Mehr-oqibat, ezgulik va birdamlik bayrami

Yangilanish, yasharish, goʻzallik, nafosat ayyomi, Yilboshi hisoblangan Navroʻzi Olam mana bir necha ming yildirki, Sharq xalqlari tomonidan nishonlanib kelinadi.
Bahoriy teng kunlik Navroʻz bayrami fors-tojik xalqlari bilan bir qatorda, turkiylar uchun ham muqaddas, milliy bayram hisoblanadi. Baʼzi manbalarga koʻra, Navroʻz ‒ soʻnggi muzlik davri tugashidan bir oz oldin, aniqrogʻi, oʻn besh ming yil avval vujudga kelgan ekan.
Qadimgi Eronning afsonaviy shohi Jamshid haqidagi “Navroʻzi Jamshid” afsonasi bevosita ushbu ulugʻ ayyomga nisbat beriladi.
“Amoo Navroʻz“ nomli fors, shuningdek, Afgʻonistonda keng tarqalgan afsonaga koʻra, Nanex Novrouz Amoo Novrouzni kutadi, lekin yangi yil kirib kelganida uxlab qoladi. Amoo Novrouz u uxlab yotganida kelib ketar, bu voqea har yili takrorlanaverardi. Afsonaga monand bitik hind mifologiyasida ham uchrashini qayd etish joiz.
Qadimgi va mumtoz Eron musiqasida teng kunlikka oid maxsus kuylar va qoʻshiqlar bor. Ular “Novrouz-e Xara”, “Naz-e Novrouz”, “Yaad-e Novrouz”, “Novrouz-e Saba” va “Novrouz-e Xordak” deya nomlanadi. Usmonli turk imperiyasida ham shunga oʻxshash kuy va musiqalar yangragani haqida maʼlumotlar saqlangan.
Ona yurtimizda
“Navroʻz”, “Muborakbod”, “Shohmoylar”, “Sumalak”, “Boychechak”, “Binafsha” kabi xalq ogʻzaki ijodi namunalari Oʻzbekistonda bugungi kunda ham xalq tomonidan sevib ijro etiladi.
“Boʻzqurt” nomli turk hamda Oʻrta Osiyo mamlakatlarida yoyilgan afsonalarda yuqorida nomi zikr etilgan Nanex Novrouz va Amoo Novrouz haqida soʻz boradi.
Bayram haqidagi ma’lumotlar Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Umar Xayyomning “Navroʻznoma” asarlarida uchraydi. Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk”ida Navroʻzga bagʻishlangan xalq qoʻshiqlari keltirilgan.
Oʻrta osiyolik tarixchi olim Abu Bakr al-Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida Navroʻz kuni Siyovush qabri boshida odamlar xoʻroz soʻyishlarini va bunga uch ming yildan ortiqroq vaqt oʻtganini yozgan.
Bundan tashqari, Narshaxiy dehqonlarning Navroʻzda aytiladigan Siyovush nomi bilan bogʻliq qoʻshiqlari haqida ham toʻxtalib, “Bu gaplar boʻlib oʻtganiga hozir uch ming yildan koʻproq vaqt oʻtdi”, ‒ deydi.
Ushbu maqolada ushbu ulugʻ bayramning turkiy xalqlar, shuningdek, ularga qoʻshni boʻlib istiqomat qilgan xalqlarda nishonlanishi, urf-odatlar haqida fikr yuritishni lozim topdik. Umid qilamizki, ushbu maʼlumotlar siz azizlar uchun albatta as qotadi.
Qoraqalpogʻiston
Qardosh qoraqalpoq xalqi Navroʻzi Olamni koʻtarinki kayfiyatda kutib oladi. Sumalak, 7 xil dukkakli oʻsimlikdan bayram goʻjasi tayyorlanadi. Jiru jarma, ijang, taxan degan milliy taomlar pishiriladi.
Sumalak tarofida oʻyin-kulgu qilinib, yil omadli kelishi tilanadi, sumalak kovlanganda niyatlar qilinadi.
Juweri goʻje(Joʻxori goʻja, qoraqalpoqlar joʻxorini juweri deb ataydi)ga juveri (joʻxori), loviya, mosh, guruch kabi dukkakli oʻsimliklar solinadi. Eʼtiborlisi, juweri ekini faqat “Juweri goʻje”ga qoʻshiladi.
Qozogʻiston
Qozoq xalqi Navroʻz kuni Navroʻz koja tayyorlaydi. Buning uchun qozonga 7 xil turli dukkakli oʻsimliklar solinadi. Koʻklamda bu ovqat juda tanga darmondir.
Koʻpkari uyishtirilib, sumalak tayyorlanadi. Qishloqdagi chaqaloqlar toy-toy qilganda, “tushov kesuv” anʼanasi bajariladi. Buning uchun 3 xil: oq, yashil va qizil iplar yigiriladi. Yashil koʻklam, yashillik, hayot, oq yaxshilik, poklik, qizil tanamizdagi qon, ham milliy rangdir. Daryo kezgan, yoshi ulugʻ, yoʻl yurgan momo va buvalar oyoq bosgan bolajonlar oyoqlaridagi 3 xil ipni irim qilib kesishadi. Bunda bolajonlarga uzoq umr, kayvonilardek uzoq va sermazmun hayot kechirish tilanadi.
Qozog‘istonda Navro‘z – Ulis Kuni (Yangi yilning ilk kuni) yoki Ulistin Uli Kuni (Xalqning buyuk kuni) deyiladi. Bayram ular uchun yangilanish, do‘stlik, mehr-muruvvat hamda bahor ayyomi bo‘lib, qozoq qardoshlar Yilboshini nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘radi. Uy, mahalla, guzarlar tozalanib, obodonlashtirish ishlari olib boriladi.
Bayram dasturxon turli noz-ne’matlar bilan bezatilib, bosh taom sifatida hayot uchun zarur yettita unsur ‒ suv, go‘sht, yog‘, tuz, un, sut hamda boshoqli o‘simliklardan tayyorlangan Nauriz-koje tortiladi. Bovurlar uchun bu mahsulotlar quvonch, omad, salomatlik, kuch-quvvat va mo‘l-ko‘lchilik ramzidir.
Shuni alohida qayd etish lozimki, qozoqlar uchun Navro‘z bayrami kuni 7 raqami juda muhim. Haftaning yetti kuni, Nauriz-koje tarkibidagi 7 hayotbaxsh mahsulot, qardoshlarning 7 ta uyga kirishi va 7 nafar mehmon chaqirishi shular jumlasidan.
Turkmaniston
Avvalo, turkman xalqida Navro‘zga to‘y sifatida qaraladi. Kimning uyida aʼza yoki shunga o‘xshash holat bo‘lgan bo‘lsa, u uyda hattoki bug‘doy undirilmaydi, sumalak ham tayyorlanmaydi.
Navro‘z bayrami turkman xalqi orasida turli nomlarda nomlanishi yoki yoʻnalishlarga bo‘linishi odat tusiga kirgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, Hazrat Alisher Navoiy o‘z asarida quyidagicha nomlarni keltirib o‘tgan: Navro‘z Buzurg (Buyuk Navro‘z), Navro‘z Kuchek (Kichik Navro‘z), Navro‘z Husayn, Navro‘z Sulton, Navro‘z Rast (Yorug‘ Navro‘z).
Turkmanlarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan azaliy an’analaridan yana biri bayram tantanasida “Shomon olovi” ustidan sakrashdir. Qadimgi o‘g‘uz chorvalari o‘tloqqa chiqqach, o‘z podasini ikki o‘t – “Shomon o‘ti” orasiga haydab olib oʻtgan.
“Shaman olovi” oʻgʻuzlarning diniy eʼtiqodlaridan biri boʻlib, undan sakrab oʻtganlar gunoh va darddan xalos boʻladilar, deya hisoblashgan. “Olov ostida ofat qolmaydi” degan qarash bilan bu urfni amalga oshirishadi.
Turkman xalqi Navro‘z Olamni “Oyterak-kunterak”, “Munchoq otdi”, “Oltin kosa”, “Uzuk topdi” kabi milliy o‘yinlar, kurash, ot poygasi kabi sport turlarisiz tasavvur qila olmaydi.
Navro‘zda undirilgan bug‘doyning maʼlum qismi sumalakka solingach, qolgani dalaga ekiladi, bu baxt keltiradi deb qaraladi. Kechqurun ilohiy taom ‒ sumalakning usti yopilib ertalab tayyor bo‘lganda, unda Oysha-Fotima onalarning barmoq izlari aks etib, bu sumalak qilingan joyga qut-baraka olib kelar emish.
Turkman xalqida Navro‘zdagi ko‘pchilik qadriyatlar, urf-odatlar yer, yer ilmi, ekin ekish, yaxshi va barakali hosil olishga borib taqaladi.
Qiziq jihatlardan yana biri, Navroʻz kuni Turkmanistonda yana ikkita bayram – “Ayollar kuni” va “Onalar kuni” ham keng nishonlanadi.
Qirgʻiziston
Qirg‘izistonda mart oyi Nooruz deb ataladi. Agar-da, bayram kuni chaqaloq dunyoga kelsa, unga oy nomi beriladi. Qirgʻizlarda aynan shu kuni qor yog‘ishi esa yaxshilik alomati hisoblanadi.
Qirg‘iz qardoshlar ham bahor bayramini katta shodiyona bilan kutib oladi. Har bir qirg‘iz oilasida dasturxon yozilib, turli noz-ne’matlar bilan bezatiladi. Uylarga mehmonlar taklif etilib, dasturxonga sumalak tortiladi. Bu yerda Navroʻz arafasida bir-biridan arazlagan insonlar yarashib, olingan qarzlar egasiga qaytarilishi odat tusiga kirgani tahsinga sazovor.
Ozarbayjon
Ozarbayjonliklar Navroʻzni nishonlashdan oldin, odatda, bir necha oldingi kunlarni nishonlaydilar. Bu eski kunning tugashi va yangi yilning boshlanishi munosabati bilan katta bayramlarga tayyorgarlik koʻrish demakdir.
Yilning oxirgi haftasida ozarbayjonlik har bir oila oʻz uyining tomida shu oilada qancha odam istiqomat qilsa, shuncha mashʼala yoqishi, gulxanlar lovillab yoqilishi kerak.
“Mening barcha mashaqqatlarim sen uchun, shodliging esa men uchun” degan so‘zlarni aytar ekan, hamma kattayu kichik yonayotgan olovdan sakrab o‘tishi kerak. (Soʻzma-soʻz tarjimasi: “Sariqligim sizga, qip-qizilligim menga”). Bu holatda olovni suv bilan toʻldirmaslik talab etiladi. Yong‘in o‘chganidan so‘ng, yigit-qizlar kulni yig‘ib, qishloq chetiga yoki yo‘lga to‘kib tashlashadi.
Chorshanbalar ozar xalqiga xos odatdir. Baʼzi qadimgi manbalarda aytilishicha, koinot 4 unsur ‒ suv, havo, tuproq, olovdan iborat. Har yil 4 chorshanba Navroʻzdan, kun va tunning tenglashishidan avval nishonlanadi. Yaʼni inson suv, olov, havo, tuproq bilan bogʻliq.
Birinchi suv chorshanbasi deyilib, bahorda daryolar daryoga tushib, muzli yerlar buloqqa aylanadi. Tuproq asta-sekin iliqlasha boshlaydi. Qızlar buloqlardan shirin suv keltirib, uyning atrofiga sepadilar, yuzlarini yuvadilar.
Ikkinchisi ‒ olov chorshanbasi boʻlib, bahorda quyosh asta-sekin tuproqni qizdiradi, insonni yaratmoq uchun tayyorlaydi. Olov chorshanbasida gulxanlar yoqiladi. Har bir oila aʼzosi uchun sham yoqiladi.
Uchinchisi havo chorshanbasidir. Yaʼni shamol yerdagi daraxtlarni, gullarni silkitadi.
Toʻrtinchisi tuproq chorshanbasi. Tuproqni ona tabiat suv bilan ishlatib, quyosh-la isitdi, insonni yaratmoq uchun hozirladi. Ilk bahor ekinini tuproq chorshanbasi kuni ekish boshlangan, deya ishoniladi. Keksa ayollar “bugʻdoyni, meni asra” deb duo qiladilar.
Turkiya
Bahorning kelishidan darak beruvchi Navro‘z bayrami Turkiyada 20-23 mart kunlari nishonlanadi. 22-mart kuni esa xalq turli tansiq taomlar pishirib, Navro‘zga tayyorgarlik ko‘radi. Taʼkidlash joizki, bu bayram asosan, Osiyoga yaqin mintaqalarda yashovchi turklar hamda boshqa yerlardan koʻchib kelgan turkiy xalqlar orasida nisbatan kengroq ommalashgan.
Bayramning eng muhim tamoyili olov yoqishdir. Bu kechada Tongel deb atalgan otashlar yoqilib, tilak aytiladi va olovdan sakrab o‘tiladi. Undan sakrab o‘tgan har bir kishining tilaklari ijobat bo‘lib, barcha kasalliklardan xalos bo‘ladi, deb ishoniladi.
Shu kun uchun maxsus tuzilgan va 7 xil taomdan iborat “Navro‘z dasturxoni” ga jamoa bo‘lib o‘tiriladi. Yilning to‘kin-sochinlik bilan o‘tishi uchun yozilgan dasturxonda hamma istagan taomini yeydi va bir-biriga yilning shu yo‘sinda to‘qchilikda o‘tishini tilaydi.
Afg‘oniston
Afg‘onistonda Navro‘z bayrami kuni barcha yangi kiyimlar kiyib, do‘stlari va yaqinlari uchun sovg‘alar hozirlaydi. Bayram stoli uchun maxsus shirinliklar, mazali taomlar tayyorlanadi.
Dasturxonda, albatta, mevalar, yong‘oq va 7 xil mevadan tayyorlangan sharbat bo‘lishi shart. Oiladagi farzandlar soniga qarab, shuncha miqdorda tuxum qaynatiladi va turli ranglarga bo‘yaladi.
Bayram arafasida ko‘chalar odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Yigitlar xalq o‘yinlarini o‘ynasa, qizlar lola sayliga chiqadi.
Ammo Afg‘onistonning baʼzi hududlarida ayyom kuni hech kim ko‘chaga chiqmaydi. Boisi, ushbu xalq 21-martda oila a’zolaridan birortasi uydan chiqsa, kirib kelayotgan yilda biror ko‘ngilsizlik bo‘ladi, deb hisoblaydi. Shuningdek, yil omadli kelishi uchun aynan shu sanada yig‘lash, asabiylashish va bolalarni jazolash man etiladi.
Afsuski, yaqinda qoʻshni Afgʻonistonda Navroʻzi olamni nishonlash hukumat tarafidan taqiqlandi. “Tolibon”ning ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish bo‘limi Navro‘z bayramini sevishganlar kuni bilan tenglashtirdi.
Tojikiston va Eron
Tojikistonda insonlar bir-birlarining uylariga “Navruz muborak bod!”, “Navruzaton piruz bod”, deb kirib boradi. Xonadonlarda bayram uchun alohida bayram dasturxoni bezatiladi.
An’anaga ko‘ra, dasturxonga yetti xil taom tortiladi. Bundan tashqari, stolga ko‘zgu, shamlar va turli ranglarga bo‘yalgan tuxumlar qo‘yiladi. Ularning bari ramziy ma’no kasb etib, shamlar ‒ insonni yovuzliklardan saqlovchi yorug‘lik bo‘lsa, tuxum va ko‘zgu eski yilning tugab, yangi yilning kirib kelganini bildiradi.
Eronda qadimda Navro‘z bayrami naq 13 kun nishonlangan. Tantana so‘ngida odamlar maydonga to‘planib, yangi yilni kutib olgan. Xalq eski yilning so‘nggi kuni xursandchilikda o‘tsa, kelayotgan yil baxt va mo‘l-ko‘lchilik olib keladi, deb hisoblagan.
Navro‘zni 13 kun nishonlash an’anasi Eronda hozirgacha saqlanib qolgan. Bayramning birinchi 5 kunida insonlar yaqinlari va do‘stlarining uyiga mehmonga borsa, qolgan kunlari xalqning milliy marosim va urf-odatlari ado etiladi.
Bayram arafasida eronlik ayollar gulxan atrofida aylanib, o‘yinga tushadi. Shahar ko‘chalarida esa qizil libos kiygan aktyorlar turli tomosha, sahna koʻrinishlari ko‘rsatib, yurtdoshlarining kayfiyatini ko‘taradi.
Hindiston
Buni qarang-ki, Hindistonning kattagina hududida yashovchi aksariyat hindlar ham yangilanish ayyomini 21-mart sanasida nishonlar ekan. Shu kuni oila davrasida milliy urf-odatlar, qadriyat va an’analar ado etilib, bayram uchun maxsus gulchambarlar, shirinlik va sovg‘a-salomlar tayyorlanadi.
Yigitu qiz, erkagu ayol katta gulxan yoqib, uning atrofida aylanadi. Ko‘chalarda sho‘x kuy-qo‘shiqlar yangrab, maroqli hordiq chiqarish uchun turli tomoshalar namoyish etiladi.
Qayerda va qaysi xalqlar?!
Eron, Afgʻoniston, Iroq, Suriya, Ozarbayjon, Bahrayn, Livan, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi (Boshqirdiston, Tatariston, Dogʻiston), Hindiston, Tojikiston, Turkiya, Albaniya, Makedoniya, Kurdiston, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va boshqa yerdagi fors va turkiy millatlar Navroʻzi olamni nishonlashadi.
Oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman, uygʻur, ozarbayjon, turk, Eron ozarbayjonlari, Afgʻoniston oʻzbeklari kabi turkiy xalqlarda keng tarqalgan.
Xalqaro hamjamiyatdagi oʻrni
2010 yil 23 fevralda Turkiya, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Iroq, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Tojikiston hamda Turkmanistonning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 21-martni ‒ “Xalqaro Navroʻz kuni” deb eʼtirof etish haqida qaror qabul qilgan.
YUNESKO talqiniga koʻra, Navroʻz muhim oilaviy anʼana boʻlib, bu bayramda pishiriladigan taomlar tozalik, farovonlik va boylikni ifoda etadi.
BMTning maorif, fan va madaniyat tashkiloti hisoblangan YUNESKO bu bayramni insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritgan boʻlib, bayram turli tillarda Nawrouz, Novruz, Nowrouz, Nowrouz, Nawrouz, Nauryz, Nooruz, Nowruz, Navruz, Nevruz, Nowruz, Navruz deb nomlanadi.
Oʻxshash va farqli tomonlari
Umumiylik: sumalak, bayram taomi, 7 soni: 7ta uyga mehmon boʻlish, 7 xil taom tayyorlash, 7 xil shirinlik tortish kabilar, olov ustidan sakrash, yangi kiyim kiyish, bir-biriga shirinlik ulashish.
Farqli jihatlari: sanada farq bor, 20-23 marta oraligʻida nishonlanadi, bayram nomlanishi ham turfa xil, baʼzi turkiylarda bayram kuni yomgʻir yo qor yogʻishi toʻkin-sochinlik, qut-baraka hisoblansa, baʼzilarida aksi.
Davronbek ORIPOV,
Komila HAMROYEVA,
turkona.uz muxbirlari