Istanbul

Bobolar yurtidan entikib
Bir shoir kelmishdir, bir qara,
Qudrating ne, desam Istanbul,
Mehringday qalqimish Marmara.
Sen deding: Tog‘larga bir qara.
Qaradim, bir faxr tuyulmish
Yam-yashil umidga cho‘lg‘ana
Mardona yurishing, turishing.
Kechmishing talotoʻp, qon, yara.
Asrlar qa’ridan sas berar,
Qilichu nayzalar sadosi.
Muzaffar yurishlar inshosin,
O‘qiyman manglayda yoziqlik
G‘oliblik sururu, nash’asi.
Istanbul, tonglaring farahbaxsh,
Ufirmish ajdodlar nafasi.
Ufqda g‘amlaring parpara,
Istanbul, quvonchu tashvishdan,
Guldasta tutmishsan bir sara.
Osoyish istaysan olamga,
Tegrangni cho‘lg‘amish fitnalar,
Tinchingni buzmishlar hamisha,
G‘ayurlar, riyokor kimsalar.
Imonga suyanib fotihda,
Turk nomin oqlading har ishda
Sen quchding tayanib bardosha.
Istanbul, ko‘p yasha, ko‘p yasha,
Sodiqsan turkona qardosha.
O‘ktam MIRZAYOR,
shoir, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi