Qardoshlar xotirasiga ehtirom
Poytaxtimizda joylashgan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida shahid ketgan ozarbayjon askarlari xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o’tkazildi. Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasida bo’lgan urushda Vatan himoyasi uchun o‘z jonlarini qurbon qilgan jasur o‘g‘lonlarning nomlari e’tirof etildi.
Ikki davlat o‘rtasida bo‘lgan 44 kunlik Vatan urushida 3000 mingdan ziyod askarlar halok bo‘lgan. Ularning nomlari kelajak avlod uchun namuna sifatida tarix zarvaraqlariga abadiy muhrlandi. Bu ikki qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi nizolar boshqa qardosh millat vakillarini ham o‘yga soldi. Urush oqibatlarini ko‘rib, guvoh bo‘lgan va 44 kunlik muhorabaga bag‘ishlab yozilgan “44 kun: qahramonlik, g‘alaba va ozodlik” nomli kitob muallifi Xosiyat Rustamova, Sharofiddin To‘laganov, Feruza Najmiddinova kabi jurnalistlar tadbirda o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan talofatlar, vayronagarchiliklar, urushning fojiali oqibatlari haqida dard bilan nutq so‘zladilar. Vatan ozodligi yo’lida qurbon bo’lgan askarlar xotirasi hurmati uchun bir daqiqa sukut saqlanib, ularning aziz ruhlariga Qur’on tilovat qilindi.
Qardosh xalq ekanmiz, urush chog‘ida do‘st millat vakillariga qalban va ma’nan yelkadosh bo‘lishimiz lozim, albatta. Tadbirda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbosov Armaniston barcha suveren Ozarbayjon davlati hududlarini egallab, bosib olingan yerlarda katta vahshiyliklar uyushtirilgani, Ozarbayjonning aholisiga zulmlar qilingani haqida gapirar ekan, shu yerda o‘tirgan ishtirokchilar qatori, bizning ham ko‘zimizga yosh keldi.
Bir narsani unutmasligimiz kerakki, tinch mamlakatning osoyishtaligini ko‘ra olmay, uning halovatini buzmoqchi bo‘lgan qora kuchlar hech qachon g‘olib bo‘lolmaydi, haqiqat bir kun o‘z aksini topadi.
Tadbir davomida Samir Abbosov Ozarbayjon davlati muhorabada g‘alaba qozonib, bosib olingan Vatan hududlarini g‘ayurlardan qaytarib olingani, Armanistonning Ozarbayjon bilan chegaradagi so‘nggi provakatsiyalari Ozarbayjon tomonining ishg‘oldan ozod qilingan yerlarda qurilish ishlarini olib borish, qochqinlarni o‘z vatanlariga qaytarish, keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga va Ozarbayjon Armanistonga 5 bandli tinchlik shartnomasini tuzish taklifini ilgari surganini ta’kidladi.
Shuningdek, Ozarbayjonning 10 minglab shahar va qishloqlarining yo‘q qilinishi, tarixiy yodgorlik majmualarining vayron etilishi, hududlarning minalashtirilishi, bir millionga yaqin Ozarbayjon xalqining 30 yil davomida qochqinlikda hayot kechirganliklari uchun Armaniston bir davlat sifatida javob berishi kerakligi e’tirof etildi.
Shuni alohida qayd etish joizki, Armaniston harbiylari Ganja, Bard, Terter, Mingachevir va boshqa aholi yashaydigan joylarda harbiy jarayonlarga qo‘l urib, tinch aholini ayanchli tarzda raketalardan o‘qqa tutgani juda fojiali holat va bu xalqaro konvensiyalarga ziddir. Urush tugagandan so‘ng, ushbu Xotira tadbiri o‘tkazilgan 27-sentabr sanasi butun Ozarbayjon millati uchun “Xotira kuni” sifatida tarixda qoldi.
Ishtirokchilarga namoyish etilgan videorolikda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning buyuk ishonch bilan har bitta qaytarib olingan yerlarni alohida “Bizniki” deb ta’kidlashi, qardosh vakillarimizning qanchalik Vatanini sevishi va uning har qarich yeri muqaddas ekanini yana bir karra namoyish etdi.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida shahidlar xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir so‘nggida o‘zbek talaba-yoshlari ham qurbonlar xotirasiga bag‘ishlangan Ozarbayjon tilidagi o‘z chiqishlari bilan qardosh xalqqa hurmat va ehtiromini namoyon etdi.
Pokiza MAHMUDOVA,
Mashhura BOTIROVA,
turkona.uz muxbirlari