Yosh rejissor ‒ “Eng faol madaniyat va san’at xodimi ‒ 2022” g‘olibi
Qoraqaplog‘iston davlat yosh tomoshabinlar teatrining rejissor yordamchisi Sultanbek Qallibekov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “E’tirof” tanlovida “Eng faol madaniyat va san’at xodimi ‒ 2022” statuetkasi hamda diplom bilan taqdirlandi.
S.Qallibekov Qoraqaplog‘iston davlat yosh tomoshabinlar teatri va Respublika yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirgan “Qo‘rqit Ota” spektakli uchun ushbu mukofotga loyiq ko‘rildi.
Qayd etish joizki, Qirg‘iziston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qayrat Imanaliyev qalamiga mansub “Qo‘rqit ota” spektakli joriy yilning 26-30-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan yosh rejissorlarning “Debyut-2022” 7-Respublika ko‘rik-festivalida faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan edi.
Teatr jamoasi aynan shu spektakl bilan keyingi yilning mart oyida “Yevraziya” Xalqaro teatrlar san’ati festivalida qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Yosh, umidli ijodkor, qardoshimiz Sultanbek Qallibekov hamda Qoraqaplog‘iston davlat yosh tomoshabinlar teatrini ushbu munosib mehnatlar e’tirofi bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz.
Gulasal RUSTAMOVA,
turkona.uz muxbiri