“Non toʻshama” yoki “Non palov”
Oʻzbek milliy taomlari
Yodimda: Onam suvi qochgan nonlarni issida quritib qishga deb olib qoʻyar edilar. Bu bizning uydagina emas, barcha oʻzbek xonadonlarida shunday qilinar edi. Qish-qirovli kunlarda ular sut yoki atalaga, ovqatga solib yeyilardi. Bu nonlar juda shirin boʻladi, aslida.
Hozirga paytda nonlar yigʻilyaptimi, yoʻqmi bilmadim, lekin suvi qochgan nonlar qoʻshib tayyorlanadigan ovqat haqida sizlarga aytib bermoqchiman.
Turli nomda yuritiladigan “non palov” yoki “non toʻshama” biroz suvi qochgan nonlardan tayyorlanadi.
Qozonga yogʻ solib, ozgina goʻsht ‒ qiyma qilib qovuriladi. Piyoz, pomidor, bulgʻor qalampir toʻgralib, birgalikda qovuriladi.
Soʻngra, suvi qochgan non toʻgʻrab olinadi. Ustidan issiq yoki sovuq suv quyiladi. Bu nonni yumshatish uchun.
Tayyor qayla ustiga non suvi bilan solinadi va aralashtiriladi. Ustidan ozroq suv quyiladi.
Taʼbga koʻra zirovorlar, tuz, murch solinadi. Ozroq dimlangach, olov oʻchirilib, taom dasturxonga tortiladi. Yoqimli ishtaha.
Robiya CHAMAN qizi retsepti