Turkona.uz ‒ Ozarbayjon madaniyat markazi mehmoni
O‘zbekistondagi ilk turkologik va folklor sayti turkona.uz jamoasi Toshkent shahridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi mehmoni bo‘lishdi. U yerda qardosh millat ‒ ozarbayjon xalqining tarixi, me’moriy obidalari, mashhur tarixiy shaxslari bilan yaqindan tanishilib, urf-odatlari va ajoyib madaniyatidan bahramand bo‘lindi.
Olovlar yurti tarixi aks etgan muzey
Markaz bilan bizni fidoyi xodimlardan biri Kifoyat Azeri yaqindan tanishtirdi. Eng avvalo, biz ekskursiyani «Ozarbayjon» muzeyidan boshladik. Dastavval, Kifoyat xonim bizni qardosh xalq milliy ramzlaridan biri bo‘lgan davlat bayrog‘i bilan tanishtirishdan boshladi.
Ozarbayjon Respublikasi bayrog‘i 4 xil rangdan iborat bo‘lib, har bir rangda turli xil ma’no mujassamlashgan ekan. Jumladan, moviy rang turkiylarning sevimli rangi bo‘lib, musaffo osmon, qadim ildizlarni anglatsa, qizil rang faqat oldinga qarab harakat qilish, taslim bo‘lmaslik demakdir. Yashil rang esa tabiiy ravishda musulmonlarning uzoq asrlik sevimli rangi.
U yerda biz Ozarbayjon milliy madhiyasining matnini bevosita ko‘rish va o‘qishga muvaffaq bo‘ldik. Undan tashqari, olovlar yurtidagi mashhur qal’alarning maketi diqqatimizni tortdi.
Jumladan, Qiz qal’asi tarixini bilib oldik. Bunday nomlanishiga sabab, bu qal’ani shu paytgacha hech kim ishg‘ol qila olmagan ekan. Shu sababdan, qizdek pok, musaffo degan ma’noda qiz qal’asi deb nom olgan.
Afsonalardan birida aytilishicha, bir podshoh qizini yoqtirmagan insoniga majburlab turmushga bermoqchi bo‘lgani uchun, malika qal’aning eng yuqori qavatidan o‘zini dengizga tashlagan. Shu sabab, Qiz qal’asi nomini olgan.
Shuningdek, markazdagi ko‘plab tarixiy joylar maketi, qurol-aslahalar diqqatimizni tortdi. Muzeyning burchaklaridan biridagi manzara hayratimizni yanada oshirdi. U yerda haqiqiy ozarbayjon qishloq hayoti gavdalangan ekan. Aynan shu manzaradan biz ozarbayjon milliy liboslari haqida tasavvurga ega bo‘ldik. Turkiy qavmlarning mashhur avliyolaridan biri bo‘lgan Dada Qo‘rqut siymosi jamomizda katta taassurot qoldirdi.
Milliy lider bosib o‘tgan shonli yo‘l
Haydar Aliyev nomidagi muzeyga kirganimizda bizni eng avvalo, ozar xalqining milliy liderining suratlari e’tiborimizni jalb qildi. Muzeydan uning mashhur aforizmlari, kitoblari, prezidentlar bilan bo‘lgan hamkorlikdagi o‘zaro suhbatlari o‘rin olgan ekan.
Haydar Aliyevning o‘gli, hozirda Ozarbayjon Respublikasining Prezidenti bo‘lgan Ilhom Aliyev haqidagi bilimlarimiz ham yanada boyidi.
Muzeyda “Xotira kitobi” mavjud bo‘lib, unga kelgan mehmonlar fikr-mulohaza hamda niyatlarini yozib ketishlari mumkin bo‘lib, Turkona.uz jamoasi ham Ozarbayjon xalqiga chuqur samimiyat ila o‘z niyatlarini kitobga muhrlashgani, esda qolarli voqea bo‘ldi.
Haydar Aliyev nomidagi muzeydan so‘ng, biz “Do‘stlik muzeyi” tomon yo‘l oldik. Bu muzey ham ajoyib bo‘lib, undan Maqsud Shayxzoda, Sayyid Rizo Elizoda va yana ko‘plab O‘zbekiston va Ozarbayjon tarixida chuqur iz qoldirgan tarixiy shaxslar byustlari, milliy kiyimlar va taomlar, Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning polotnosi joy olgani e’tiborga molik.
Shusha shahrining ramzi bo‘lgan Xaribulbul guli haqidagi ma’lumotlar biz uchun ajoyib yangilik bo‘ldi desak, aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Taassurotlar bir olam
Muzeylarga qilgan sayohatimizdan so‘ng, markaz qoshidagi kutubxonada bo‘ldik. U yerda ozarbayjon va o‘zbek xalqlariga oid 4 mingdan ortiq kitoblar jamlangan ekan. Kifoyat xonim bizni istagan vaqtimizda kelib, kitoblardan foydalanishimiz mumkinligini aytganda, behad quvondik. Bu biz ‒ qardosh xalq tarixi, madaniyati, kelajagiga qiziqqan yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi.
Bundan tashqari, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida turli xil kurslar, jumladan, rasm chizish, ozarbayjon tili, raqs to‘garaklari bepul tarzda faoliyat yuritayotgani quvonarlidir.
Xullas, turkona.uz jamoasining bugungi safari juda ham ajoyib, sarguzashtlarga boy bo‘ldi. Taassurotlar bir olam.
Qardosh ozar xalqi bilan do‘stlik aloqasini yanada kengroq yo‘lga qo’yishni maqsad qildik. Markazda bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda faol ishtirok etishga kelishib olindi. O‘zbek hamda ozarbayjon xalqlarining do‘stlik rishtalari yanada gullab-yashnashiga hissa qo‘shayotganimizdan iftixor tuydik.
Sevinch ERKINOVA,
Sabrina NURMATOVA,
turkona.uz muxbirlari