8 noyabr ‒ G‘alaba, birlik bayrami
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi va Turkiy Oqsoqollar Birligi – TAIB hamkorligi ila G‘alaba kuni munosabati bilan O‘zbekistonda «Ozarbayjonning Qorabog‘dagi g‘alabasi Turkiy dunyo tarixidagi shonli sahifadir» nomli konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Ozarbayjon Milliy Majlisi deputatlari Ramil Hasan, Mushfiq Jafarov, Turkiy Oqsoqollar Birligi raisi, akademik Sudeyif Imomverdiyev boshchiligidagi mazkur tuzilma delegatsiyasi, O‘zbekistondan fan, madaniyat va san’at arboblari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar anjuman avvalida Markaz oldidagi Haydar Aliyev haykali va 44 kunlik muhoraba shahidlariga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasiga gul va gulchambarlar qo‘yishdi.
Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov anjuman ishtirokchilarini qutladi va Ozarbayjonning 44 kunlik urushdagi g‘alabasi haqida ma’lumot berdi.
Bir necha oy avval Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan va O‘zbekiston davlat rahbari bilan aloqalarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolangan edi. Eslatib o‘tamiz, shu oyning 11-sanasida esa turkiy dunyo rahbarlari qadimiy hamda navqiron Samarqand shahrida to‘planishadi.
Ulug‘bek ALIMOV,
turkona.uz muxbiri