“Kitobi Dada Qo‘rqut” ‒ Turkiy xalqlarning mushtarak eposi
Xabaringiz bor, joriy yilning aprel oyida Ozarbayjonning Boku shahridagi Xalqaro Maqom Markazida o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Kitobi Dada Qo‘rqut” eposining taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi.
Tadbirda Ozarbayjon Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Elnur Aliyev, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi va Toshkent shahridagi Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi rahbariyati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, deputatlar, akademiklar, adabiyotshunoslar va boshqa mehmonlar ishtirok etishgandi.
Qayd etish lozimki, ushbu xayrli ish O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Ilmiy-ommabop manbalarda «Dada Qo‘rqut», «Qo‘rqut ota kitobi», «Dada Qo‘rqud dostonlari», «Kitobi Dadam Qo‘rqut» kabi turli nomlarda ataladigan umumturkiylar mushtarak eposining to‘liq nomi «Kitobi dadam Qo‘rqud ila lisoni toifayi o‘g‘uzon»dir. Bu o‘g‘uz tilida bitilgan Dadam Qo‘rqud haqida kitob deganidir. Uning arab alifbosida bitilgan matnida Qo‘rqut otaning ismi «Qo‘rqud» shaklida qayd etilgan.
Ushbu kitobga qadar ham O‘zbekistonda ushbu eposni ona tilimizga tarjima variantlari dunyo yuzini ko‘rgandi. 2019-yili atoqli folklorshunos Safarboy Ro‘zimboyev tomonidan turkiy xalqlarning mushtarak eposi tarjimasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini alohida ta’kidlash joiz.
‒ Turkiy xalqlarning bebaho durdonasi hisoblangan “Kitobi Dada Qo‘rqut” madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, tilimiz, dinimiz, shuningdek, Ozarbayjon o‘tmishi, toponimlari haqida atroflicha ma’lumot bera oladigan milliy o‘ziga xoslik manbaidir, ‒ deydi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov. ‒ Nashrning o‘zbek tiliga tarjimasi eposning qardosh o‘lkada ko‘proq ommalashtirish va o‘qish imkonini beradi.
Tarjimon Boboxon Muhammad Sharif tarjimasi aynan asl nusxadan tarjima qilingani, asl manbadagi tarixiy so‘zlar, go‘zal iboralar hamda davr muhitini o‘zida aks ettira olgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ta’kidlaganidek, “Kitobi Dada Qo‘rqut”ning o‘zbekcha nashri turkiy xalqlarning birligi, butunligini ta’minlashga, birgalikda munosib hayot tarziga erishish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash borasidagi orzu-umidlari ushalishiga katta hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Davronbek ORIPOV,
turkona.uz muxbiri