Buyuk turkiylarning bir shodasi
Turkiy xalqlar o‘zining jahon sahnasida tutgan muhim roli bilan ajralib turadi. Bugun milliy va madaniy merosining o‘zgachaligi, buyuk tarixidan darak beruvchi, turkiylarga xos g‘ururli “Qashqay” eliga safar qilamiz.
O‘zbekistonda deyarli o‘rganilmagan, kitob va darsliklarda ko‘p ham uchramagan qashqay turkiylari haqida fikrlarimizni bildirmoqchimiz. Qashqay forsiylarda qoshqoy yoki qashqoy tarzida ataluvchi turkiyzabon, tarixan ko‘chmanchi, Eronning janubiy Fors ko‘rfazi hududida yashovchi ko‘chmanchi turkiy xalqlar sanaladi.
Ular asosan Eronning Xuziston, Chaxarmahal, Baxtiyari, Bushehr kabi viloyatlarda va Sheroz, Feruzabod shahar atrofidagi qishloqlarida istiqomat qilishadi. Qashqaylar o‘zlarini turk millatiga mansub deya hisoblab, turkiy o‘g‘uz lahjasida gaplashadilar.
Nazarimizda, lahja Afg‘oniston o‘zbeklariga (shaharlaridagi) so‘z qurish uslubiga yaqin. Buning asosiy sababi forsiy tilning ta’siri sezilari bo‘lganligini taxmin qilishimiz mumkin, chunki bu til vakillari istiqomat qiluvchi hududlarning davlat tili forsiydir.
Fikrlar qarama-qarshiligi
Qashqay turklarining o‘rganilishi borasidagi ma’lumotlar asosan turkiyalik olimlar tomonidan tadqiq etilgan, biroq bu turkiy xalqlarning kelib chiqishi va etimologiyasi borasida aniq fikrlar deyarli yo‘q. Eronlik olimlarning takidlashicha, bu turkiy xalqlar borasidagi fikrlar turlicha yaktillik yo‘q deb fikr bildirishadi.
Qashqay xalqi o‘zlarini turk deb hisoblashadi. Ko‘pincha bu xalqning ildizi Amir Temur imperiyasi va mo‘g‘ullarga borib taqaladi, degan fikrlar mavjud. Sababi tub aholi va forslar bu millat vakillarini mo‘g‘ul deb bilashadi. Bunday fikrlarda albatta jon bor.
Uning ildizlari ma’lum tarixiy voqea yoki afsonaga borib taqaladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, Eron hududida yashovchi aholining katta qismi turkiylar bo‘lib, ular ozarbayjonlar, qashqaylar, bayotlar, qorako‘zlilar (qorako‘zdular), oqko‘zlilar (oqko’zdular) turkmanlar sanaladi va bu xalqlarning kelib chiqishi halajlarga borib taqaladi degan faraz ham mavjud.
Halajlar Samarqand shahridan kelgan turkiy qavm sifatida qaraladi. Ba’zi qashqaylar o‘zlarini ilhoniylar deyishadi va Eron hududiga mog‘ullar va Amir Temur yurishlari ortidan kelib qolgan turkiyzabon el vakillaridir.
Qashqaylarning kelib chiqishi Qashqadaryodanmi?
Bu savolning javobiga fundamental olib borilgan ilmiy tadqiqotlardan so‘ng aniq bir to‘xtamga kelish mumkin. Qashqaylar asli qashqadaryolik bo‘lgan turkiy millat ekanligi to‘g‘risidagi ilmiy qarashlar mavjud.
“Doyratul maorifiy islomiy“ kitobida eronlik olimlar qashqaylar haqida turli fikrlar bildirishgan. Biz, Qashaylar asli O‘zbekistoning Qashqadaryo viloyatidanmi yoki yo‘qmi, o‘z farazimizni o‘rtaga tashlaymiz. Albatta, ushbu fikrda jon bor. Qashqay va qarshi so‘zlari asrlar davomida fonetik hodisaga uchragan bo‘lishi mumkin.
Misol uchun, turkiylarda insonlarning ma’lum hududdan ekanligi, shahar nomi urug‘i bilan atashgan degan taxminga keladigan bo‘lsak, bu odamlar asli qarshilik keyinchalik, qashqaylik deb nomlangan bo‘lishi mumkin. Ushbu farazimizga qo‘shimcha qilib, qashay xalqi orasida o‘zlarini ilhoniylar sifatida ko‘rish ham urfga kirgan.
Ilhoniylar ‒ mo‘g‘ullarning bir vakili, Amir Temurning harbiy yurishlari davrida kelib qolgan turkiy millat vakili deb hisoblashadi. Buyuk Temur tug‘ilgan hudud Qashqadaryo viloyatiga tog‘ri kelishi barchamizga ma’lum, agarda Amir Temur o‘z qo‘shini tarkibiga qarshilik askarlarni olib g‘arb yurishida qatnashgan bo‘lsa, bu farazimiz real voqealarga yanada yaqin keladi.
Amir Temur bosib olingan hududlarga o‘zining yaqin odamlarini joylashtirgan, buyuk sarkarda tug‘ilib o‘sgan hududidan ishongan odamlarini Eronda qoldirgan desak, qashqaylar asli qarshilik yoki qashqadaryolik bo‘lgan turkiylar deya olishimiz mumkin.
Hozirgi Eron hududi asrlar davomi turkiylar yeri hisoblangan saljuqiylar, temuriylar, oqquyunlilar va qoraquyunlilar tarkibida bo‘lganligini hisobga olsak, qashqay turkiylari forslarga yoki boshqa xalqlarga singib ketmay bugungi kunga qadar o‘zining milliy qadriyatlarini saqlab qolgan turkiy xalq sifatida gavdalanishi, tabiiy.
Shu o‘rinda agar qashqaylar qashqadaryolik deb fikr bildirilsa, nima uchun turkiy o‘g‘uz lahjasida suhbatlashadi, axir Qarshi vohasida asosan, qipchoq va qarluq lahjalarida so‘zlashuvchi odamlar istiqomat qilishadi-ku?
Fikri ojizimizcha, hozirgi Eron hududida o‘g‘uz turkiylari hukmronlik qilgan bevosita qashqaylar tiliga ta’sir qilgan taxminini bildirishimiz mumkin. Qashqaylar va qashqadaryoliklarni o‘zaro o‘xshash jihatlaridan yana biri madaniyati va yashash tarzidadir. Qashqaylar ham, ko‘plab qashqadaryoliklar ham tarixan ko‘chmanchi hayot tarzida yashashgan.
Ular asosan qo‘y junlariga ishlov berib gilamlar to‘qishgan bo‘lsa, qashqadaryoliklar ham asosan qo‘y junidan kigiz tayyorlashgan. Umumiy o‘xshashliklardan yana biri har ikki gilam naqshlari va ulardagi boshqa turkiylarda uchramaydigan qizil va ko‘k rangning ustunligidir. Bu turkiylardagi bir hudud hunarmandchilik an’anaviyligini eslatadi. Bundan ko‘rinadiki, qashqaylar borasidagi fikrlarimiz ancha realikka yaqin taassurot uyg‘otadi. Bu boradagi ishlar keng ko‘lamdagi tadqiqotlarni talab qiladi, albatta.
Qashqay turkiylarining kelib chiqishi, ildizi O‘zbekistondan bo‘lishi mumkinligi ochiqlansa, o‘lkamiz, xususan, turkiylar hayotiga oid muhim tarixiy haqiqat tiklangan bo‘lar edi. Qashqay turkiylari borasidagi boshqa qiziq ma’lumotlarni keyingi maqolalarimizda davom ettiramiz.
Miraziz SUYUNOV