Afsonadan haqiqatgacha ‒ Xaribulbul
O‘zligimizni anglaganimizdan beri ongu shuurimizga singib ketgan muqaddas yurt nomi bor ‒ Shusha! Muazzam tarixi, sirli tabiati, fusunkor flora va faunasi ila jahonga mashhurdir Shushamiz… Bu hammasi emas, Shushaning tillardan tillarga doston bo‘lgan, afsona va rivoyatlarga evrilgan Xaribulbuli bor.
Xaribulbul oddiy bir gul yoxud asrlar sinovida toblangan xalqning g‘alaba ramzidir. Xaribulbul oddiy gulmi yo Vatanning o‘zi?
Xaribulbul azamatlik, yengilmaslik demakdir. U haqdagi afsonalardan biri haqida to‘xtalmasdan iloj yo‘q. Unga ko‘ra, kunlardan bir kuni bulbul o‘z sevgilisi bilan ko‘rishmoqchi bo‘lgan paytda, kuchli shamol turadi. Shamolning maqsadi bulbulning oldida gulni xo‘rlash edi. Bil’aks, u o‘z kuchiga ortiqcha baho berib yuborgan edi. U butun olamni changga o‘rab, harakatlana boshlagan payt, barcha jonzotlar uning oldida ta’zim qilishdi. Qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganlarni tuproqqa ko‘mib tashladi. Qarshisida ulkan chinorlar, ulug‘vor sarv, tikanli tollar egilishga majbur bo‘ldilar. Faqatgina nozik, chiroyli, xushbo‘y atirgulgina shamolga, uning tazyiqiga bo‘yin egmadi. Buni ko‘rib, shamol g‘azab otiga mindi:
‒Ey nafis, ey zaif gul, sen nimangga ishonib menga bosh egmayapsan? Sen buncha kuchni qayerdan olayapsan?
Gul ishonch-la javob berdi:
‒Muhabbatdan. Uning kuchi yengilmasdir. Oshiq viqorli bo‘ladi, hech kimsaga bosh egishni istamaydi. Men bulbulni sevaman. Uning pok muhabbati meni bosh egishimga yo‘l qo‘ymaydi.
‒Ko‘ramiz. Sen muhabbatingni sinaysan, men esa kuchimni…
Shamol shunday deya qattiq esa boshladi. Bu vaqtda bulbul sevgilisini ko‘rgani yo‘lga chiqqan edi. Shamolning qahriga gul bardosh bera olmay, yaprog‘idan ayrildi. G‘alabasidan sarmast shamol yanada qattiq esa boshladi. Bulbul shosha-pisha sevgilisi tomon oshiqdi. Ko‘ksini sekin-asta gulining ko‘ksiga bosdi. Shamol yanada g‘azablandi. Bulbul gulning egilgan qaddini rostlaydi. Biroq gulning xari (tikani) bulbulning ko‘ksiga sanchiladi. Gulining qaddi egilmasligi uchun ortiga bir qadam ham jilmaydi Bulbul, ammo jon taslim qiladi. Shundan beri o‘zini muhabbati uchun qurbon qilgan bulbulning nomi Xaribulbul bo‘lib qoladi.
Afsonadan ma’lum bo‘ladiki, gul shamol qarshisida aslo egilmaydi va Xaribulbul vujudga keladiki, bu qaddi bukilmas xalqning g‘alaba timsoliga aylanadi.
Xaribulbul Vatanning, Ona diyorning ramzidir! Ehtimol, shu paytning o‘zida “Vatan bog‘i ol-alvondir, Xaribulbul yo‘q ichinda”, misralari yodingizga tushgandir. Keling, ushbu misralar tarixi bilan tanishsak, ko‘raylikchi, Vatan bog‘i qayerda ekan?
Eron shohi Qorabog‘ xonligiga hujum qiladi, urush paytida ulkan yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa ham Og‘a Muhammad shoh Qajar Shushani egallaydi. Bu yerning ov-havosi, fusunkor tabiati unga juda xush keladi. Biroq Shoh bu yerda uzoq yashay olmaydi. 1797-yili Og‘a Muhammad shoh Qajar suiqasd-la o‘ldiriladi.
Tabiiyki, ushbu hodisa Qorabog‘ xonligi va Eron orasidagi ixtilofni yanada murakkablashtirardi.
Og‘a Muhammad shoh Qajarning ikki singlisi hokimiyatga kelgan Fatali shohdan akasining qasosini olib berishni talab qila boshlaydilar. Ibrohim Xon qaytadan qonli urush boshlanishining oldini olishga intilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishga chaqiradi. Va qizi Og‘abegim og‘ani Fatali shoh nikohiga berishga rozi bo‘ladi, to‘y bo‘ladi ham.
Og‘abegim og‘a 1801-yildan 1832-yilgacha ‒ umrining so‘nggi kuniga qadar Vatan hasrati ila Tehronda yashaydi. Ammo bir ozarbayjon qizining Ona yurt sog‘inchiga mubtalo bo‘lishi minglab yurtdoshlari qoni to‘kilishining oldini oladi. Minglab qiz-kelinlar, mushtipar onaning ko‘z yoshi to‘kilmaydi. Biroq bir umrlik Vatan sog‘inchi, kindik qoni to‘kilgan yurtdan uzoqda yashash dardi uning misralariga ko‘chadi:
Men suyganim, qorabog‘,
Qora dastam, qorabog‘,
Tehron jannatga aylansa ham,
Yoddan chiqmas Qorabog‘.
Qorabog‘dan kelib Tehronda shoh zavjasi bo‘lgan Og‘abegim og‘ani ko‘ra olmaydigan kimsalar ushbu baytlarni Fatali shohga yetkazishadi, ustamonlik bilan deyishadiki, qorabog‘li bu “qizaloq” Tehronda yashab, uni yoqtirmaydi. Bundan ranjigan shoh Og‘abegim og‘ani huzuriga chorlaydi. Shoira hozirjavoblik ila shoh fikrini chalg‘itishga harakat qiladi:
‒ Men bunday demadim, Shohim! Sizga boshqacha xabar berishibdi, men bunday degandim:
Men suyganim, Qorabog‘,
Sheki, Shirvon, Qorabog.
Tehron jannatga aylanadi,
Yoddan chiqar Qorabog‘.
Bu hozirjavoblik Fatali Shohga xush keladi, ayni paytda Og‘abegim og‘aning ko‘zlaridagi g‘am-anduhni ko‘radi. Uni yanada ko‘proq hurmat qilgan holda, bu qayg‘uni kamaytirishni istaydi:
‒ Qorabog‘ga qaytishdan boshqa nimaiki tilaging bo‘lsa, unga yetkazaman.
Og‘abegim og‘a bir fursat mulohazadan so‘ng, jasoratini to‘playdi:
‒ Shoh sog‘ bo‘lsin! Qo‘rqamanki, arzim sizni ranjitib, uni amalga oshirishdan bo‘yin tovlarsiz.
‒ Fatali shoh bir oz takabburla:
‒ Biror marta so‘zimni qaytarib olganmanmi yo sening so‘zingni yerda qoldirganmanmi? ‒ deydi.
‒ Bo‘lmasa, ijozat bering, Ota yurtimdan keltirgan qiymatli toshlarni, jihozlarni sotay.
Fatali shoh hayronla javob beradi:
‒ Mening xazinamdagi pul kamlik qilib, shonu-davlatim senga kamliq qildimi? Butun Eron mamlakatining bor davlati sening qo‘lingda bo‘lgani holda, otang senga sovg‘a qilgan jihozlarni nega sotmoqchisan?
Og‘abegim og‘a yana aqlli javobi ila shohni hayron qoldiradi:
‒ Shohim, men sizning saroyingizda yashayman, kiygan kiyimimda, yegan nonimda sizniki. Bas, unda otam davlatidan keltirilgan bezak-jihozlar menga ne kerak? Qachon siz menga tuhfa qilgan tosh va qoshlar ila bezanaman? Sizning sovg‘alaringiz otam menga berganlaridan kattaroq va chiroyliroq. Har safar ustimdagi bezaklarga ko‘zingiz tushganda, sizning yodingizga ko‘hna adovat, mening yodimga marhum Otam, Vatanim Qorabog‘ tushadi. Mening o‘tmish xotiram sizga og‘irlik qilganidek, siznida qayg‘uga botirgan qadim iztiroblar menga og‘ir botadi. Bu iztirobdan bir umrga xalos bo‘lish ma’qul emasmi, shohim?!
Fatali shoh bir muddat o‘yga toladi, ushbu haq so‘zlarga javob topishga qiynalib, rozi bo‘lishga majbur bo‘ladi. Ammo bir narsadan xavotirda edi:
‒ Agar sening bezaku taqinchoqlaringni sotayotganingni bilib qolishsa, men nima degan odam bo‘laman? Meni xalq orasida sharmanda bo‘lishimni istaysanmi?
‒ Xotirjam bo‘ling, shohim! Siz mendan nonko‘rlik ko‘rmadingiz, bundan keyin ham ko‘rmaysiz. Inshaalloh, bu sirni yerda faqat ikkimiz va Alloh bilajak.
Lekin Fatali shoh hamon ikkilanardi:
‒ Pul senga nima uchun kerak? Nima yetishmaydi? Senga nima lozim bo‘lsa, qancha pul kerak bo‘lsa, men bera olamanku. Butun xazinam hamisha sening xizmatingda bo‘lsa!
Og‘abegim bu so‘zlardan shohning yumshayotgani sezib, tezda javob qaytardi:
‒ Haqsiz shohim. Ertadan boshlab butun saroyga mening o‘zim uchun xazina ochayotganingizni e’lon qilasiz. Men esa xazina evaziga tosh-qoshlarimni, jihozlarimni sotib, o‘zim uchun bir bog‘ barpo qilishni istayman. Shunday bog‘-ki, u yerda faqat o‘zim kezay. Bu bog‘ faqat menga tegishli bo‘lsin, undagi har bir gul, har bir daraxt mening xohishim-la ekilsinkim, hech kimsa ishimga aralashmasin.
Fatali shoh rozi bo‘ldi va ertasi kuni Og‘abegim og‘aga xazinasini ochganini e’lon qildi. Saroyga dunyoning yetti iqlimidan mohir bog‘bonlar taklif etiladi. Og‘abegim og‘a ularga o‘z fikrini bayon qiladi: “Shunday bog‘ bo‘lsinkim, Shushada o‘sgan har bir o‘simlik, daraxt va gul bu yerda o‘ssin”.
Ish boshlanib, Shushaning tog‘-daralaridan karvon-karvon tuproq keltiriladi. Shushada bitgan har bir o‘t-alaf, gul-chechak, daraxt ushbu bog‘ga ekilib, parvarish qilinadi. Va nihoyat, bog‘ tayyor bo‘ladi, shoiraning istagiga ko‘ra unga “Vatan bog‘i” deya nom qo‘yishadi. Hammasi risoladagidek bo‘lgach, Og‘abegim bog‘ga qadam ranjida qiladi. Bog‘ chindan-da go‘zal edi. Mahoratli bog‘bonlar bu yerga gulu chechaklardan tashqari, xuddi Shushaning tog‘-darasining havosini, atrini-da keltirmishlar edi.
Shoira bog‘ni kezib-aylanib, har narsa uning didiga mos ekaniga amin bo‘ladi. Lekin har qancha kezmasin, bog‘dan Xaribulbul gulini topa olmaydi. Bog‘da ishlagan jami bog‘bonlarni to‘plab, ularga muammoni bayon aylaydi. Bog‘ni barpo etgan qo‘li gul bog‘bonlar ishni qaytadan boshlash kerakligini anglashadi. Ammo har qancha urinishmasin, “Vatan bog‘i”da Xaribulbul ko‘karmaydi. Borgan sari bog‘bonlarning mashaqqatli mehnati oshar, Xaribulbul Shushadan Tehronning “Vatan bog‘i”iga obkelinar… Og‘abegim og‘a bundan hasrat-la nola qilardi:
“Vatan bog‘i” ‒ alvondir,
Xaribulbul yo‘q arosinda
Har yeri ol-alvondur,
Bag‘rim qondur, sari bulbul.
Aynan shu vaqtdan boshlab Vatan va Xaribulbul nomlari birga qo‘llaniladi.
Xaribulbul haqida aytilmish barcha so‘zlar uning go‘zalligi, fusunkorli sababidandir. Gulning qoq o‘rtasida go‘yo bulbul o‘tirgandek. Bulbul yelkasida ikki kichik qanot borki, gulning o‘z barglari rangidan biroz to‘qroq tusda. Barglardan xiyla kichikroq. Shuni bilingki, bu bulbulning qanotlaridir.
Xaribulbulning yana bir nomi Kavkaz Qosh Sahlabidir. Bu, urug‘lar bilan yetishtirilgan ko‘p yillik o‘simlik demak. Xaribulbul Orxideyalar oilasidan bo‘lib, Ofris (lotincha Ophrys) jinsiga mansub. Ofris saqlabkimlar oilasidagi o‘simliklar turiga kiradi. Ofrisning 50 dan ortiq turi mavjud (“Ophrys” yun. – “qosh”). Xaribulbul asosan Shushaning Jidir tekisligida o‘sadi. Aprel oyining oxiri ‒ May oyining boshlarida, taxminan 15-20 kun gullaydi.
Asosiy nuqtaga ham keldik! O‘tgan asrning 90 yillaridan boshlab, ya’ni Qorabog‘ni istilochilardan tomonidan bosib olingandan buyon “Xaribulbul” nomi qayg‘u, alam va ranj ila eslanardi. Ammo 2020-yilining 27-sentabrıdan boshlab, ulug‘ g‘alabadan so‘ng bu nomni biz mag‘rurlik hamda iftixor ila eslayapmiz. 44 kunlik muhorabaning har kunida “Atring kelar, Xaribulbul” deya g‘alabadan umid qildik. Va jasur o‘g‘lonlarimiz jasorati ila 8-noyabrda Shushamiz, Xaribulbulimiz ozod qilindi. Shu tariqa Xaribulbul Vatan uchun kurashning ramziga aylandi. Hamda o‘sha kundan buyon Xaribulbul biz uchun Vatan uchun bo‘lgan janggda shahid bo‘lgan o‘g‘lonlar porloq xotirasini yod etish kuni hamdir.
Bizning Xaribulbulimiz Muborizlarimiz, Po‘latlarimiz qoni ila kamol topgan. Bundan keyin hech kim uni bizdan tortib ololmajak. Vatan bog‘i ol-alvondir, Xaribulbul bor arosinda!
Yozib oluvchi: Maleyka Mirzali
Ozarbayjon tilidan Davronbek Oripov tarjimasi.
Maleyka Mirzali Azer qizi 1999-yilda Ozarbayjonning Boku shahrida tug‘ilgan. 2021-yilda Boku davlat universitetining filologiya fakultetini Ozarbayjon tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Hozirda shu universitetning turkologiya (tilshunoslik) yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olmoqda. Ozarbayjon va turk tillarida ko‘plab ilmiy va publitsistik maqolalar muallifi. Shuningdek, 2020-yilda Xalqaro Turkiy Akademiya ko‘magida o‘tkazilgan “i Turkshunoslik talabalari kongressi”ning asoschisi va Boku davlat universiteti turkologiya to‘garagi rahbari.
manba: ishonch.uz