Ozarbayjonda “Shusha madaniyati durdonalari” loyihasi davom etmoqda
2022-yil qardosh Ozarbayjonda “Shusha shahri yili” deb e’lon qilingan. Shusha – armanlar tomonidan turli bosqinchilik harakatlari amalga oshirilgan qadimiy va tarixiy shaharlaridan biri bo‘lib, joriy yilda davlat Prezidenti farmoni bilan shaharni obodonlashtirish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish borasida juda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birgalikda, shahar madaniyati, bu yerda yashagan va ijod qilgan mashhur san’at namoyondalari, qadimdan mavjud bo‘lgan urf-odat va madaniyatlar haqida ham maqolalar, intervyular, qiziqarli ko‘rsatuv va videofilmlar ishlanmoqda. Shu munosabat bilan mamlakat rasmiy sayti “AzerTag.az”ning ma’lum qilishicha, loyiha doirasida chop etilayotgan “Shusha siymolari” kitobining bir bo‘limi Xon Shushinskiyga bag‘ishlandi.
Xon Shushinskiy kim? U Shusha tarixida qanday o‘rin egallagan?
Ushbu kitobda o‘quvchi ushbu savollarga batafsil javob olishi mumkin. Asli ismi Isfandiyor Aslon o‘g‘li Javanshir bo‘lib, u 1901-yil 20-avgustda Shusha shahrida tug‘ilgan. Isfandiyorning ovoz diapazoni keng, yoqimli bo‘lib, qo‘shiqqa ishtiyoqi nihoyatda baland bo‘lgani uchun otasi Aslan og‘a uni o‘smirlik chog‘idan o‘z davrining mashhur xonandalaridan biri Islom Abdullayevning tahsilini olishga topshiradi.
1920-yillarda Xon Shushinskiy Bokuga kelib, o‘z faoliyatini kengaytirdi. Xonandaning repertuaridan “Mahir hindiy”, “Bayati-Kajar”, “Qatar” maqomlari, “Qorabog‘ shikastasi”, “Arazbari”, “Hayrat” kabi zarbli cholg‘ular bilan ijro etiluvchi maqomlar, shuningdek, xalq qo‘shiqlari bor. Xon xalq qo‘shiqlarini o‘zgacha ishtiyoq bilan kuylaydi, ularga yangi tuslar qo‘shadi. Ozarbayjon musiqa tarixidagi ilk duyet ham buyuk san’atkor nomi bilan bog‘liq. Shavkat Alakbarova va Xon Shushinskiy ijrosidagi “Yaylig‘” deb nomlangan duyet hozir ham qiziqish bilan tinglanadi.
Atoqli xonanda 1960-yilda Ozarbayjon davlat filarmoniyasi qoshida “Maqom studiyasi” tashkil etib, yosh xonandalarga maqom sir-asrorlarini o‘rgatdi. Ozarbayjon davlat musiqa maktabida ham dars berib, maqom ijrochilarining yangi avlodini tarbiyalashda beqiyos xizmatlar ko‘rsatdi.
Isfandiyor Javanshirov yoshligida unga ustozi Islom Abdullayev tomonidan berilgan “Xon” taxallusni umrining oxirigacha munosib oqlab keldi. Uning ijrosidagi maqom ashulalarni nafaqat ozarbayjonliklar, balki qo‘shni qardosh turkiy tilli xalqlar ham mehr bilan tinglaydilar.
Atoqli san’atkor Ozarbayjon milliy musiqasi tarixiga o‘z nomini katta harflar bilan yozishga muvaffaq bo‘lgan. Unga 1943-yilda “Ozarbayjon SSR xalq artisti” unvoni berilgan. Musiqachi mutaxassislarning aytishicha, “Qora ko‘z”, “Ey go‘zal”, “Meni tashlab ketma”, “Shusha tog‘larining boshi tumanli” kabi mashhur qo‘shiqlarni undan keyin biror san’atkor Isfandiyor Javanshir kabi maromiga yetkazib ijro etgan emas. Xon Shushinskiy 1979-yilda vafot etgan.
Zebo NAMOZOVA tayyorladi