Zaynab Xonlarova ‒ 86 yoshda!
Bugun jahon sahnalarini zabt etgan, shirali, dilga tanish ohanglari bilan har bir qalbga yetib borgan, XX-XXI asr afsonasi, oʻz ta’biri bilan aytganda “Har elda, makonda hurmat qozongan, qoʻshiqlari dunyo kezgan sanʼatkor, dunyoning eng baxtli ijodkori”, Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Armaniston SSSR xalq artisti, dunyo zaynabi, Haydar Aliyev ordeni laureati, xalqlar eʼtirofidagi sanʼatkor Zaynab Xonlarova 86-yoshni qarshiladi.
Zaynab Yaxyo qizi Xonlarova 1936-yil 28-dekabrda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Yaxyo va Parijahon Xonlarovlar oilasida tavallud topgan. Oilada besh farzandning toʻrtinchisi boʻlgan Zaynabning qalbiga Bokuning ko‘pchilik ishchilari kabi, neft konlarida ishlagan otasi tomonidan xalq musiqasi va she’riyatiga mehr-muhabbat singdirilgan. 1956-yilda M.A.Sobir nomidagi Boku Pedagogika maktabini va 1961-yilda A.Zeynalli nomidagi Boku Musiqa Texnikumini bitirgan. Oʻsha yildan Opera va Balet teatrining solisti vazifasida faoliyatini boshlaydi. U.Hojibeyovning “Layli va Majnun”, “Asli va Karam” operalarida Layli va Asli, Shafig‘a Oxundovaning “Kelinlar qoyasi” operasidagi “Sanam”, Muslim Magomayevning “Shoh Ismoil” operasidagi “Arabzangi” obrazlarini gavdalantirgan. U deyarli barcha repertuar spektakllarida bosh rollarni ijro etgan.
Zaynab xonimning repertuarida mug’omlar, ozarbayjon xalq qo‘shiqlari, bastakorlik kuylari, sharq xalqlari ashulalari katta o‘rin tutadi. Zaynab Xonlarova Ozarbayjon ayol xonandalari orasida “Chorgoh” mug‘omining ilk ijrochilaridan biridir.
1975-yilda A.Boqixonov nomidagi Ozarbayjon radio va televideniyesi xalq cholg‘u asboblari ansamblining solisti va badiiy rahbari bo‘ldi. “Chorgoh” (“Chahargoh”), “Mahur-Hindi”, “Gatar”, “Xarij segah”, “Humoyun”, “Bayoti-kurd”, “Shahnaz”, “Bayati Shirnaz”, “Tasnif” mugʻomlarini professional darajada ijro etgan. Alohida eʼtirof etish kerakki u hozirga qadar jonli ijroda qoʻshiq kuylaydi. Uning estrada repertuarida Tofiq Guliyev, Orif Melikov, Alekper Tagiyev, Emin Sobitog‘lu, Qora Qoraev, Fikret Amirov va boshqa taniqli bastakorlarning qo‘shiqlari bor. Unga atab yuzlab koʻrsatuvlar qatorida u haqda “Salom, Zaynab!” hujjatli televideniye filmi suratga olingan va Toshkentda Tursuntosh Jabborovning “Dunyolarni kezar Zaynab sadosi” nomli kitobi chop etilgan.
Siyosiy faoliyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, 1985-yil 24-fevralda Zaynab Xonlarova XI chaqiriq 333-sonli Mirbashir saylov okrugi bo‘yicha Ozarbayjon SSR Oliy Kengashi deputati etib saylandi, ayni paytda Oliy Kengashning madaniyat masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zosi etib tayinlandi. 1990-yil 30-sentabrda Xonlarova 266-son Boku saylov okrugidan XII chaqiriq Ozarbayjon SSR Oliy Kengashiga deputat etib saylangan.
Xalq artisti 1995-yil 12-noyabrda 86-sonli Terter saylov okrugidan, 2000-yil 5-noyabrda — 62-sonli Qobustan-Xizi-Siyazan saylov okrugidan, 2005-yil 6-noyabrda Kobuston-Xizi-Kubadan Milliy Majlisga deputat etib saylangan. 50-sonli saylov okrugi, 2010-yil 7-noyabr va 2015-yil 1-noyabr — 50-sonli Kobustan-Xizi-Sumgayit saylov okrugidan. 1995-yildan boshlab xonanda Milliy Majlisning Madaniyat komissiyasi aʼzosi.
Zaynab Xonlarova Filmografiyada ham salmoqli ijod qilgan, xususan, Obsheron ritmlari (1970), G‘alati odam (1979), Nagʻmakor tuproq (1981), Uzeyir umri (1981), Salom Zaynab (1982), Shart (1984), Hoji Orif (1995), Aliyevning qoʻli (2000), Omad formulasi (2007) va boshqalar shular jumlasidandir.
Oʻzining 60-yildan ortiq ijodi davomida ozarbayjon, turk, oʻzbek tillaridan tashqari arab, hind, arman, yapon, gruzin, yunon va boshqa tillarda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida xususan, Rossiya, Ukraina, Latviya, Moldova, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Hindiston, Xitoy, Eron, Iroq, Misr, Isroil, Turkiya, Gruziya, Armaniston, Bolgariya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Avstriya, Finlyandiya, Shvetsiya, Chexiya va Ozarbayjonning barcha shaharlarida konsert dasturi namoyish etgan.
Oilali, ikki nafar Ramil va Ramal ismli farzandning onasi va oʻnga yaqin nabiralarning sevimli buvijonisi..
Zaynab Xonlarovaga uzoq umr, oilaviy saodat va sihat-salomatlik tilaymiz.
Rahmon ERGENCH tayyorladi