat uyushtirildi. Ayni paytda biz ertaknamo va tarixiy Kappadokiyadamiz. Bizning yo‘lboshchimiz esa Murat Cheliker.
Kappadokiya bilan uchrashganingizda beixtiyor o‘zingizni boshqa sayyoradaman, deb o‘ylaysiz, bu yerda manzaralar shu qadar noyob va hech narsaga o‘xshamaydi: qor bilan qoplangan cho‘qqilar, past, alohida tog‘lar, tosh massivlari va unumdor vodiylari bo‘lgan qoyatoshlar mavjud. Eng hayratlanarlisi esa faqatgina Kappadokiyada bir kunda to‘rt faslni ko‘rish mumkin: ertalab sharros yomg‘ir qo‘yayotgan bo‘ladi, birdan quyosh chiqib, harorat ko‘tariladi, sal turib esa tabiat yaratgan obidalar ustini bulut qoplaydi va kun botganda qahraton qish kabi pag‘a-pag‘a qor yog‘a boshlaydi.
Fotogalereya
Bunday ob-havoda esa siz Kappadokiyadagi qator ajobtovur vodiylarni va g‘orlar ichida joylashgan muzeylarni maroq bilan sayr etishingiz mumkin.
Kapadokiyadagi Markaziy Osiyo vodiysi
Kappadokiyada bir-biridan g‘aroyib vodiylar bor. Shulardan biri O‘rta Osiyo vodiysi. Baland qoyalar o‘rtasida joylashgan vodiyda o‘tovlar mavjud. Har bir o‘tovga tashrif buyurish, O‘rta Osiyodagi qaysidir mamlakatga tashrif buyurish bilan barobar. O‘zbek o‘toviga kirib borar ekansiz, millatimizga xos liboslar, asbob-uskunalar va bezaklar O‘zbekiston muhitini yodga soladi. Ushbu vodiyda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojiklar sayohatchilar va tashrif buyuruvchilarga O‘rta Osiyo madaniyati va yashash tarzini ko‘rsatishadi. Ma’lum qilinishicha, bundan 30-40 yillar avval o‘zbek va qirg‘izlardan bir nechta oila bu yerga ko‘chib kelgan va hozirda ular tobora ko‘payib, deyarli mahalliy aholiga aylanib ulgurishgan. Shuningdek, O‘rta osiyoliklar jamiyatning turli sohalarida faoliyat yuritishadi. Eng muhim ma’lumot: O‘rta Osiyo vodiysi may oyidan boshlab barcha tashrif buyuruvchilar uchun ochiladi.
Arvohlar vodiysi: kimni va nimani ko’ryapsiz?
Odamlar Hayolotlar vodiysiga, shunchaki, ko‘ngil ochish yoki yorqin joylari uchun kelishmaydi. Sayyohlar bu yerga ajoyib ko‘rinishlarni yaratadigan noyob landshaftlar uchun kelishadi. Ya’ni tasavvuringizni biroz ishga solishingiz kifoya: mahalliy toshlarda siz turli xil narsalar va hayvonlarning siluetlarini ajrata olasiz. Bir muddat siz yerni butunlay tark etib, boshqa sayyoraga tushib qolganingizni his qilishingiz mumkin. Balandliklar o‘rtasidan o‘tgan katta yo‘lda turib, to‘rt tomoningizdan tarixiy shasxlar, fil’m va ertak qahramonlari, hayvonlardan tortib, son-sanoqsiz obrazlarni yaratib olishingiz mumkin. Va, albatta bu sizning tasavvur dunyoingizning kengligiga bog‘liq.
Ko’z o’ngingizda noyob kulolchilik mahsulotlari yaratiladi
«Guray» kulolchilik muzeyi yer ostida joylashgan. U yerda qadimiy kulochilik mahsulotilaridan tortib, zamonaviy buyumlarga qadar ajoyib kolleksiyalarni ko‘rish mumkin. Muzey zallari yer ostida joylashgan bo‘lib, toshloq yerga o‘yilgan, bu esa juda ajablanarli va g‘ayrioddiy. Eng yoqimli manzara esa noyob keramika mahsulotlariniing ko‘z o‘ngingizda yaratilishi va ularga nodir bezaklar berilishidir. Hatto siz ham bu yerda kulolchilik bo‘yicha o‘z mahoratingizni sinab ko‘rishingiz mumkin, yaratgan mahsulotingizni esa o‘zingiz bilan olib ketish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, muzeyda zamonaviy asarlarning, shu jumladan rasmlarning galeriyalari mavjud.
Ochiq osmon ostidagi muzey
Shahar markazidan bir yarim kilometr uzoqlikda ochiq osmon ostidagi «Goreme» muzeyi joylashgan. «Goreme» – ko‘rinmas degan ma’noni bildiradi. U Kappadokiyadagi eng katta, eng mashhur va sayyohlar tez-tez tashrif buyuradigan cherkovlar majmuasi.
Bir-biridan baland va bir-biriga o‘xshamas yuzlab g‘or va xonalardan tashkil topgan muzeyning yuqori qismi bulutlar bilan to‘qnashgandek, go‘yo. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘z davrida bu maskan odamlar uchun ibodatxona va cherkov vazifasini o‘tagan. Bugungi kunda esa «Goreme» muzeyi Kappadokiya turizmining bir qismi hisoblanadi.
Фото: anex-tour.ru