Yolgʻiz boʻri

Vatan uchun ko‘nib taqdirga,
To‘lasa ham jon bilan o‘lpon,
O‘limga ham bordilar birga
Abdullayu Fitratu Cho‘lpon.
Keyin parvo qilmay yoshiga,
Bir-birini yurdilar qo‘llab.
Balo kelsa Erkin boshiga,
Na’ra tortib chiqdi Abdulla.
So‘ngra qo‘lga qo‘lini berib,
Qolmayin deb keyin armonga,
Shavkat Rahmon chiqdi qad kerib,
Aka bo‘lib Xurshid Davronga…
Ammo mening kelganda galim,
Nechun yotday boqib ko‘zimga,
Zotdor bo‘ri bo‘lar deb hali,
Chang soldilar qonli bo‘g‘zimga?!
Shundan dardin aytarin bilmay,
Nola qilar ko‘ksimda bir soz.
Faqat tunlar jo‘r bo‘lar menga,
A-u-v… A-u-v… degan bir ovoz.
Nasrullo ERGASH
2022